Oradan bir hafta o’tib, hamma o’z ishiga sho’ng’ib ketgandi. Leyla o'ziga do’st orttirib, xonadonning boshqa xizmatchilari bilan yaqindan tanishib ham oldi. Bog’bon amaki Garri, qorovul Maks. Sheriklari Jeyn va Greys bilan yaqin dugona bo’lishga ham ulgurdi. Ular navbat bilan xonadon egalarining yotoqxonalarini tozalashga kelishib olishgan. Bu kungi navbat Leylaniki. Qolganlari esa oshxonada va hammomda. U barcha xonalarni tozalab bo’lgach, Reynorning xonasi tomon yo’l oldi. Qo’rg’on yo’laklari juda uzun edi. Devorda avvaliga portretlar ketma-ketligi, albatta ular Jonson oilasiga mansub avlodlarning portretlari edi. So’ng, yog’ochdan ishlangan, o’ymakor naqsh bilan bezatilgan soat ilinib turardi. Undan keyin oila jamligi tasvirlangan surat. U suratda er-xotin va ularning ikki nafar farzandi tasvirlangan. Leyla devordagi suratlarga avval hech e’tibor qilmaganini sezdi. O’sha oilaviy suratga tikilib qarab: “ Bu aka-uka Jonsonlar bo’lsa kerak… kichigi o’sha dimog’dor Reynor Jonson. Bu suratda ko’zlari baxtdan porlayabdi. O’sha-o’sha tim qora ko’zlar, xuddi Jonson xonim, yani onasining ko’zlaridek. Bu yerda uning ko’zlari hozirgidek sovuq emas, albatta! Beg’ubor, baxtiyor… va samimiylik namoyon!Janob Richard esa otasiga o’xsharkan. Jigarrang soch va ko’zlar.” – deb o’ziga shivirladi. Leylani janob Jonson va Jonson xonimning haqiqiy aslzodalarga xosligi, qaddilari tik, yuzlari yuqori qaratilganligi, ko’z qarashi ularning o’ziga nisbatan kuchli ishonchini tasvirlashi o’ziga jalb qildi. Jonson xonimning nozik bo’ynidagi ko’zsimon tosh har qanday kishini e’tiborini tortardi. Bu markiz shaklidagi yirik oq olmos edi. Taqinchoq Jonson xonimning qat’iyatini, mag’rurligini va jasoratini shundoq namoyon qilib turardi. Reynorning xonasiga Leyla yetib keldi. Xonaga kirgach u yerdagi jovonda kitoblarning ko’pligini ko’rib, og’zi lang ochildi. Xona o’rtacha kenglikda, yotoqning chap tomonida katta deraza bor. U yerdan ko’m-ko’k keng maydon shunaqangi chiroyli ko’rinar ediki…oxiri yo’qdek. Shundoqqina deraza oldida kitob javon bo’lib, har bir kitob to’g’ri ketma-ketlikda taxlangandi. Qani endi shu payt Leylaning imkoni bo’lsa-yu, hammasini birma-bir o’qib chiqsa. Xonani chinniday tozaladi, hatto kitoblarni ham har qaysini bittalab artdi. Garchi ularda chang bo’lmasa ham. Ularga alohida e’tibor va mehr berilishi shundoq bilinardi. Shu payt xonaga kutilmaganda Reynor Jonson kirib keldi. U o’zining xonasida Leylani uchrataman deb o’ylamagan. Ularning bir hafta mobaynida deyarli ko’zi ko’ziga tushmagandi. Reynor birinchi bo’lib so’radi:
— Bu yerda nima qilyapsan?
Leyla Reynorning tashrifini albatta kutmagan edi. Tutilib-tutilib javob berdi:
— Tozalayapman… – Qarshisidagi insonning unga tik boqishi uni hayajonga soldi. Sukunatni haydash uchun: —Ajoyib kitoblaringiz bor ekan.
Reynor gapni qisqa qilib:
— Tugatgan bo’lsang, ketaver.
Leyla xona eshigi oldiga kelib, chiqib keta olmadi. Ortiga qarab, jur’at bilan:
— Sizdan o’sha kungi qo’polligim uchun uzr so’ramoqchi edim. Haqsiz, haddimni bilmay qoldim. Menga yana bir imkon berganingiz uchun rahmat– dedi.
Bu gapni eshitgan Reynor bir bosh silkidi qo’ydi. Uning nazarida Leyla takabburli shaxsdek ko’ringandi. Qarshisidagi insondan hech qanday sado kelmagach, shart xonadan chiqib ketdi va o’ziga-o’zi: “Ahmoqman, ahmoq. Miq ham etmadi. Undan kechirim so’ramasligim kerak edi” – deb o’zini koyidi. Teztez shoshganicha Jeyn va Greys tomon bordi. U dugonalariga bu haqda so’zlab berdi. Ular esa, Leyla to’g’ri ish qilganini, Janob Reynor asli yaxshi insonligini aytdi. Nima bo’lganida ham, ular bu uydagi oddiy ishchi, Jonsonlar esa xonadon egalari ekanligi haqida eslatishdi. Ertasi kuni Leyla asta-sekinlik bilan zinalar changini artayotgan paytda, yuqoridan “taraq-turuq” qilib, xolasi Anna tushib keldi, hansiraganicha:
— Leyla… qani…yur. Kristina va Jennifer xonim kelishdi. Ularni kutib olishimiz kerak! Ispaniya sayohatidan qaytishdi.
— Kim ular, xola?
— Jennifer, janob Richardning sevimli rafiqasi. Yodingda bo’lsa senga u haqida aytgandim. Turmush qurganlariga yaqinda o’n yil bo’ldi. Jennifer xonim juda mehribon va oqko’ngil ayol. Kristina xonim esa janob
Reynorning qallig’i. Taniqli dizayner, biroq fe’l-atvori biroz og’ir. Bilmadim nega endi janob Reynor aynan uni tanladi ekan. Ikkisi ham turli xildagi odamlar. Boshqa-boshqa olam. Ulardan ideal darajadagi juftlik chiqmasligi aniq.
— Juda ajoyibsizda, Anna xola! Buni bizga nima aloqasi bor, axir bu ularning shaxsiy hayoti-ku, – deya Leyla kulib yubordi.
Uy oldiga uch g'ildirakli mashina kelib to’xtadi. Motor mashinaning orqa qismida joylashgan – kichik, biroq uzluksiz “puff-puff” degan ovoz chiqarardi. G’azablangan samovar kabi. Haydovchi mashinadan tushib, orqa o’rindiqdagi xonimlarga qo’l uzatdi. Ular birin-ketin, avval Jennifer ortidan Kristina tushib keldi. Hovlining qoq markazida esa aka-uka Jonsonlar va ularning xizmatchilari bir qator bo’lib saf tortib turishardi. Ikkala ayol ham istarali, oq tanli, haqiqiy inglizlarga xos tashqi ko’rinishga ega.Jennifer o’rta bo’yli, sochlari och jigarrang va jingalak edi Richard rafiqasi Jenniferni sog’ingani yaqqol ko’rinib turardi:
— Azizam Jenni! Sayohatingiz ko’ngildagidek o’tdimi? O’rning juda bilindi!
— O, Richard! Sayohat ajoyib o’tdi, faqat bir nima yetishmadi-da!
— Nima?
— Sen! Xa-xa-xa…
Reynor va Leylaning nigohi shu payt beixtiyor to’qnashdi. Leyla ko’zlarini darrov olib qochdi. Unga nisbatan nafratni his qilardi. Reynor bo’lajak rafiqasini qanday qarshi olishi unga juda qiziq bo’ldi. U Kristinaning qo’lidan tutib ichkariga taklif qildi. Kristina baland bo’yli, qaddi-qomati kelishgan, istarali ayol edi. Uning kiyinish uslubi ham, nozik did egasi ekanidan dalolat. Sochlari jigarrang, ko’zlarining rangi bilan bir xil. Yelkalarini tik va boshini baland tutib yurarkan, unda o’ziga bo’lgan ishonch va biroz kibr borligini aks ettirardi. Mehmonxonada barcha o’z joyini egallagach, Leyla xolasi Anna bilan birgalikda dasturxonga taom tortishdi. Shu paytda Kristina:
— Yo’qligimizda anchagina o’zgarishlar bo’libdi shekilli?! Yangi
xizmatchilar…– dedi.
— Xa, Anna bir o’zi hamma ishlarga ulgurmayapti. To’y ham yaqin. Shuning
uchun unga yordamchi kerak bo’ladi deb o’yladik – dedi Richard. Annaga bir qarab kulib qo’ydi. Anna ham unga javoban jilmaydi.
U shu orqali o’z tashakkurini izhor etdi.
— To’g’ri o’ylabsiz. Unga yordamchilar kerak. Axir yoshi o’tyapti. Qarang, hatto menga qahva olib kelishni ham unutibdi. Doim kelishim zahoti qahva ichaman-ku – dedi achchiq kinoya bilan Kristina. Annaning tabassumi shu zahoti yo’qoldi.
— Ma’zur tuting xonim... yodimdan ko’tarilibdi – dedi Anna aybdorlik hissi bilan. — Kristina xonim, darrov olib kelaman, – dedi. O’zini qo’lga olishga urindi, ammo ohangida xafalik sezilardi. Leyla vaziyatni ko’rib, xolasining ranjiganini darrov sezdi. Oshxonaga undan avval yugurib kirib, bir finjon qahvani tayyorladi. So’ng ehtiyotkorlik bilan Kristina xonimning oldiga olib bordi. Qahvani unga qarata uzatdi.
— Marhamat, xonim! Qahvangizni tayyorlab keldim, - dedi muloyimlik bilan.
Kristina finjonga qaradi. Bir lahza hech nima demay, so’ng iljayib:
— Yangi xizmatchilar orasida hushyorrog’i bor shekilli, rahmat, – dedi. Nozik xatti-harakat bilan qahvani icha boshladi.
Reynor esa bu jarayonni jim kuzatdi. Nigohi bir lahza Leylaga tushdi. Uning halovatli, ammo qat'iy turishi, og'ir-bosiqligi bu qizda nimadir borligini bildirardi. Qandaydir o'ziga hos kuch, or-nomus va iftixor. Shunchaki oddiy xizmatkor emas, garchi atrofda buni hech kim ilg'amayotgandek bo'lsa ham, u buni allaqachon sezgan edi.
Jennifer suhbatni iliq ohangda davom ettirdi:
— Anna, bu yangi qizlar kimlar? Judayam e'tiborli, hushyor ko'rinishadi.
— Bu Leyla va Greys. Yaqinda ishga kirishdi. Ular menga yordam beryapti,
— dedi Anna.
Kristina bunday noodatiy ismni eshitgach hayratlandi, qo’lidagi finjonni asta stol ustiga qo’yib so’radi:
— Leyla? Avvallari bunday ism xatto borligini ham bilmagan ekanman!
Sukut saqlab, jarayonni diqqat bilan kuzatayotgan Reynor, mavzuga aralashdi, og’ir bosiqlik bilan:
— Xa, Leyla. Kelib chiqishi arabcha ism bo’lib, “tun”, “oqshom” degan ma’nolarni ifodalaydi. Bu ism onasiga juda yoqqan ekan, va u Uelsdan, – dedi.
Reynor ushbu gaplarini Leylaga tik qaragancha aytayotganini atrofda hamma sezdi. Anna jiyaniga bosh silkidi, ular xonani tark etishdi. Ketishi bilanoq Kristina:
— Qoyil, Reynor. Men haqimda hatto buncha ma’lumotni bilmaysan,– dedi kinoya bilan.
— Rashk qilyapsanmi? – so’radi Reynor, qoshlarini ko’tarib, bir kulgancha.
Richard va Jennifer hazil-huzul bilan mavzuni o’zgartirib yuborishdi. Kristinaning xayolidan bu narsa hech ham ketmadi. O’ziga o’zi savol beraverdi:
“ Tez kunda Reynor bilan to’yim bo’layotgan bo’lsa ham, ko’nglim bezovta. Hotirjam emasman. Odatda men to'lib-toshib Reyga o’zim haqimda gapirib berganimda uning yodida qolmasdi. Endi esa yonginamda qandaydir bir qiz haqida batafsil aytib bergani menga alam qilyapti! Nega?! Nima uchun?! Uni ilk korganimdayoq oshiq bo’lgandim. Qalbini zabt etishga ko’p urindim…biroq…
Unga turmushga chiqishni uddalayapman-u, qalbiga ega bo’lish baribir qo’limdan kelmayapti!”. Ko’z yoshlarini ko’rsatmaslikka harakat qildi. Ammo Jennifer buni sezgandek bo’ldi. Kristinaning otasi Jorj Vilson, o’limi oldidan Jonsonlarga qizini ularga omonat qilib topshirib ketayotganini, Reynor unga uylanib, doim g’amxo’rlik qilishini so’ragan.Jorj Vilson Jonsonlar oilasi bilan azal-azaldan qadrdonlar edi. Richard va Rey ota-onasining vafotidan so’ng, Jorj Vilson tomonidan ham moddiy ham manaviy yordam ko’rsatilgan. Bora-bora Kristina Vilson Jenniferning yaqin dugonasiga aylandi, Reynorning qallig’i bo’ldi biroq sevgan ayoli bo’lmadi. To’g’ri Kristina atrofidagi har qanday erkakni o’ziga rom qila oladigan darajada latofatli. Lekin bunday ta’sir “afsuni” Reynorga o’tmadi. Uni shu paytgacha ayollar, sevgi-muhabbat mavzulari qiziqtirmasdi. Reynorda Kristinaga nisbatan biroz bo’lsa-da yoqtirish hissi bor. Lekin uni “sevgi” deya atash noto’g’ri. Kristina esa barcha ayollar kabi Reynorga ilk tanishuvdayoq maftun bo'lgan. Unashtirilgach Kristina Jonsonlar qo’rg’oniga ko’chib o’tdi. Kristina xonasiga joylashayotganida Jennifer eshik qoqdi: “Taq-taq-taq!”
Kristina:
— Jenni, kelsangchi. Eshik qoqqaning nimasi?
Jennifer:
— Kelganim haqida xabar berdim-da!
Kristina:
— Nimadir yodinga tushdimi?
Jennifer:
— Boyagi voqeani ko’nglinga olma, ta’sirlanishinga arziguvlik sabab yo’q. Sen kimsan-u, u qiz kim?!
Kristina:
— Bilasanmi, har qancha urinmay bari samarasiz… Tan olib aytish kerakki, Reynor meni, Richard seni sevganchalik sevmaydi. Faqat buni qabul qilolmayapman. Juda og’ir…- yuzini mahzunlik egalladi.
Jennifer:
— Sen o’z muhabbating uchun kurash. Hamma narsaning imkoni bor.
Kristina:
— Albatta, shuning uchun ham shu yerdaman. Uning yonida. Lekin u mendan ancha uzoqlarda, qalban birga emasmiz.
Jennifer:
— Bas, yetar! Bu haqida boshqa eshitishni xohlamayman. Reynor senga uylanyapti. Endi uni o'zinga maftun qilishing qoldi, xolos. Nahotki endi shu oddiy narsa qo’lingdan kelmasa? Ayollik jozibangni ishga sol. Moda olamidagi barcha erkaklarni o’ziga jalb qilgan dizayner Kristina, bo’sh kelma.
Kristina boshini chayqab, kuldi. Shu bilan ularning suhbati tugadi. Bir necha kundan so’ng, uyda xizmatchilardan boshqa hech kim qolmadi. Xonimlar do’kon aylangani ketgan bo’lsa, janoblar doimgidek ishda. Quyosh odatdagidek charaqlab turgan bo’lsa ham, havo biroz iliq va nam edi. Yoz ham ha demay tugashiga oz qoldi. Salqin kuz yaqin. Leyla uyning hovlisida yuvilgan kiyimlarni ilib, ichkariga kirdi. Qarshisida Jeyn bir quchoq ko’ylaklarni tutib turganini ko’rgach, ko’zlarini katta-katta ochib:
— Bular yana nima? O’tinaman, faqat yuvish kerak dema. Axir hozirgina barcha kiyimlarni yuvib bo’ldim – dedi vahima bilan.
— Tashvishlanma. Bular nozik didli Kristina xonimning eski kolleksiyalaridan. Tashlab yuborish kerak ekan, eskirganmish, – dedi Jeyn,labini burgancha. Oshxonada hotirjamgina ovqatlanayotgan Greys, ikki dugonasini ko'rgach, oldilariga chopdi. Bir quchoq chiroyli liboslarni tashlab yuborilishi kerakligini eshitgan Greysning aft-angori o’zgarib ketdi.
— Essiz, shunday liboslar axlatga ketadimi? Qizlar, uni o’zimizga olib qolsakchi? – so’radi Greys. Uning gapini tasdiqlagan Jeyn:
— Ha, u to’g’ri aytyapti. Hech kim bu haqida bilmaydi, barbir axlatga ketadiku, – dedi.
— Shoshmang-shoshmang! Bu noto’g’ri. Ko’ylaklar bizga tegishli emas, – deya, Leyla turli qarshiliklar ko’rsatdi. Uni eshitishni xohlamagan dugonalari o’zlariga allaqachon birma-bir ko’ylaklarni tanlab bo’lishdi. Ularning orasida moviy rang bir ko’ylak ko’zga tashlandi. Juda serhasham edi. Moviy ipak atlasdan tikilgan bu libos, o‘ziga xos aslzodalik timsoli edi. Baland yoqali, tor belga urg‘u beruvchi korseti bor, orqasi esa uzun va nafis tortilgan turnyur bilan bezatilgan. Yenglari to‘liq, tirsakdan pastda kengayib, mayin dantellardan iborat manjetlar bilan tugallangan. Libosning ko‘krak qismi va etak chetlari kumush iplar bilan ishlangan kashtalar bilan bezalgan. Uni Greys qo’liga olib, Leylaning egniga tutdi:
— Buni bir qara, ko’zlaringni rangiga juda mos ekan. Kiyib ko’r – deya, uni ichkariga majburlab olib kirib ketishdi. Shu vaqtda xonadonga Tomas Gilbert tashrif buyurdi. Uni bog’ning qoq o’rtasida bog’bon Garri kutib oldi.
Garri:
— Xayrli kun, janob Gilbert. Xush kelibsiz!
Tomas:
— Salom, Garri. Ishlar yaxshimi? Reynor bilan tushda ko’rishishga kelishgandik.
Garri:
— Janob Jonson hali qaytmadi. Balki tez orada kelib qolar. Ungacha sizni ichkarida choy yoki qahva bilan mehmon qilishadi – dedi.
Tomas Gilbert Reynor Jonsonning shaxsiy hayotida do’sti, ishda esa biznes hamkori. Ko’p hollarda “do’sti” Reynorga nisbatan ichida xasad uyg’onadi. Chunki u doim Tomasdan bir qadam oldinda. Tadbirkorlik bo’yicha Reynor hammadan o’zib ketgan. Aqli va zehni bilan barchani lol qoldirgan. Shonshuhrat va olqishlar Reynor Jonson uchun. Tomas ham taniqli va boy oila a’zosi bo’lishiga qaramay, doim ko’zi och. Uchiga chiqqan xotinboz. O’rta bo’yli, kelishgan yigit. Sochlari jigarrang, iyagi biroz bo’rtib chiqqan. Ko’zlari naq zumrad rangli. Ichkariga kirdi, eshik oldidan uni Anna qarshiladi.
Anna:
— Xush kelibsiz, janob Gilbert!
Tomas Gilbert:
— Salom, Anna. Bugun ochilib ketibsizmi?
Janob Gilbertga toqat qilishni ham istamagan Anna:
— Men doim shundayman, – dedi kinoyali kulib.
Ayollarni mazax qilishni yoqtiradigan Tomas:
— Oxirgi marta sizni ko’rganimda, ahvolingizga qarab bo’lmasdi. Ko’rinib turibdi, anchagina ozibsiz – deb mazax qildi.Tishini tishiga qo’yib Anna:
— Nima ichasiz? Janob Jonson kelgunicha mehmonxonaga joylashib turishingiz mumkin – dedi.
Tomas esa jiddiy ohangda:
— Hozircha keragi yo’q. Uni shu yerda kutib turaman, hozir kelib qoladi, – dedi.
Devorga ilingan suratlarga qarab vaqtini o’tkazardi. Uzoqdan Reynorning kelayotganini ko’rdi. Shu paytda birdan ichkari xonadan qizlarning shovqini eshtila boshladi. Albatta, Tomas qizlarning jarangdor ohangi tomon bordi. Eshikdan sekingina mo’raladi:
- E, Xudoyim..! – dedi hayratlanib.
U joyidan qimirlamasdan, ichkaridagi holatni diqqat bilan kuzatardi. Ortidan Reynor kelib, nimalar bo’layotganiga tushunmay:
— Tomas, u yerda nima qilyapsan? Ximzatchilar yotoqxonasi-ku.
— Jim-jim! – pichirladi, qo’lini siltab. - Sen uyingda qachondan beri xazina saqlayapsan, do’stim?! – dedi ko’zlari o’ynab. – Bir qarasangchi.
Reynor hech nimaga tushunmay eshikni biroz qiyalab, qaradi. Tilini yutib yubordi. Qarshisida uyining oddiy bir xizmatchisi, ilk uchrashuvdanoq salbiy taassurot qoldirgan Leyla emas, butkul boshqa inson turgandek edi. Leylaning egnidagi ko’ylak, moviy ko’zlarini yana-da jozibador va maftunkor ko’rsatardi.
Tomas to’la hissiyot bilan:
— Bu xazinaning ikki qizil yanog’idan o’psam…oltin sochlaridan silasaydim– dedi. — Yonidagi sheriklari ham chakki emas. Biroq bu oltinsochning o’zi…o’nta hurliqoning o’rnini bosadi!
— Xo’sh, unda ayt-chi, qanday olamshumul yangilik qilmoqchisan?!
Reynorning og’zi qulog’ida edi.
— Italiyalik ipakchi, mohir mato ustasi Lorenzo Bellinini hamkorlikka taklif qilmoqchiman! – tik qarab, jilmaygancha javob qildi. Qahva uning yodidan ko’tarildi. — Men o‘zimning matolarimni ishlab chiqarishda ingliz texnologiyalaridan foydalanaman — masalan, naqshli matolar yoki yuqori sifatli to‘quv texnikalari. Lorenzo Bellini esa italyan ipak va an’anaviy naqshlarni qo‘shish orqali o‘ziga xos “ipak aralashmalarini” yaratadi.Biz birgalikda aralash matolar masalan, ipak va shifon, ipak va to‘qilgan mato kabi, va yangi dizaynlarni ishlab chiqaramiz. Noyob, yuqori sifatli matolar - britancha qat’iylik va mustahkamlikni ishlab chiqarishda davom ettiradi, Lorenzo esa italyan rang-barangligi va nafisligini qo‘shadi. Mahsulot Londonda aristokratlar orasida sotiladi, shuningdek Italiyaning eng yaxshi modachilari va dizaynerlariga ham yo'l ochiladi. Unga allaqachon xat yozdim. Javob kelishini kutyapmiz, xolos. Richard ham hayajonda! – nihoyat finjondagi qahvasi yodiga tushib, uni bir ho'pladi.
— Tan olish kerak. Ajoyib fikr! Shunchaki tasanno! – olqishlab qo’ydi.
Birozdan so’ng, Tomas boshqa mavzu bo’yicha gap boshladi:
— Yangi xizmatchilar ko’payibdi, ko’rdim! Bari bir-biridan go’zal, - oyoqlarini ustma-ust qilib o’tirgandi, birdan oyog’ini tushirib, Reynorga yaqinroq keldi, — bittasini menga bermaysanmi? Anavi, sariq sochlisini? Xo’p desang, unga o’zim bu taklifni beraman?! – dedi ko’zlari o’ynab. Reynor qoshlarini chimirib, deraza tomon nazar tashladi. Chuqur nafas olib:
— Urinma ham, u baribir ketmaydi, - dedi qat’iy.
— Nega bunchalik ishonch bilan aytyapsan? – hayron bo’lib so’radi.
— Chunki uning yagona qarindoshi Anna shu yerda ishlaydi. U xolasini
tashlab ketmaydi.
— Anna? U… Haligi baqaloq xonimning jiyanimi?! Tushunarli… Nailoj, teztez bu yerga kelib turishimga to’g’ri keladi, - dedi tishini oqini ko’rsatib.
— U sen o’ylagan qizlardan emas. Juda mag’rur va… o’zini xafa qildirib qo’ymaydiganlardan! Yaxshisi, boshqa xizmatchi qidir.
— Menga u yana ham yoqa boshladi, - deb kaftini bir-biriga ishqaladi.
Reynor do’stini eshik oldigacha kuzatib qo’ydi. Xayrlashib, bir-birini bag’riga bosdi. Tomas hovlining qoq o’rtasiga kelgach, ortiga qaradi. Qarshisidagi qo’rg’onga va atrofiga diqqat bilan nazar solib, o’ziga-o’zi shivirlay boshladi: “ Nega?! Nega doim sen?... Bu fikr nima uchun mening xayolimga kelmadi?! Sendan o’zay deganimda doim bir nima o’ylab turasan… Hashamatli uying bor, Londondagi eng oldi galereya seniki! Barcha erkak orzu qilgan Kristina ham o’zini kelib-kelib senga bag’ishlayapti… tinch yashasang bo’lmaydimi?!” – qo’llarini ortida tutgancha, yo’lini davom etib ketdi.
Oqshom. Kechki ovqat paytda, Kristina egnidagi alvon rangli ko’ylagini Reynorga ko’z-ko’z qilishga urinardi. Bu urinishlarni Richard va Jennifer allaqachon sezishdi. Lekin Reynor ahamiyat ham bermadi. Kristinaning sabrkosasi to’ldi, chidolmay qallig’iga yuzlandi:
- Reynor?!
Reynor:
- Xa?
Kristina:
- Menga shu darajada befarqmisan? – deb so’radi. Yuz ifodasi uni juda tushkun holatda ekanini bildirdi. Kutilmaganda berilgan savoldan ajablanib:
- Bu nima deganing? Tushunmadim…
Kristina bir nafasda tez-tez:
- Sen doim tushunmaysan! Mening tashqi ko’rinishim, kiygan ko’ylagim senga mutlaqo qiziq emas, bilaman chunki sevmaysan. Loaqal, ko’nglim uchun biroz xushomad qilsang bo’lardi! – dedi. O’rnidan turib, tashqariga chiqib ketdi.
Kristinani tushunsa bo’ladi. Sevgan insonidan yetarlicha mehr va e’tibor ololmaslik juda og’ir. Ayni vaqtda ichidan nimalar o’tgan ekan?! Noqulay ahvolda qolgan Reynor, o’zidagi “kichik” kamchiligini sezgandek edi. Ishtaha bilan ovqatlanayotgan barchaning kayfiyati yer bilan bir bo’ldi.
Hammaning fikri allaqachon har qayoqqa tarqab bo’ldi. Bir necha soniyadan so’ng Richard ukasi Reynorga biroz sayr qilib kelishni taklif qildi. Jennifer stol atrofida yolg’iz o’zi qoldi. Bo’lajak juftlikning kun ora tortishuvlaridan bezor bo’lgan Jenni baland ovozda: “Nima endi boshqalarni deb och qolishim kerakmi? Boshqalar yemasa, o’zim ovqatlanaveraman!” – dedi. Likopchalarni va boshqa taomlarni oldiga surib oldi-yu, ishtaha bilan ovqatlandi. Aka-uka bog’da bir necha soat sayr qilishdi. Turli mavzularda suhbatlashishdi. So’ng, Richard jiddiy savol bera boshladi:
- Rey, bilaman Kristinada ko’ngling yo’q. Ko’p kuzatdim, unga hatto parvo ham qilmaysan. Aslida kimdadir ko’ngling bo’lganda hayron qolgan bo’lardim. Ammo o’zingni majburlab turmush qurishingni xohlamayman. Kel, yaxshisi kech bo’lmasidan to’yni to’xtatamiz?
- Hammasi joyida, Richard. Kristina aqlli, intiluvchan, qobiliyatli dizayner. Menimcha bizdan yaxshi juftlik chiqadi. Janob Vilsonning so’nggi vasiyatini yerda qoldirolmayman. Axir, u… biz uchun ko’p yaxshiliklar qilgan, – chuqur xo’rsinib qo’ydi.
- Xa, to’g’ri...biroq tushun, juftliklar orasida muhabbat bo’lmasa bu bir fojiadek gap. Masalan men hayotimni Jennifersiz tasavvur qila olmayman. Farzandlarimiz ham bo’lganida edi, – Richard ko’zlarini yumib, yoshlarini berkitishga urindi, – senda esa hammasi mukammal bo’lishini xohlayman. Rey, har qanday qaroringni qo’llab-quvvatlayman. Ishonamanki, to’g’ri qaror qabul qilasan.
- Sendek akam borligidan g’ururlanaman – dedi asta jilmayib. Qo’li bilan akasining yelkasini qoqib qo’ydi.
- Sezib turibman. Ancha yillar oldin ko’ngil bergan insoningni unuta olmayapsan chog’i. U paytlar hali juda yosh eding. Qolaversa ilk muhabbating, birinchi marta kimgadir sevgi izhor qilganingda seni rad etishsa, bu juda og’ir. To’g’rimi, Rey?
Reynor chuqur xo’rsindi. Ich-ichidan akasi haq ekanini bilib tursa ham, bu narsani sirtida bildirmaslikka harakat qildi.
- Qo’ysangchi, aka. O’tmish o’z nomi bilan o’tmish. O’n yil bo’libdi. Uning hozirga nima aloqasi bor?
- Aloqasi bo’lganda qandoq. Bazan, og’riqli o’tmish o’zidan chuqur iz qoldiradi. So’ng albatta, porloq kelajakka o’z ta’sirini ko’rsatmay qo’ymaydi. Xohlardimki, o’sha noshud Emili, hayollaringdan butkul chiqib ketishini…
Suhbatlari nihoyasiga yetdi. Reynor yana biroz xoli qolish istagini bildirdi. Richard uy tomon shosha yugurib ketdi. Albatta-da. Axir rafiqasi Jennifer uni kutardi. Reynor yo’lini davom etib, ulkan daraxtlar oldidan o’tayotgan bir mahal, daraxtlar orasidan qog’ozning shitirlagan ovozi eshtildi. Atrof jim-jit va qorong’i. Salqin va mayin shabada. Tun kuychisi chigirtka va uning oshnasi qurbaqaning tovushlaridan bo’lak hech qanday sado yo’q. Reynor cho’chib ketdi, atrofni ko’zdan kechira boshladi va:
- Hoy, kim bor? Sen?! Bu yerda nima qilyapsan?
Davomi bor ...