London – bir manzilda, ikki xil olam. Unda boylik va qashshoqlik yelka olishadi, orzular majburiyatlarga to'qnash keladi. Muhabbat esa…doim eng oxirgi o'rinda. Ba'zan unga butunlay o'rin yo'q. Aristokratlarning baland va hashamatli ko'shklarida kechki bazm uchun musiqa yangraydi. Dastuxonida turli-tuman noz-ne'matlar tortiladi. Pianino sadosi ostida issiq choy ichiladi. Zargarlik do'konlarida turli qimmatbaho toshlar porlaydi – faqat badavlatlar uchun. Har bir ko'shkda kamida besh olti kishi xizmat ko’rsatadi. Zodagonlar shunday totli hayot kechirayotgan bir paytda, oddiy xalq bolalari ochlikdan yig’laydi. Kattalar qora mehnatda, xizmatkordek hayotda zo’rg’a kun ko’rishadi. Ularning borligi hech kim uchun qadrli emas. Ular faqat boylarga xizmat qilish uchun yaratilgandek ko‘riladi. Go‘yoki ularning hayotida arzigulik narsa yo‘qdek… Biroq! Adashadilar… XIX asr 90-yillarining eng ko'zga ko'ringan va nufuzli tadbirkorlardan biri aka-uka Jonsonlar edi. Richard Jonson, yoshi qirqdan oshgan bo'lsa-da, o'zini hanuz bo'ydoq va yosh yigitlardek tutar, qordek oqarib kelayotgan sochlarini doim sun'iy bo'yoqlar yordamida yashirishga urinardi. Tabiatan juda hazilkash, oilasi va eng asosiysi ukasi Reynor uchun hamma narsaga tayyor bo'lgan mehribon aka. Garchi, aka-uka munosabatlari juda yaxshi bo’lsa-da, bazan fikrlari va qarorlari bir-biriga zid. Reynor baland bo’yli, xushbichim. Zulmatdek qop-qora soch va soqol, ko’z va qoshi o’tkir nigohlarining ta’sirini yanada kuchaytirardi. Biroz og’ir va bosiq fe’lli, kamgap. Reynorning muhabbatiga erishish uchun ko’p ayollar harakat qilgan, biroq samarasiz bo’lgan. Nihoyat, o’ttiz uch yoshini qarshi olganda to’yi bo’lish arafasida. Qo'rg’onga xizmatchilar soni yetishmovchiligi sabab, Richard uyga qo’shimcha ikki nafar xizmatchi kerak ekanligi haqida xabar berdi. Ertasi kuniyoq ishga talabgorlar yetib kelishdi. Richard va Reynor ularni suhbat asosida ishga qabul qilishi qoldi xolos. Jonsonlarning eng ishongan yordamchisi to’lachadan kelgan, sochlari qizg’ish jingalak, har qadam tashlaganida sochlari huddi qo'ng’iroq jiringlagandek, u yoqdan bu yoqqa qimirlardi. Uzun yo’lak bo’ylab yugurib, Anna hovliqqanicha xonaga bostirib kirib:
— Ular kelishdi, ular shu yerda..!
Jonsonlar oilasining uyi — London chekkasida, shahar shovqinidan yiroqda joylashgan. Yuksak did bilan bunyod etilgan ikki qavatli muhtasham qasrcha edi. Uyning tashqi koʻrinishi darrov e’tiborni tortar: kulrang toshlardan terilgan devorlar, deraza romlaridagi oq yog‘och naqshlar, ustunlar orasidagi oʻymakorlik — bularning barchasi oila boyligi va maqomini ochiq-oydin namoyon etardi. Annaning bu kutilmagan va ijozatsiz xonaga kirib kelishi Jonsonlarni hayron qoldirdi, shunda Jonsonlar bir-biriga qarab jilmaygancha:
— Kim…kim keldi? Axir bugun hech qanday uchrashuvlar belgilanmagandiku?!
— Ma’zur tuting janob, siz so’ragan ishga talabgorlar keldi demoqchi edim, — dedi Anna hijolatdan qizarib.
— Mayli-ku, lekin sen nega bunchalik baxtiyorsan, Anna?
Reynor gapini tugatishga ulgurmay, xonaga ikki nafar yosh va chiroyli qizlar kirib keldi. Richard darhol ishga kirishib, qizlarga birin-ketin savollar bera boshladi:
— Marhamat, o’zingizni tanishtiring!
Shu payt jigarrang sochli qiz pastroq ovozda o’zini tanishtira boshladi:
— Ismim Greys. Yoshim o’n to’qqizda. Shu yerda, Londonda yashayman…
U Londonning “Est-ind” hududida yashardi. U yer ishchilar hududi bo’lib, o’zining ko’plab fabrikalari, kasalxonalari bilan mashhur. Greysning o’zini tutishi haqiqiy ishchilarga xos bo’lib, boshi yerga qaratilgan, tovushi ham past edi. Uning aynan shu xatti-harakatlari Jonsonlarga ma’qul keldi. Greysning yonidagi tillarang sochli qizga navbat keldi:
— Leyla, Leyla Evens. Yoshim o’n to’qqizda. Uels poytaxti Kardiff shahridan keldim.
— Hm-m, juda chiroyli ism, Leyla! Avvallari hech bunday ismlar eshitmagan ekanman, – dedi Richard, unga tik qarab.
— Xa…kelib chiqishi arabcha, “oqshom”, “tun” degan ma’no ifodalaydi, onamning eng sevimli asar qahramonining ismi edi bu.
Reynor uning mavzudan biroz chetlaganiga sabrsizlik bilan:
— Ismingning qandayligi muhim emas! Muhimi qayerdan ekanligingiz. Bizga faqat britaniyalik xodimlar kerak va siz britaniyaliksiz. Shuning o’zi yetarli
– dedi, bosiqlik ila.
— Janob, lekin men Uelsdanman! To’g’ri, Uels ham Britaniyaning bir bo’lagi, ammo biz doim o’z madhiyamizni kuylaymiz va o’z qadriyatlarimizni hurmat qilamiz. Ko’pgina uelsliklar o’zlarini britan deb hisoblashmaydi,
— dedi Leyla asabiylashib.
Uels – o’z nomi bilan tanilgan tarixiy va madaniy hudud bo’lsa-da, mustaqil davlat emas, Buyuk Britaniyaning tarkibiy qismi edi holos. Siyosiy jihatdan Angliya tomonidan boshqarilardi. 1856- yilda yozilgan “Land of my Fathers” madhiyasi rasmiy tan olinmagan, biroq xalq orasida milliy qo’shiq sifatida juda mashhur edi.
Leylaning gapirish ohangi ham qo’pol tuyildi. Uning bunday javobini albatta hech kim kutmagandi. Xonada sukunat hukm surdi. Uning mag’rurlik ortiga yashiringan ma’yusgina moviy ko’zlari Reynorga bir nazar tashladi. O’z hislarini boshqara olmagani sababli uyatdan qizargan yuzlarini berkitishga urindi. Reynor unga uzoq tikildi, g’azabdan o’zini bazo’r tiydi. Ko’rsatilgan hurmatsizlik sabab, iloji boricha o’zini qo’lga olib, ehtiyotkorlik bilan:
— Siz bizga emas, aksincha biz sizga kerakmiz. Istasang qo’rg’onni hoziroq tark et. O’rninga ishlayman deganlarning son-sanog’i yo’q. Ishga talabgorlar o’zini bunday tutishi qanchalik to’g’ri? Har kim o’z o’rnini bilgani ma’qul! – dedi Reynor.
O’tirgan joyidan shart turdi, u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Uni tinchlantirishga uringan akasi:
— Rey! Ukajonim, qizishma… hali yoshgina qiz. Menimcha unga imkon berishimiz kerak, – dedi. Ukasining bunday asabi tarang holatda ko’rmaganiga ancha bo’lgandi.
— Richard, o’ylashimcha unga bu ish to’g’ri kelmaydi. Yaxshisi, o’rniga boshqa xizmatchi olishimiz kerak. U Kardiffga qaytib, biror bir badavlat shahzodaga turmushga chiqsin. “Malikadek” mag’rurlik yarashadi o’shanda. – Yuzida g'azab ifoda etib tursa ham, gapirish ohangi hotirjam edi.
Shu vaqt Anna:
— Janoblar, ming bor uzr! Leyla mening jiyanim. Iltimos, uni ishga qabul qilishingizni so’rayman. So’nggi imkonni bering… Uni mendan bo’lak hech kimi yo’q. Kardiffda baxtsiz hodisa ro’y berdi, Leylaning u yerdagi barcha yaqinlari halok bo’ldi, shuningdek ota-onasi ham. Uni atay men chaqirgandim, yonimda, menga yordamlashib yursa... Ishoning, u juda aqlli, hamma ishni darrov o’zlashtirib oladi. Ayni vaqtda uni ham tushunsa bo’ladi, - deb ho’ngrab yubordi. Jimlik. Ikki daqiqadan so’ng, Richard vaziyatni biroz yumshatish maqsadida iliq tabassum bilan:
— Ikkingiz ham ishga qabul qilindingiz. Umid qilaman-ki, hamma o’ziga kerakli xulosani oldi! Ikki nafar yangi ishchini Annaga topshirib, ularga ketishga ruxsat berdi. Shu payt Reynor:
— Nega uni ishga olding?
— Axir hamma ikkinchi imkonga haqli deb o’zing aytarding. Yoqimtoyligini bir qara! Ko’zingni uzolmay qolganingni sezmadi deb o’ylayapsanmi?!
— Qo’ysang-chi, nimalar deyapsan? – Reynor buni inkor qilsa-da, ichidan buni tan olardi: “ Xa, u nihoyatda go’zal edi. Oy kabi o’zidan yorqin nur taratardi… Jin ursin! Nimalar deyapman o’zi?!”
— Hazillashdim. Tag’in Kristina eshitib qolmasin, qallig’im begona ayollarga mahliyo bo’lyapti deya ranjiydi – deb kuldi Richard. Anna Greys va Leylaga qo’rg’onni tanishtirib, kun davomida nima ish qilishlarini birma-bir tushuntirdi. Ularga xizmatchilarning umumiy xonasini ko’rsatib, joylashib olishlarini aytdi. Anna va uning jiyani Leyla xonadan tashqariga chiqib, bir-birini qattiq bag’riga bosdi. Leyla ozg’in, jussasi kichik va o’ta nozik niholchadek. Sochlari tillarang, ko’zlari moviy. Rangi oppoqligidan yuzidagi mayda-mayda sepkillar ham yaqqol bilinardi. Leylaning moviy ko’zlaridan tinmay yoshlar tomchilab:
— Xola? Endi men nima qilaman? Nahotki umrimning qolgani shu yerlarda o’tib ketsa? O’zimni qo’lga ololmayapman. O’sha mudhish kunni eslasam yuragim yorilay deydi. Bir kechada ham ota-onamdan ham boshqa yaqinlarimdan ayrildim… orzu va maqsadlarim keng osmonchalik edi! Bundan buyog’iga endi bir qo’limda patnis, yana bir qo’limda esa Jonsonlarning paypog’i?! Anna jiyanini qo’ldan kelgancha yupatishga urindi.
— Yo’q-yo’q! Unday dema… Orzu qilishdan to’xtama. Axir orzular ushalish xususiyatiga ega. Ana endi men yoningdaman-ku! –deya, Anna Leylaning ipakdek mayin sochlarini siladi. Leyla shu damda ko’zlarini yerga tikdi. O’sha sahna. O'sha kun ko’z oldida gavdalandi. Qichqiriqlar, tinimsiz yig’i ovozi…yosh bolalar… Kardiffda u o’z oilasi ota-onasi bilan baxtli hayot kechirardi. Otasi konchi bo’lib ishlardi. Bir kuni onasi Leylaga otasi uchun tushlik olib borishi kerakligini aytdi. Leyla yolg’iz o’zi uyda qoldi. Biroz vaqt o'tib, ko’chada shovqin eshtila boshladi. Leyla xavotirda tashqariga chiqdi. Hamma to’plangancha bir tomonga qarab yugurishardi. Nima bo’layotganiga tushunmay dovdiraganicha odamlar ortidan quvdi. Ular Leylaning otasi ishlaydigan, ko’mir koniga qarab ketishardi. Nihoyat, oldinda yugurib ketayotgan qo’shni ayoldan nimalar bo’layotganini so’radi. Ayol yoshgina qizga achinish ko’zlari bilan qarab, uni mahkam bag’riga bosdi. So’ng, ko’mir konida portlash yuz berganini, hech kim tirik qolmagan bo’lishi mumkinligini aytdi. Dahshat… Leylani dahshat egalladi. Shu tariqa, Leyla ota-onasidan bir kunda kutilmaganda judo bo’lganini eslab, ho’ng-ho’ng yig’ladi.bDevor ortidan esa Reynor Jonson ularning samimiy suhbatini bexosdan eshitib turardi...
Davomi bor ...