1998-yil, dekabr. Germaniya.
Koʻchada qor guppulab yogʻar, qahraton ayoz tufayli atrofda birorta ham tirik jon koʻrinmasdi. Biroq mana shunday noqulay ob-havoga qaramay, ona-bola bayram qilish va dam olish maqsadida shahar chetidagi oromgohga yoʻl olishgan edi. Yarim tun boʻlishiga qaramay, osmondagi toʻlin oyning nuri sababli qorli kengliklar gʻira-shira yorugʻ boʻlib turardi. Mashina ichida yoqimli musiqa sadolari ostida ular samimiy suhbat qurib ketishardi.
— Oyijon... Ertaga borsak ham boʻlardi-ku. Nega aynan yarim tunda yoʻlga chiqdik? — soʻradi bolakay.
— Axir bugun kichkintoyimning tugʻilgan kuni-ku! Bu kun sening yodingda bir umrga eng esda qolarli lahza boʻlib qolishini istagandim, — dedi ayol jilmayib, rulni boshqararkan.
— Dadam-chi? Ular kelmaydilarmi?
Ayol nima deyishini bilmay, bir muddat dovdiragancha chorasiz javob berdi:
— Dadang... Uning ishlari juda koʻp, ogʻlim. Ammo ertaga albatta ortimizdan yetib keladi.
— Lekin bayram bugun-ku...
— Kechir meni, ogʻlim. U ham bugun sening yoningda boʻlolmaganidan juda afsusda.
— Ha, mayli...
Endigina olti yoshni qarshilagan bolakay xafa boʻlib, burnini jiyrib oldi. Onasi uning kayfiyatini koʻtarishga harakat qilib, ortga burildi:
— Devid... sumkamni olib ber.
Bolakay mittigina qoʻllari bilan sumkani olar ekan, uning ichida yaltiroq rangli qogʻozga oʻralgan bejirim qutiga koʻzi tushdi.
— Bu nima, oyi?
— Bilmasam, qani, ochib koʻr-chi?
U katta ishtiyoq va qiziqish bilan yaltiroq qogʻozlarni yirta boshladi. Qutini ochganida esa uning ichidan shishadan ishlangan juda goʻzal bir oʻyinchoq chiqdi. Markazda oppoq ot va uning ustiga minib olgan mitti sehrli pari aks etgandi. Oʻyinchoq nihoyatda nafis, biroq oʻgʻil bola uchun biroz noodatiy sovgʻa edi. Bolakayning biroz hafsalasi pir boʻlib, onasiga yuzlandi:
— Faqat bu tugʻilgan kuningga sovgʻa deya koʻrmang...
— Nega? Senga yoqmadimi?
U onasining koʻnglini ogʻritishni aslo istamasdi, shuning uchun yuziga soxta tabassum yugurtirdi:
— Yoʻq, juda chiroyli ekan. Menga yoqdi! Uni yotogʻimdagi tokchaning eng koʻrinarli joyiga qoʻyaman.
— Juda soz! Bu seni himoya qiladigan pari bo‘ladi. Og‘ir ahvolga tushganingda, taskinga muhtoj bo‘lganingda shunchaki uni tomosha qil. Ha aytgancha mana uning kaliti. Uni tirqishiga tiqib burasang juda ajoyib musiqa yangraydi.
Voy, yetib kelipmizku.
Mashina shahar chekkasidagi qalin, nimqorongʻi oʻrmon qarshisida toʻxtadi. Ular pastga tushgan zahoti atrofda chiroqlar oʻchiqligi va hech kim yoʻqligidan hayron qolishdi.
— Toʻgʻri keldikmi, oyi? Nega bu yerda hech kim koʻrinmaydi?
— Hozir aniqlashtiramiz, — ayol sumkasidan telefonini olib, kerakli raqamni terdi: — Janob biz yetib keldik, biroq bu yer mutqalo boʻsh.
— Ha, xonim, uzr, sizga aytishni butunlay unutibman! — telefondan horgʻin ovoz keldi. — Kuchli qor yogʻishi oqibatida binoning tomi bosilib qoldi. Shuning uchun oromgohimiz bir necha kundan beri yopiq.
— Ha, shundaymi...
— Noqulaylik uchun uzr soʻrayman, xonim. Agar istasangiz, u yerdagi uylardan bepul foydalanishingiz mumkin. Faqat qor tufayli suv ta'minoti uzilgan, xolos...
— Tushunarli... Minnatdorman.
Qoʻngʻiroq yakunlangach, ayol oʻgʻliga ma'yus tikildi:
— Kechir meni, kichkintoy. Bayramingni barbod qildim. Oromgoh yopiq ekan... Ortga qaytamizmi?
— Yoʻq, ketishni istamayman! — bolakay qaysarlik qildi. — Axir oʻzingiz qorda chanada uchamiz, gulxan yoqib, kartoshka pishiramiz degandingiz-ku!
— Ha, aytgandim... Lekin...
— Iltimos, oyi... Qornim juda ochib ketdi, — uning mittigina, yoqimtoy yuziga qarab, ona oxiri taslim boʻldi va rozi boʻlib bosh silkidi.
— Yaxshi, unda shu yerda ovqatlanamiz-da, keyin uyga qaytamiz.
— Kelishdik!
Ular mashina yukxonasidan kerakli narsalarni tushirishdi.
— Men hozir oʻrmondan quruq oʻtin terib kelaman. Sen esa mashina yonida kutib tur, xoʻpmi? Keyin katta gulxan yoqamiz.
— Yaxshi.
Ayol qalin daraxtlar oralab oʻrmon ichkarisiga kirib ketdi. Qor ustida odimlar ekan, kutilmaganda uning quloqlariga shubhali qadam tovushlari eshitila boshladi. Ayol choʻchib, qadamini toʻxtatdi:
— Bu yerda kim bor?! — deb baqirdi u atrofga qarab.
Sukunat. Biroq qattiq qor boʻroni shabadasi bilan birga, qadam tovushlari unga daxshatli tezlikda yaqinlashib kelardi. Uni vahima bosib, ortga qochishga shaylangan ham ediki, zulmat ichidan chiqqan kimdir uning qoʻlidan shafqatsizlarcha tortib, sovuq qor ustiga yiqitdi!
— Yoʻq! Qoʻlingni tort! — u bor ovozi bilan qattiq baqirib, uning sochi va kiyimidan mahkam gʻajiyotgan noma'lum odamga qarshilik koʻrsata boshladi. Biroq ojiza ayol oʻzidan ikki barobar keladigan, vajohatli barzangi erkakka aslo bas kelolmasdi. Soʻnggi chorada u tajovuzkorning oyogʻidan bor kuchi bilan qattiq tishlab oldi-da, jonholatda oʻrnidan turib, oʻgʻli tomon yugurdi. Oʻrmon daraxtlarini chetlab, mashina yonida turgan oʻgʻlining qarshisiga yetib keldi:
— Devid! Tez mashinaga kir! Boʻl, ogʻlim, tez boʻl!
— Tinchlikmi, oyi? Voy, yuzingizga nima qildi?!
Peshonasidan tinmay qon oqayotgan ayol vahima ichida oʻgʻlini dast koʻtarib, mashina ichiga oʻtkazdi. Xavfsizlik kamarini taqib, uning yuzlaridan qaltirayotgan kaftlari bilan ushladi:
— Tezda bu yerdan ketishing kerak! Zudlik bilan! Men senga mashina haydashni oʻrgatgandim, yodingdami? Katta koʻchaga chiqib kimdandir yordam soʻra!
— Yoʻq! Sizni tashlab ketmayman! — bolakay qo‘rquvdan tinmay yigʻlab, onasiga talpinar edi.
— Menga qara, ogʻlim! Sen ketishing shart! Men ham ortingdan yetib olaman, soʻz beraman! Endi boraqol, qani, gazni bos!
Ayol mashina eshigini qattiq yopib, ortiga oʻgirildi, biroq qora kiyimli oʻsha daxshatli qiyofa allaqachon uning qarshisida qad rostlab turardi. Erkak ayolga yaqinlashib, qoʻlidagi oʻtkir bolta bilan uning boshiga shafqatsizlarcha zarba berdi. Baxtsiz ona hushini yoʻqotib, qor ustiga quladi. Turishga ulgurmasidan, maxluq uning tanasiga tinimsiz ketma-ket zarbalar bera boshladi... Yerdagi oppoq qor bir lahzada qip-qizil qonga belandi. Erkak vahshiylarcha zarba berishda davom etarkan, choʻntagidan oʻtkir pichoq chiqarib, ayolning boshini tanasidan butunlay kesib tashladi...
Mashina oynasidan bularning bariga guvoh boʻlgan mitti bolakay daxshatdan dong qotgan, uning butun dunyosi qulagan edi. Koʻz oldida onasining jonsiz va boshsiz tanasi yotardi. Lablari qaltirab, soʻnggi bor o‘sha shifobaxsh soʻzni arang pichirladi:
— Oyi...
Qotil qonli boltasini sudragancha endi mashina tomonga yaqinlasha boshladi. Eshik dastasini tortdi, biroq u ichkaridan qulflanganligi sababli, gʻazab bilan mashina baloniga qattiq tepdi. Keyin esa qoʻlidagi ogʻir asbob bilan oynaga daxshatli zarba berdi! Devid qattiq qoʻrqqanidan hatto ovoz chiqarib yigʻlay olmas, quloqlarini qoʻllari bilan mahkam berkitib olgandi. Oynaga kelib tushgan kuchli zarba tufayli shisha chil-chil sindi va uning mayda parchalari bolakayning mittigina yuziga, koʻzlari atrofiga kelib sanchildi. Joni ogʻriyotgan boʻlsa-da, u tovush chiqarmasdan, faqat unsiz koʻz yosh toʻkardi.
Qotil singan oyna orqali eshikni ichkaridan ochishga urinayotgan bir paytda, u vujudida paydo boʻlgan gʻayritabiiy kuchni topdi va bor ogʻirligi bilan gaz pedalini bosdi. Uning kichik oyoqlari pedalga arang yetayotgan edi. Shunda u rulni keskin burib, mashina eshigiga yopishib olgan qotilni yerga uchirib yubordi... Orqasiga ham qaramay, qorli yoʻldan bor tezlikda ketardi. Qalbidagi cheksiz gʻazab va alamdan tishlarini qattiq qisdi-da, yigʻi aralash qasam ichdi:
— Qasos olaman...
Devid qattiq qoʻrquv va yuziga sanchilgan shisha parchalarining daxshatli ogʻrigʻi bilan mashinani oʻrmon yoʻlidan katta trassaga haydab chiqdi. Kichkina barmoqlari bilan rulni zoʻrgʻa ushlab borar, koʻz oldida faqat onasining boshsiz tanasi gavdalanardi. Gʻazab va alamdan tishlarini qayrarkan, birdan qarshisida hashamatli, qora rangli mashina chiqdi. Olti yoshli bolakay tormozni bosishga ulgurmadi — daxshatli gumburlash ovozi eshitilib, Devid boshqarayotgan mashina oʻsha qora avtomobilga bor tezligida urildi.
Zarba kuchidan rulga boshi bilan urilgan Devidning koʻz oldi qorongʻulashdi. Qora mashinadan qoshlari chimirilgan, vajohatli keksa bir odam tushib keldi. U gʻazab bilan oʻz mashinasiga urilgan transport eshigini yulqib ochdi-da, rulda oʻtirgan, yuz-koʻzi qonga belangan mittigina bolani koʻrib toʻxtab qoldi.
— Sen kimsan? Bu yerda nima qilib yuripsan?! — oʻshqirdi qariya.
Shu payt mashina orqa oʻrindigʻidan Devid bilan tengqur boʻlgan kichkina bolakay qoʻrquv bilan moʻraladi:
— Bobojon, u tirikmi? Unga yordam bering...
Qariya Devidni mashinadan yulqib oldi. Bolakay yarim hushsiz holatda boʻlsa-da, qariyaning koʻzlariga nafrat va qasos olovi bilan tikildiki, bu qarash keksaning e'tiborini tortdi. U oʻrmon tomondan kelayotgan qon hidi va bolaning yuzidagi qo‘rquvdan hammasini tushundi. Bu bolaning ichida butun dunyoni yoqib yuborishga tayyor daxshatli maxluq uygʻonayotgan edi.
— Bu bolakay bizga hali juda asqotadi, — dedi qariya sovuq iljayib, Devidni oʻz mashinasiga oʻtqizarkan. — Uning ichidagi olovni men oʻz foydam uchun yoqaman...
❤️