Asosiy qahramon Malu ismli 16 yoshli nemis qiz. U almashinuv dasturi orqali bir yil Yaponiyada o’qish uchun Tokioga keladi. Bu uning eng katta orzusi bo’lgan, ammo samolyotdan tushgach, hammasi tasavvur qilganidan ancha qiyin bo’lib chiqadi.
Tokiodagi Shinjuku vokzali dunyodagi eng katta vokzallardan biri. Unda o’nlab platformalar va yuzlab chiqish yo’llari bor. Malu esa bir yarim soatdan beri adashib yuradi. Og’ir chamadonini sudrab yurishdan qo’llari og’riydi, och qolgan, juda charchagan va vahimaga tushadi. U qabul qiluvchi oilasi bilan UNIQLO do’koni oldida uchrashishi kerak, lekin topolmaydi.
Oxiri u jur’at qilib odamlardan yo’l so’raydi. Bir yapon erkak uni kerakli joygacha kuzatib qo’yadi. Malu unga juda minnatdor bo’ladi va nihoyat vokzaldan chiqadi.
Ko’chaga chiqqach, Tokio uni hayratda qoldiradi. Osmono’par binolar, neon chiroqlar, turli kiyimdagi odamlar, shovqin-suron — hammasi unga go’yo boshqa sayyoradek tuyuladi.
UNIQLO oldida uni Nakano oilasi kutib oladi:
mehribon ona — Hana,
quvnoq ota — Kiyoshi,
o’n yoshli sho’x bola — Haruto,
va 17 yoshli qiz — Aya.
Haruto juda samimiy kutib oladi. Ota-onasi ham juda mehribon. Ammo Aya sovuqqina salomlashadi. Malu unga qarab qolganidan uyalgani uchun ta’zim qilayotib chamadonining tutqichiga boshini urib oladi. Hamma biroz noqulay ahvolga tushadi.
Oiladagilar Maluning issiqdan qiynalayotganini ko’rib, unga soyabon, ventilyator, suv va quyoshdan himoya qiluvchi krem sotib olishadi. Malu ularning g’amxo’rligidan juda ta’sirlanadi.
Lekin Aya bir necha marta uni “gaijin” (“begona”, “chet ellik”) deb ataydi. Bu so’z Maluning ko’ngliga tegadi va u Tokiodagi yangi hayoti oson bo’lmasligini tushunadi.