2024-yil. Hozirgi kun. Germaniya, Berlin
Uzoq va mashaqqatli yoʻlning yarmiga ham yetib keldim. Hayotimning orziqib kutgan pallasi edi bu. Qarshimda ulkan va salobatli bino turardi — Charité. Shisha va poʻlat devorlari xuddi soyalarni ham yutib yuborayotgandek. Men uni faqat suratlardagina tomosha qila olardim. Dunyodagi eng nufuzli shifoxona meni oʻz bagʻriga chorlayotgandi. Albatta, bu yerga bemor sifatida emas, balki bemorlarning darmoni bo‘lib keldim. Atrofimda oq xalat kiygan shifokorlarga qarab qalbim orziqib ketdi va beixtiyor qilgan qasamyodimni esladim:
«Shifokor degan yuksak unvonni olib, tibbiyot faoliyatiga kirishar ekanman: oʻzimning bor bilim va mahoratimni bemorni davolashga hamda inson sogʻligʻini saqlashga bagʻishlashga; shifokor degan nomni pok saqlashga, shifokorlik burchim va masʻuliyatimni yuksak darajada anglashga tantanali ravishda qasam ichaman».
Ushbu soʻzlar tanlagan kasbimning qanchalar sharafli ekanligini qayta yodimga soldi.
— Qani qizaloq, olgʻa. Tarix yaratish vaqti keldi. Insoniyat taqdiri sening qoʻlingda.
Oʻzimga dalda bergan boʻldim-u, toʻgʻri ma'muriyat tomon yoʻl oldim. Aylanma eshikdan ichkariga kirib, biroz dovdirab qoldim. Katta bino bemorlar va shifokorlar bilan toʻlgan. Chuqur nafas olib ichkariga kirdim, biroq bir qadam ham tashlamasimdan qarshimdagi odamga urilib ketdim. Qaddimni rostlab boshimni koʻtargan edim hamki, oʻsha odamning yuzidagi dahshatli chandiqlarga koʻzim tushdi. Yuzining chap tomoni tilinib ketgan, ko‘zlari atrofida uzun chandiq hosil qilgandi. Dahshatdan yutinib undan uzoqlashdim.
— Kechirasiz, janob.
— Hechqisi yoʻq.
U kepkasini toʻgʻrilab qoʻydi-da, ortiga qaramay keta boshladi.
Oʻzimga kelib qabulxonadan kerakli xonani surishtirib yo‘lga tushdim, oldimdan ikkita eshik chiqdi, chap tomondagisini ochib yana odimlayverdim. Ana xolos, adashib qoldim. Voy, bu nimasi — boshqa eshik ekan-ku. Insoniyatni qutqararmush, eplab yoʻlingni topolmayapsan-ku.
— Kechirasiz...
Qoʻqqisdan kelgan ovozdan choʻchib ketdim. Oʻgirilganimda esa baland boʻyli, qora sochlarini orqaga tarab olgan, qizil boʻyinbogʻ taqqan yigitni ko‘rdim. Darhol nigohimni olib qochdim.
— Qoʻrqitib yuborganim uchun uzr soʻrayman.
— Hechqisi yoʻq, hijolat boʻlmang. Biror yordam kerakmi?
(Voy, ahmoq qiz, bu nima deganing — hozir oʻzingga yordam kerak-ku, oliyjanoblik qilishga balo bormi).
— Majlislar zalini izlayotgandim. Lekin koʻrib turganingizdek adashib qoldim.
— Men ham aynan oʻsha yerga ketayotgandim.
— Yoʻl boshlasangiz minnatdor boʻlardim.
— Jon derdim-u, biroq men ham xuddi siz kabi adashganlardanman.
U menga biroz qarab turdi-yu, birdan kulib yubordi. Negadir bundan jahlim chiqdi. U meni ustimdan kulyaptimi.
— Istasangiz sizga sherik boʻlaman. Birga adashib yuramiz, — dedi u va samimiy jilmaydi.
— Qarshi emasman. Balki kimnidir rahmi kelib yoʻl koʻrsatib yuborar.
— Bir narsa soʻrasam odobsizlikka yoymaysizmi?
— Bu aynan nima soʻrashingizga bogʻliq.
— Menimcha bu yerlik emassiz. Tashqi koʻrinishingizdan... — nima deyishni bilmay toʻxtab qoldi.
Menimcha gap roʻmolim va xuddi qop kabi keng qora libosim haqida ketayapti. U sukutimni ranjish deb oʻyladi shekilli, darrov soʻzini toʻgʻriladi:
— Notoʻgʻri tushunmang... Men aytmoqchidimki, libosingiz gʻayrioddiy ekan, oldin bunaqasini koʻrmaganman. Tushunishimcha siz musulmonsiz.
Ajablanganimni yashirolmadim. U kabi zamonaviy yigitning musulmonlar haqida bilishi aqlbovar qilmas edi. Shu paytgacha hech kim menga bu kabi iltifot bilan muomala qilmagan.
— Sizni hafa qildimmi?
— Yoʻq, hammasi joyida. Shunchaki gaplaringiz meni hayron qoldirdi.
— Zayn Grey.
U avval menga qoʻl uzatdi va xuddi bu ishi xato ekanligini bilgandek darrov uzoqlashdi.
— Shunchaki Leyla.
U menga shu qadar sirli tikilardiki, xuddi yo‘qotgan narsasini topgan kishidek. Koʻzlarimni olib qochmay, uning nigohlariga tutilaverardim.
— Suhbatga kech qolyapman. Ketishim kerak.
(Bu qarashlari bilan meni yeb qoʻymasdan oldin juftakni rostladim).
Yoʻlak boʻylab shoshilgancha, nihoyat kerakli xonani topdim.
— 312-talabgor!
— Men!
— Marhamat, xonim.
Uff, ulgurdim. Chuqur nafas olib savollarni takrorlagan boʻldim-u, ichkariga kirdim. Allaqachon bahor kelgan boʻlsa-da, xonada qandaydir sovuq muhit bor. Qarshimda toʻrtta malakali doktorlar oʻtirishibdi. Stol ustida suv va bir nechta fayllar bor edi. Doktorlardan biri rezyumeyimni qoʻliga olib dedi:
— Xush kelibsiz. Leyla Ahmad, shundaymi?
— Xuddi shunday, janob.
Ular menga zimdan tikilishardi. Tabiiyki, tashqi koʻrinishim ularni yaxshigina ajablantirgan.
(Yo tavba, nega muncha hayajonlanyapman. Ular ham oddiy odam-ku, faqat biroz qoʻrqinchli).
— Suhbatni boshlaymiz.
— Ha, albatta, — oʻngʻaysizlanib javob berdim.
— Bu kasbni tanlashingizga nima sababchi boʻldi?
(Aynan men kutgan savol. Shuning uchun shoshilmasdan javob berdim).
— Tibbiyot institutida oʻqiyotganimda bu kasb shunchaki ish emas, balki katta mas'uliyat ekanini tushundim. Bemorning koʻzida minnatdorchilikni koʻrish — men uchun eng katta motivatsiya. Bugun bu yerga shunchaki navbatdagi ish joyi uchun emas, balki jamoangiz bilan birga odamlarga foydam tegishi uchun keldim. Dadamning ham hissalari katta. Ular qiz bolaning vazifasi faqat uy ishlari yoki farzand tarbiyasi emas, balki ilm olish va ma'rifatli boʻlish deb ta'kidlardilar. Shuning uchun va hozir bu yerdaman...
— Sizning xalqingiz ayollarini... — gap boshlamoqchi boʻlgan doktorning soʻzini boʻldim.
— Gapingizni boʻlayotganim uchun uzr soʻrayman, janob. Menimcha nima deyishingizni taxmin qilib boʻldim. Aytmoqchisizki, sizning xalqingiz qoloq, ayollari savodsiz, shundaymi?
— Yoʻq, meni tushunmadingiz.
— Oʻzingizni oqlashingiz shart emas, janob. Hijolat boʻlmang, men bunday dashnom va qarashlarga begona yurtda allaqachon oʻrganib ketganman. Koʻpchilikning nazari boʻyicha, Sharq ayollari oʻqishmaydi, ularga faqat roʻzgʻor va bola-chaqa boʻlsa boʻldi, umr boʻyi erining xizmatini qilib yuraveradi. Menimcha, Yevropada hamma shunday fikrlaydi. Toʻgʻri, sizlarda bunday tasavvur uygʻotgan aslida oʻzimizning qoloq jamiyatimiz. Televizorda tez-tez tomosha qilgandirsiz: qizlarni hali 16 yoshga toʻlmay turib majburlab turmushga berishadi, uyga qamab qoʻyishadi, hatto oʻqish va yozishni oʻrganish uchun maktabga ham yuborishmaydi. Aksariyat oilalar shunday, buni inkor etmayman. Lekin hamma ham emas! Bizning oilamizda muhit butunlay boshqacha boʻlgan. Otam oʻz qizlarining oʻqimishli, oliy ma'lumotli boʻlishini istardiu. Chunki bir qiz oʻqisa — butun boshli millat ilmli boʻladi!
— Qoʻpolligim uchun uzr soʻrayman. Oltinga teng soʻzlar boʻldi. Endi mavzuga qaytsak.
— Siz ham kechiring, biroz qizishib ketdim.
— Unda davom etamiz, — biri qogʻozga nimadir yozdi. Xona bir lahza jimib qoldi. — Juda injiq, asabiy bemorlar bilan qanday muloqot qilasiz? — koʻzoynak taqqan erkak savol berdi.
Kasal odamning tanasida ogʻrigʻi boʻladi, shuning uchun uning ba'zida asabiylashishi va qoʻpollik qilishi mutqalo tabiiy holat. Men bunga shaxsiy adovat yoki haqorat deb qaramayman. Birinchi navbatda, uni xotirjamlik bilan eshitaman va shifokor sifatida toʻgʻri yoʻl koʻrsataman. Shifokor bemorni nafaqat dori-darmon bilan, balki shirin soʻz va toʻgʻri ruhiy muloqot bilan ham davolashi kerak, deb hisoblayman.
Shu tariqa menga savollar yogʻdira boshlashdi. Hammasiga shoshilmasdan, birin-ketin javob berishga harakat qildim.
(Soʻzim oxirida atrofga nazar tashladim, chap tomonda oʻtirgan doktor soʻzlarimdan ruhlangandek koʻrindi. Biroq qolganlar haqida bunday fikrda emasman. Ularga yoqmadim shekilli. Toʻgʻri-da, kim ham birinchi uchrashuvdan shunday qoʻpollik qiladi).
— Bizda savollar tugadi. Sizda klinikamiz, ish tartibi boʻyicha biror savol bormi?
— Samimiy suhbat uchun tashakkur.
Uzoq davom etgan suhbatdan soʻng xonadan chiqdim, oyoqlarimda titroq sezib yaqin-atrofdagi kursiga oʻtirib oldim. Shu payt eshik ochilib, ichkaridan kimdir chiqdi. U fikrlarimni ijobiy qabul qilgan doktor edi.
— Leyla xonim. Men professor Rudi Meyer boʻlaman. Shijoatingiz bilan barchamizni hayron qoldirdingiz. Oʻylaymanki, sizda muloqot boʻyicha muammo yoʻq. Tilimizni yaxshi bilarkansiz. Hatto ba'zi nemislardan ham yaxshiroq.
— Minnatdorman, professor. Yoshligimdan til oʻrganishga qiziqardim. Bulardan nemis tiliga mehrim boʻlakcha.
— Ajoyib. Agar ish boʻyicha biror muammoga duch kelsangiz, menga murojaat qilishingiz mumkin.
U shunday deb menga tashrif qogʻozini uzatdi.
— Sizga omad tilayman. Ikki kundan keyin ishga chiqishingiz mumkin. Ungacha esa bu yerlarga moslashib oling.
U ketdi.
Yuragim xursandchilikdan tez-tez urardi. Urraaaa, meni qabul qilishdi! Charchaganimni ham unutib, turgan joyimda sakray boshladim. Shu qadar baxtli edimki... Hatto hozir meni kimdir kuzatayotganini ham payqamadim. Toki kameraning chiqqillagan tovushini eshitmagunimcha...
.....
Yangi kun, yangi umidlar... Insonlar tongni bir finjon achchiq qahva hidi bilan qarshi olishsa, mening hayot soʻqmogʻimdagi har bir kunim bomdod namozining sokin taronasi bilan boshlanardi.
Sajdaga bosh qoʻyib, Robbimdan bugungi kunimni xayrli va barakali qilishini soʻrab dildan duo qildim. Negadir bugungi tongning tarovati ham, qalbdagi fayzi ham butunlay boʻlakcha edi. Nihoyat, musofirlik bagʻridagi yangi shaharda, yangi hayotimning ilk sahifalari ochilmoqda.
Hozir Berlindagi unchalik katta boʻlmagan, chekkaroq bir shaharchada istiqomat qilyapman. Albatta, bu maskan mening ish joyimdan ancha uzoqda joylashgan. Markaziy koʻchalardagi uylarning ijarasi haddan tashqari qimmat boʻlgani sababli, taqdir menga shu yerdan panoh topishni ravo koʻrdi. Mayli, nolimayman. Kichkinagina boʻlsa-da, ichi issiq va shinamgina uyim bor. Uy egasi boʻlgan ijarachi xola ham ilk kundanoq menga juda xushmuomala munosabatda boʻldi. Xullas, yangi uyga bir amallab joylashib oldim.
Bugun rasmiy dam olish kunim boʻlganligi sababli, kundalik roʻzgʻor uchun ayrim zaruriy mahsulotlarni xarid qilish maqsadida yaqin-atrofdagi doʻkonga yoʻl oldim. Yoʻl-yoʻlakay begona shahar koʻchalari bilan yaqindan tanishib olishni ham niyat qilgandim. Atrofni kuzatib borarkanman, Germaniyaning mana shu qadimiy goʻzalligiga hayratlanmay ilojim yoʻq edi. Berlinda daryolar nihoyatda koʻp boʻlib, ularning moviy suvlari shahar muhitiga oʻzgacha bir afsonaviy koʻrk bagʻishlab turardi. Koʻchalardagi transportlar oqimi orasida sokin suzib yurgan qayiqlarni ham uchratish mumkin ekan. Bizning ona yurt ob-havosi ancha issiq, qolaversa, men kabi sahro farzandlari uchun dengiz va daryolar faqatgina shirin orzularda mavjud edi, xolos.
Bu yerning iqlimi ham juda yoqimli, ayniqsa, ayni bahor pallasida har bir daraxt shoxi goʻyoki nafosatdan soʻz ochayotgandek nafis gullarga burkangan. Telefonimdagi GPS xizmati yordamida qidirgan doʻkonimni ham osongina topib oldim. Toʻgʻrisi, ushbu texnologiyasiz bu ulkan chorrahalarda ancha qiynalib qolishim tayyin edi. Sodiq mobil yordamchimni sumkamga joylab, doʻkon eshigi oldidagi gʻildirakli savatlardan birini oldim-da, uzun rastalar tomon odimladim.
Lekin kutilmaganda ich-ichimdan qandaydir gʻashlik uyg‘ondi . Xuddi ortimdan kimdir kuzatayotgandek edi... Beixtiyor oyijonimning soʻnggi ogohlantirishlari yodimga tushdi: "Qiz bolaning musofir yurtda, yolgʻiz yurishi yaxshilikka olib kelmaydi, qizim..." Mayli, barchasiga vaqt oʻtib koʻnikib ketarman.
Kerakli mahsulotlarni savatga toʻldirib, kassa tomon yoʻl oldim. Kassa oldidagi navbatda turarkanman, devorga oʻrnatilgan televizordagi shoshilinch yangiliklar e'tiborimni tortdi. Boshlovchi jiddiy va sovuq ovozda xabar berardi: «Federal politsiya tunda yolgʻiz yuruvchi ayollarni ogohlantiradi. Berlin chetidagi oʻrmondan yana bir jasad topildi. Qurbonning boshi shafqatsizlarcha tanasidan uzib ketilgan. Politsiya barcha izlarni oʻrganmoqda...»
Ortimda turgan ikki nemis ayoli ham vahima bilan pichirlay boshlashdi:
— Eshitdingmi, oʻsha shafqatsiz qotil yana bitta qizni oʻldiribdi? Gazetalar u barcha qurbonlarining boshini kesib ketayotganini yozishmoqda. Dahshat...
— Ha, daxshat! Politsiya esa birorta ham iz topolmayotganmish. Xuddi koʻrinmas odamdek...
Ularning gapiga e'tibor bermadim. Kassir jami hisobni aytgach, hamyonimga qoʻl uzatdim. E, yoʻq! Faqat bu emas, u yoʻq! Ahmoq qiz, qanday qilib unutding?! Ming hijolat bilan sotuvchiga yuzlandim, biroq gapirishga ulgurmasimdan ortimda turgan inson gap boshladi:
— Xonim uchun hisobni men toʻlayman.
Oʻgirildim. Yo xudoyim, Zayn! Uni koʻrib negadir ich-ichimdan xursand boʻlib ketdim. Axir, begona shaharda oʻzing bilgan tanish chehralarni koʻrish qanchalik yoqimli tuyulishini bilsangiz edi.
— Bu yerda nima qilyapsiz? — soʻradim xaridni yakunlab, binodan tashqariga chiqar ekanmiz.
— Xuddi siz kabi shopping qilgani kelgandim, — deb jilmaydi u.
— Yordamingiz uchun rahmat, sal boʻlmasa uyga quruq qoʻl bilan qaytayotgandim. Agar biroz shu yerda kutib tursangiz, men tezda uyga borib hamyonimni olib kelaman...
U gapimni boʻldi:
— Keragi yoʻq. Buni shunchaki mendan kichik bir sovgʻa sifatida qabul qiling. Axir endi doʻstmiz-ku. Har holda men shunday hisoblayman.
— Zayn, axir biz endi bor-yoʻgʻi ikki martagina koʻrishdik, xolos. Qolaversa, yigit va qizning bunday munosabatda boʻlishi... — gapimni oxirigacha aytolmay, toʻxtab qoldim.
U esa hammasini tushungandek, muloyimlik bilan bosh chayqadi:
— Berlin tashqaridan juda ulkan shahardek koʻrinsa-da, aslida u kaftdek kichkina maskan. Leyla, iltimos, rad etmang. Hech boʻlmasa koʻrishib turishimiz mumkin-ku, toʻgʻrimi?
— Men... xoʻp, mayli.
— Ajoyib! — uning yuzida keng va samimiy tabassum yugurdi. — Ha, aytgancha, kechagi suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtganingiz bilan tabriklayman!
— Qayerdan bildingiz? — hayron boʻlib soʻradim.
— Chunki sizdan keyin men kirdim. Professorlar komissiyasini yaxshigina lol qoldirgan koʻrinasiz, hamma sizni maqtab oʻtirgandi.
— Ha, toʻgʻrisi, biroz qaltis va keskin suhbat boʻldi. Lekin uddaladim.
— Demak, endi rasman hamkasbmiz, — u menga qarab qosh qoqib qoʻydi. Negadir bu xabardan hursand bo‘ldim.Endi, haqiqatan ham yolgʻiz emasligimni his qildim.
U meni uyimgacha kuzatib qoʻydi. Eshik poyiga yetganda:
— Koʻrishguncha, Leyla, — dedi ohista.
— Koʻrishguncha, Zayn.
U ortiga oʻgirilib keta boshladi va besh qadam ham yurmay, kutilmaganda toʻxtab qoldi. Soʻng menga qarab jilmaygancha gapirdi:
— Bunisi aniq tasodif emas... — u choʻntagidan yaltiroq kalit chiqarib, mening uyim qarshisidagi qoʻshni eshikka ishora qildi: — Qoʻshnijon.
Bu yigit meni hayron qoldirishdan aslo charchamayapti! Hamkasb boʻlganimiz yetmagandek, endi qoʻshni ham boʻldikmi?
Hayratdan hech narsa demay, shoshilgancha uyim ichkarisiga kirdim. Eshikni ichkaridan mahkam qulflab, oshxonaga yoʻl oldim. Xaridlarni joylarkanman, miyamda oʻylar g'ujg'on oʻynardi: bu yigit oʻzi kim? Bu ketma-ket uchrashuvlarning bari rostdan ham oddiy tasodifmi? Yoki u... Leyla, ahmoq boʻlma! Balki bu shunchaki qismat tasodifidir, boshqacha boʻlishi mumkin emas. Lekin baribir qayerdandir kelayotgan oʻsha gʻalati gʻashlik meni tark etmadi...
👍