Eshikning ruchkasini pastga tortishim bilan, narigi tomondan kimdir eshikni xuddi men bilan bir vaqtda tortgandek bo‘ldi.
Qars!
Eshik birdan ochilib ketdi.
Men nima bo‘layotganini anglashga ham ulgurmay, ro‘paramda bir bolani ko‘rdim.
Eshik shunchalik qattiq ochilgandiki, ortga bir qadam tashlashga majbur bo‘ldim.
Yiqilib tushishimga oz qoldi.
U ham buni ko‘rib qoldi.
Bir zum ko‘zlarimiz to‘qnashdi.
Men hech narsa demadim.
U esa biroz hayron bo‘lib:
— Uzr...
dedi.
Shunday deb, yonimdan o‘tib ketdi.
Men esa uning ortidan qarab ham o‘tirmadim.
Nega ekanini bilmayman, lekin bu holatga ahamiyat bermadim.
Bir necha soniya eshik oldida turib qoldim.
Keyin birdan shu yerga nima uchun kelganim esimga tushdi.
Ha, test natijamni ko‘rgani kelgandim-ku...
Men ichkariga kirdim.
Xona odatdagidan ancha tinch edi.
Atrofga qaradim.
Javonlar, stol ustidagi turli qog‘ozlar, o‘qituvchilarning kitoblari...
Xonaning narigi tomonida bir erkak o‘qituvchi o‘tirardi.
U boshini ko‘tarib menga qaradi.
— Salom, — dedim men.
— Salom, — dedi u ham.
Keyin yana ishida davom etdi.
U qandaydir varaqlarni birma-bir ko‘rib chiqayotgan edi.
Men bu ustozni juda kamdan-kam ko‘rardim.
Adashmasam, u 12-sinflarga rahbar edi.
Men javonlar tomon yurdim.
“9-sinflar ingliz tili testi” degan yozuvli papkani ko‘rib, uni oldim.
Papkani ochdim.
Ichida juda ko‘p qog‘ozlar bor edi.
O‘tgan yilgi testlar ham aralashib ketgan ekan.
Men o‘z sinfimnikini topishga kirishdim.
Bir varaq...
Ikkinchi varaq...
Uchinchi varaq...
Ammo yo‘q.
Qayerda bu?
Yana bir marta boshidan qidirdim.
Baribir topilmadi.
Papkaning boshqa joylarini ham tekshirdim.
Hech narsa.
Men biroz hayron bo‘ldim.
Axir shu yerda bo‘lishi kerak-ku...
Javondagi boshqa papkalarga qaradim.
Keyin stol ustiga ko‘zim tushdi.
U yerda “9-A” degan yozuv turardi.
Balki shu yerda bordir.
Men o‘sha tomonga yaqinlashdim.
Shu payt haligi ustoz ham menga qarab qoldi.
— Qaysi sinfniki kerak? 9-Ami?
Men bosh irg‘adim.
— Ha.
U yonidagi qog‘ozlarga ishora qildi.
— Mana ular.
Men boshimni biroz egdim.
Bu, nazarimda, “rahmat” deganimdek edi.
Keyin qog‘ozlar orasidan yana o‘zimnikini qidira boshladim.
Bir necha soniya o‘tdi.
Yana yo‘q.
Ufff... Bu yerda ham yo‘qmi?
Ichimda biroz jahlim chiqdi.
Yana boshidan qidira boshladim.
Bir varaqdan ikkinchisiga o‘tdim.
Shunda...
Ustozning qo‘lidagi qog‘ozga ko‘zim tushdi.
Qog‘ozning chetida juda kichkina kuchukning panjasi chizilgan edi.
Men beixtiyor to‘xtab qoldim.
Bu belgi menga juda tanish edi.
Chunki men deyarli barcha varaqlarimga shunday kichkina panja chizardim.
Bu mening o‘zimcha qo‘ygan belgim edi.
Ustoz bir muddat qog‘ozga qarab turdi-da, keyin menga qaradi.
— Eun Bi misiz?
Men unga qaradim.
— Ha.
Qog‘ozga ishora qildim.
— U qog‘oz meniki?
U qog‘ozga yana bir bor qaradi.
— Haa...
Keyin biroz jilmaydi.
— Men buni ko‘rib turgandim. Sizning balingiz hatto mening 12-sinflarimnikidan ham baland ekan.
Men jim turdim.
U davom etdi:
— Shuning uchun ko‘rib o‘tirgandim. Buni ustozingizdan ham so‘ragandim.
Men biroz hijolat bo‘ldim.
Nima deyishni bilmay, qog‘ozga qaradim.
— Haa... hechqisi yo‘q.
Keyin qo‘shib qo‘ydim:
— Men shunchaki test varaqamni ko‘rgani kelgandim. Agar sizga kerak bo‘lsa, olavering.
U menga qarab:
— Ko‘rib bo‘ldim. Rahmat.
dedi.
Keyin qog‘ozni menga uzatdi.
Men qog‘ozni oldim.
Ko‘zim darrov natijamga tushdi.
96/100.
Men bir necha soniya jim turdim.
100 dan 96...
Yomon emas.
Hatto ichimda ozgina xursand bo‘ldim.
Lekin buni tashqaridan sezdirmadim.
Shu payt ustoz so‘radi:
— Ingliz tilidan qo‘shimcha mashg‘ulotlarga borasizmi?
Men boshimni chayqadim.
— Yo‘q.
Bir oz o‘ylanib, qo‘shib qo‘ydim:
— To‘g‘rirog‘i, hozir bormayman. Oldin borganman.
— Haa... yaxshi.
Xonada bir necha soniya sukut bo‘ldi.
Men qog‘ozimni qo‘limda ushlab turardim.
Keyin ustoz yana menga qaradi.
— Bugun darsdan so‘ng men bilan uchrashib keta olasizmi?
Men hayron bo‘lib unga qaradim.
— Sizga bir gapim bor.
Ichimda qandaydir noqulaylik paydo bo‘ldi.
Men bilan nima uchun gaplashmoqchi?
Men bir necha soniya javob bermay turdim.
Ammo keyin og‘zimdan o‘z-o‘zidan:
— Ha...
degan so‘z chiqib ketdi.
O‘zim ham aytib yuborganimga hayron bo‘ldim.
U esa xotirjamgina:
— Unday bo‘lsa yaxshi. Darsdan so‘ng kelishni unutmang.
dedi.
Shunday deb, ustoz xonadan chiqib ketdi.
Men esa uning ketidan bir muddat qarab qoldim.
Xona yana jim bo‘lib qoldi.
Men qo‘limdagi test varag‘imga qaradim.
Keyin eshikka.
Keyin yana testimga.
Men nega “ha” dedim o‘zi?
Bir oz o‘ylanib qoldim.
To‘xta...
U ustozning men bilan nima ishi bor?
Men bunga javob topolmadim.
Shu payt tashqaridan qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi.
Dars boshlanayotgan edi.
Men darrov test varag‘imni papkaga solib, xonadan chiqib ketdim.
Yo‘lak bo‘ylab sinfxonam tomon yugurib borarkanman, xayolimda faqat bitta savol aylanardi:
Ustoz menga nima demoqchi edi?
Lekin bunga javobni hali bilmasdim.