Ertasi kuni Malu chuqur uyqudan uyg’onadi. U hali ham Tokioda ekaniga ishonolmaydi. Xonasi Germaniyadagi uyiga qaraganda juda kichkina: futon, kichik stol va ozgina mebellar bor. Avvaliga o’zini yolg’iz his qiladi.
Shu payt eshik ortidan miyovlash eshitiladi. Malu eshikni ochishi bilan uy mushugi ichkariga yugurib kiradi. U mushukni yoqimli deb o’ylaydi, ammo uni ko’rgach hayratdan qotib qoladi. Mushuk semiz, tuksiz va juda g’alati ko’rinishda edi. Uni Bratto Pitto deb atashardi. Avvaliga Malu undan qo’rqadi, keyin esa asta-sekin unga o’rganishni boshlaydi.
Bir ozdan keyin Haruto kelib, Maluni nonushtaga chaqiradi. U ingliz tilini juda yaxshi biladi va Maluga yapon tilini o’rganishda yordam berishini aytadi. Malu Harutoning mehribonligidan xursand bo’ladi.
Pastga tushganda Nakano oilasi uni kutib o’tirgan bo’ladi. Hana unga yevropacha nonushta tayyorlagan: pankeyklar, qulupnay, tuxum va qahva. Malu oilaning g’amxo’rligidan juda ta’sirlanadi.
Shundan so’ng Aya Maluni Tokio aylantirishini aytadi. Ular Yoyogi bog’iga borishadi. Yo’lda Aya deyarli gapirmaydi. Malu esa Tokio ko’chalari, binolari va odamlarining kiyinish uslubiga qoyil qoladi.
Bog’da ular Kentaro ismli yigitni uchratishadi. U skameykada o’tirib rasm chizayotgan bo’ladi. Kentaro baland bo’yli, qora jingalak sochli, tanasida ko’plab tatuirovkalari bor yigit edi.
Aya Kentaroni ko’rishi bilan birdan hayajonlana boshlaydi. Malu esa buni darrov sezadi.
Kentaro nemis tilida gapira olishini aytganda Malu hayratda qoladi. Ma’lum bo’lishicha, uning onasi nemis bo’lgan va Kentaro bolaligida Germaniyada yashagan.
Lekin ularning birinchi suhbati yaxshi o’tmaydi.
Malu asabiylashib kulib yuboradi, Kentaro esa buni o’zini masxara qilyapti deb o’ylaydi. Keyin u Maluning boshidagi pushti shlyapani mazax qiladi. Malu ham javob qaytaradi. Ikkalasi bir-biriga achchiq gaplar aytishadi.
Suhbat davomida Malu undan:
— “Nega hamma meni gaijin deb chaqiryapti?” — deb so’raydi.
Kentaro tushuntiradi:
— “Gaijin” — bu “chet ellik”, “begona” degani. Men ham bolaligimda shunday atalganman. Avvaliga og’ir tuyuladi, keyin esa odam ko’nikadi. Tokio seni qabul qilsa, bu shaharni juda yaxshi ko’rib qolasan.
Bu gaplar Maluning xayolidan chiqmay qoladi.
Ular xayrlashayotganida Kentaro yana hazillashib Maluning shlyapasini masxara qiladi. Malu esa ichida:
“Bu yigit juda asabimga tegadi…” deb o’ylaydi.
Lekin o’zi ham bilmagan holda, Kentaro haqida qayta-qayta o’ylay boshlaydi.