Oktabr oyining boshlarida edi.
Ertalabdan beri yomg‘ir yog‘ayotgan, osmon esa bulut bilan qoplangan edi. Ko‘chadagi daraxtlarning sariq barglari yomg‘ir suvida yerga yopishib yotardi.
Ayla deraza yonida turib tashqariga qaradi.
Kuzni yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa yomg‘irli kuzni.
Lekin bugungi yomg‘ir unga unchalik yoqimli tuyulmayotgandi.
Chunki bugun uning yangi maktabidagi birinchi kuni edi.
— Kech qolmaymanmi?
Ayla soatga qaradi.
— Voy, kech qolaman-ku!
U shoshilib sumkasini oldi. Stol ustida turgan telefonini ham olmoqchi bo‘lib, yana qaytib keldi.
— Shu telefon ham odamni bir kun o‘ldiradi.
Telefonini sumkasiga solib, uyidan chiqdi.
Ko‘chaga chiqishi bilan yuziga sovuq yomg‘ir tomchilari urildi.
Ayla soyabonini ochdi va tez yurib ketdi.
Yangi maktabi uyidan unchalik uzoq emasdi. Lekin bugun yo‘l juda uzun tuyulayotgandi.
Xayolida esa bitta savol aylanardi.
“Sinfdoshlarim qanday bo‘larkin?”
Ayla odamlar bilan tez chiqishib ketadiganlardan emasdi. Avval kuzatardi, keyin gaplashardi.
Shuning uchun yangi maktab unga biroz qo‘rqinchli tuyulayotgan edi.
Maktabga yaqinlashganda yo‘l chetidagi ho‘l barglar sabab oyog‘i sirpanib ketdi.
— Voy!
Ayla muvozanatini yo‘qotdi.
Yiqilib tushishiga oz qolganda kimdir uning qo‘lidan ushlab qoldi.
Ayla bir zum jim turib qoldi.
Keyin sekin boshini ko‘tardi.
Qarshisida bir bola turardi.
U baland bo‘yli, sochlari yom‘irdan biroz ho‘l bo‘lgan edi. Qo‘lida qora soyabon bor edi.
Bola Aylaga qarab:
— Yaxshimisan?
Ayla o‘zini tezda o‘nglab oldi.
— Ha. Yaxshiman.
— Ehtiyot bo‘l.
— Rahmat.
Bola boshqa hech narsa demadi.
Shunchaki soyabonini biroz yuqoriroq ko‘tardi-da, yo‘lida davom etdi.
Ayla esa uning ortidan bir necha soniya qarab qoldi.
“Hatto ismini ham so‘ramadi.”
Keyin vaqtni eslab, yana yugurib ketdi.
— Maktab!
---
Sinf xonasining eshigi oldida Ayla bir necha soniya turdi.
Ichkaridan o‘qituvchining ovozi eshitilardi.
Ayla chuqur nafas oldi.
“Bo‘ldi. Kir.”
Eshikni ochdi.
Sinf birdan jim bo‘lib qoldi.
Hamma unga qaradi.
Ayla ichidan:
“Nega hamma shunaqa qarayapti?”
O‘qituvchi Ayla tomonga qaradi.
— Sen yangi o‘quvchisanmi?
— Ha. Kechirasiz, biroz kechikdim.
— Mayli. Kir. O‘zingni tanishtir.
Ayla sinf oldiga chiqdi.
— Salom. Mening ismim Ayla. Bugundan boshlab shu sinfda o‘qiyman.
Bir necha o‘quvchi unga qarab jilmaydi.
O‘qituvchi:
— Yaxshi. Borib bo‘sh joyga o‘tir.
Ayla sinf bo‘ylab qaradi.
Bo‘sh joylardan biriga borayotganida ko‘zi deraza yonidagi bolaga tushdi.
Ayla to‘xtab qoldi.
“Bu...”
Ertalab uni yiqilishdan ushlab qolgan bola edi.
U ham shu maktabda o‘qirdi.
Ayla unga bir oz qarab turdi.
Lekin bola hatto boshini ko‘tarmadi.
U derazadan tashqariga qarab o‘tirardi.
Ayla joyiga o‘tirdi.
Yonidagi qiz unga qarab:
— Salom.
— Salom.
— Men Sara.
— Ayla.
Sara kuldi.
— Bilaman.
— Ha, to‘g‘ri.
Ayla daftarini chiqardi.
Dars boshlandi.
Lekin birinchi darsda Ayla yangi maktabga emas, deraza yonidagi bolaga ko‘proq e’tibor berib qo‘ydi.
U juda jim edi.
Dars davomida bir marta ham ortiqcha gapirmadi.
O‘qituvchi savol berganda javob berdi, keyin yana jim bo‘ldi.
Tanaffus paytida Ayla Saraga qaradi.
— Anavi bola kim?
Sara darrov kimni nazarda tutganini tushundi.
— Danielmi?
— Ha.
— Nega?
— Shunchaki.
Sara unga qarab:
— Daniel haqida ko‘p narsa bilmayman. U bizning sinfda anchadan beri o‘qiydi.
— O‘zi doim shunaqa jim yuradimi?
— Ha, deyarli.
Ayla yana Daniel tomonga qaradi.
— Ismi Daniel ekan-da.
— Ha.
Sara bir oz jim qoldi.
— Yana bir gap bor.
— Qanaqa?
— Eshitishimcha, u oilasida ikkinchi farzand.
— Keyin?
— Oilasidan chiqib ketgan deyishadi.
Ayla hayron bo‘ldi.
— O‘zi chiqib ketganmi?
— Bilmayman. Bu faqat gap.
— Nega?
— Buni ham hech kim bilmaydi.
Ayla Danielga yana qaradi.
U bu gaplarning birortasiga o‘xshab bezovta ko‘rinmasdi.
Go‘yo hech narsani eshitmayotgandek edi.
Ayla esa ichida o‘yladi:
“Odamlar haqida shunaqa gaplarni qayerdan topishadi o‘zi?”
Shu payt Daniel birdan boshini ko‘tardi.
Ayla unga qarab turgan edi.
Ularning ko‘zlari to‘qnashdi.
Ayla darrov ko‘zini boshqa tomonga burdi.
Sara buni sezib qoldi.
— Nima bo‘ldi?
— Hech narsa.
— Sen hozir Danielga qarab turganding.
— Yo‘q.
— Ko‘rdim.
— Unda nega so‘rayapsan?
Sara kulib yubordi.
— Shunchaki.
Ayla unga qarab:
— Darsingni qil.
---
Kun oxirida yomg‘ir hali ham yog‘ayotgan edi.
O‘quvchilar birin-ketin maktabdan chiqib ketishardi.
Ayla esa sumkasini yig‘ishtirib, eshik tomon yurdi.
Yo‘lakda Danielni yana ko‘rib qoldi.
U yolg‘iz edi.
Qo‘lida o‘sha qora soyabon.
Ayla bir zum to‘xtadi.
Daniel ham uni ko‘rib qoldi.
Ammo hech narsa demadi.
Ayla ham indamadi.
Ikkalasi yonma-yon yo‘lakdan o‘tib ketishdi.
Maktab eshigidan chiqqanlarida yo‘llari boshqa tomonga ajraldi.
Ayla uyiga ketdi.
Daniel esa boshqa tomonga yurib ketdi.
Ayla ortiga bir marta qaradi.
Daniel allaqachon uzoqlashib ketgandi.
O‘sha kuni Ayla uning ismini bilib oldi.
Boshqa hech narsa emas.
Hali uning oilasi haqida ham, nima sababdan yolg‘iz yurishi haqida ham bilmasdi.
Daniel esa Ayla uchun shunchaki yangi maktabdagi jim bola edi.
Hech qanday alohida odam emas.
Hech qanday alohida his ham yo‘q edi.
Faqat...
Ayla o‘sha kuni kechqurun deraza yonida yomg‘irni tomosha qilib o‘tirarkan, negadir ertalabki voqea yodiga tush6di.
Uni yiqilishdan ushlab qolgan bola.
Qora soyabon.
Va uning:
— Ehtiyot bo‘l.
degan ikki og‘iz gapi.
Ayla o‘zi ham bilmagan holda jilmayib qo‘ydi.
Keyin esa yana derazadan tashqariga qaradi.