Ertasi kuni Ayla maktabga odatdagidan biroz ertaroq keldi.
Kecha yangi maktabga kelgani uchun hamma narsa unga notanish tuyulgandi. Bugun esa yo‘laklardan qaysi biri sinfga olib borishini bilardi.
Sinfga kirganida hali ko‘pchilik kelmagan edi.
Sara esa allaqachon joyida o‘tirardi.
— Voy, sen ertaroq kelibsan.
— Ha. Bugun kech qolmaslikka qaror qildim.
— Kecha ham shunday degandingmi?
Ayla kulib qo‘ydi.
— Yo‘q. Kecha shunchaki omadim kelmadi.
Sara uning yoniga qarab kuldi.
— Birinchi kuning qanday o‘tdi?
Ayla sumkasini stol yoniga qo‘ydi.
— Yomon emas.
— Faqat yomon emasmi?
— Ha. Hali biror odam bilan urishib ulgurmadim.
— Birinchi kundanoq urishishingni kutmagandim.
— Men ham.
Ikkalasi kulishdi.
Ayla joyiga o‘tirib, daftarlarini chiqardi. Keyin beixtiyor deraza tomonga qaradi.
Daniel hali kelmagan edi.
Ayla buni o‘zi ham nega tekshirganini tushunmadi.
“Nega unga qarayapman o‘zi?”
Bir ozdan keyin sinfga boshqa o‘quvchilar ham kira boshladi.
Daniel esa dars boshlanishiga bir necha daqiqa qolganida keldi.
U hech kim bilan salomlashmadi. Shunchaki joyiga borib o‘tirdi.
Ayla unga qarab qo‘ydi.
Kecha Sara aytgan gaplari yana yodiga tushdi.
“Oilasi... ikkinchi farzand... oilasidan chiqib ketgan...”
Lekin Ayla bu gaplarga unchalik ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmasdi.
Odam haqida biror narsa eshitish boshqa, uni o‘z ko‘zing bilan bilish boshqa edi.
— Ayla.
Sara uning oldida qo‘lini silkitdi.
— Ha?
— Qayerga qarab qolding?
— Hech qayerga.
— Yana Daniel tomonga qarab turuvding.
Ayla unga qarab:
— Sen hamma narsani ko‘raverasanmi?
— Ha.
— Unda ko‘zingni yum.
Sara kulib yubordi.
— Mayli, mayli.
Dars boshlandi.
Bu safar Ayla o‘qituvchining gaplarini yaxshiroq tushunishga harakat qildi. Ba'zi joylari unga qiyin tuyuldi, shuning uchun daftariga ko‘proq yozib bordi.
Bir payt ruchkasi yozmay qoldi.
Ayla uni bir necha marta qog‘ozga bosib ko‘rdi.
— Yozsang-chi...
Ruchka baribir yozmadi.
Sara sekin qarab:
— Siyohi tugagan.
— Bilaman.
— Unda nega uryapsan?
— Balki qo‘rqib yozib qolar.
Sara kulgisini zo‘rg‘a ushlab turdi.
— Sen bilan zerikib bo‘lmaydi.
Ayla yangi ruchka izlay boshladi.
Dars davom etardi.
Deraza ortida esa yomg‘ir yana mayda tomchilay boshlagan edi.
Ayla bir zum tashqariga qaradi.
Keyin yana daftariga egildi.
Uning yonida esa Daniel jim o‘tirardi.
Hozircha ular bir-biriga deyarli begona edi.
Faqat Ayla uning ismini bilardi.
Daniel esa Ayla yangi kelgan qiz ekanini.
Boshqa hech narsa yo‘q.
Ammo o‘sha kuni tanaffus paytida Ayla tasodifan bir narsani ko‘rib qoldi.
Daniel sinfdan chiqib ketayotganda stolining ustida kichkina oq qog‘oz qoldi.
Ayla avvaliga bunga e'tibor bermadi.
Lekin qog‘ozning chetida yozilgan bir nechta so‘z ko‘ziga tushib qoldi.
U beixtiyor qarab qoldi.
Va o‘sha yozuvni ko‘rgan zahoti Sara aytgan gaplar yana xayoliga keldi.
Ayla qog‘ozga qarab turdi.
Keyin Danielning ortidan qaradi.
“Bu nima ekan?”
U qog‘ozga qo‘l uzatmadi.
Faqat o‘sha paytdan boshlab Daniel haqidagi kechagi gaplarga bo‘lgan qiziqishi yanada ortdi.