Pov: Asal
Hash-pash deguncha oradan ikki hafta o’tibdi. O’n to’rt kun. Hamma o’zi bilan o’zi ovora. Men kun davomida ishda bo’laman. Sardor aka bilan deyarli ko’rishmaymiz. U tush vaqti uyga kelib biroz dam olib, uyga qaytgunimcha yana ketgan bo’ladi. Orada menga gaplashib olishimiz kerakligini aytgandi. Biroq mavridi bo’lmadi. Qiziq… Men bilan nima haqda gaplashmoqchi?!
— Meni eshityapsizmi? – deya bir mijozim xayolimni buzdi.
— Uzr, nima dedingiz? – uning oldida biroz hijolat bo’ldim.
— Sochlarimni yoyib, jingalak qilib turmaklang. Yana, uning juda uzunligini saqlab qoling. Bilinib tursin!
— Xo’p, aytganizdek qilaman, – dedim tabassum bilan.
Turmushdan ajraganimdan so’ng, bir go’zallik saloniga ishga kirdim. Soch turmaklab, makiyaj qilishni o’rgandim. Toki, ota-onamga qaram bo’lmay, o’z kunimni o’zim ko’ray deb. Dunyoda boshqalarga muhtojdek, xuddi tilamchidek pul so’rash juda og’ir. Buni boshidan o’tkanlargina biladi. Mijozimning uzun sochlariga havas qildim. Ko’zim birdan yoshga to’lib, qizara boshladi. Sezdirmaslikka urindim.
Qachonlardir mening ham sochlarim belimgacha yetgan, ipakdek mayin edi…
5 yil avval…
— Kelin poshsha? Asalxo-o-on?
— Labbay, oyijon? – qaynonam shunday vajohat bilan chaqirar ediki, har ismimni aytganida yurak hovuchlab turardim. Bu gal qanday dakki eshitar ekanman deb. Negaki, har bir ishimdan albatta qandaydir kamchilik topardi.
Arzimas xato uchun ham katta janjallar kelib chiqardi. — Chaqirdingizmi?
— Xa. Chaqirdim. Nega darrov javob bermayapsiz? Kelin degani chaqqonchaqqon harakat qilmaydimi?
— Oshxonada edim. Eshitmay qolibman, – ichimdan qon qaqshab yig’lasam ham buni sirtimda kimsaga bildirmadim. Ammam ta’kidlaganidek, bu oila. Unda hamma narsa bo’ladi. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib yashashim kerak ekan.
— Jasurbek o’g’lim kelyapti. Ishqilib, ovqatingiz tayyormi? Yo hali imillab yuribsizmi?!
— O’n besh daqiqada tayyor bo’ladi.
— Meni o’g’lim ertalabdan kechgacha tinim bilmay, itdek ishlab kelyapti-yu, siz birgina ovqatni hamon tayyor qila olmadizmi?
— Hovlini supur degandingiz, shunga biroz kechikdi.
— Gap qaytarmang! Qilgan ishizni menga minnat qilmang, – deya jaxl qilib ichkariga kirib ketdi.
Charchadim. Juda ham charchadim. Qaynonamning bu kabi qiliqlaridan to’yib ketgandim. Bularning barini oxiri bormi o’zi?! Har kunim shunday o’tadi. Biroz o’zimga kelib olay deb yuzimni muzdek suvga yuvdim. Ko’zguga qarasam ahvolim bir ahvol. Sochlarim to’zg’igan, lablarimdan suv qochgandek qurigan, rangim ham oqarib rang qolmagandi. O’zimni sal-pal tartibga keltirish uchun xonamga kirib ketganimni eslayman…
Chamasi besh daqiqadan so’ng, qaynonamning ovozi eshtila boshladi. Tinmay ismimni aytib chaqirardi. Hovliqqancha yugurib xonamdan chiqdim.
Oshxonaga yaqinlashganimda qaynonam va Jasur akaning suhbatini eshitdim.
— Keldingmi, o’g’lim.
— Keldim, onam, keldim…
— Nega kayfiyating yo’q? Nima bo’ldi?
— Ishxonada biroz muammo chiqdi. Aytgancha, Asal ko’rinmaydi?
— Xotiningni qulog’I eshitmay qopti. Qachondan beri chaqiraman, u garangni. Kelin degani ham shunaqa lapashang bo’ladimi? – Bu gaplarni eshitgan Jasur aka g’azablanayotgani aniq. Janjal chiqishidan qo’rqib ketyapman. Jasur aka aniq men bilan urishadi. — Menga gap qaytaradi, qilgan ishini minnat qiladi u!
— Asal!
— Jasur aka? Assalamu alaykum, yaxshi keldizmi? – Meni bor g’azabi bilan chaqirgandi. Qattiq qo’rqib ketdim. O’zimni qo’lga olishga urinsam-da yoshlangan ko’zim va qaltiroq bosgan qo’lim buni fosh qilardi. — Tinchlikmi?
Egnimga yaltiroq atlas ko’ylak va lozim kiygandim. Sochimni yoyib, yuzimga biroz pardoz qildim. Jasur aka esa ust-boshimga qarab butkul boshqa xayolga bordi. Qaynonamning esa ensasi qotdi.
— Qayerga otlanding?
— Bu uy kiyimi-ku, Jasur aka.
— Nega unda bunchalik yasanib olgansan?
— Xotining o’ziga qarasin, pardoz qilsin, onang sho’rlik seni yo’lingni kuti-i-ib poylab umri o’tadi!
Qaynonamning gij-gijlashidan turmush o’rtog’im battar g’azab otiga mindi. Bor kuchi bilan sochimdan tortib xonaga olib kirib ketdi. Yalinib yolvordim. Onamni behurmat qilding deb tinmay do’pposladi. O’zimni oqlashga urinsam gap qaytarganlikda ayblab meni eshitmadi ham. Nega bunchalik o’zimga oro berganimni so’raganida esa:
— Jasur aka, kim uchun ham bo’lardi. Siz uchun albatta. Ayol eri uchun yasanib oladi-ku, nega yomon xayolga borasiz? Urmang… jonim og’riyapti!
— Menga qara! – sochimdan ushlab yuzimni yuzi tomon burdi. Ko’zlarimga qarab: — Men uchun hech nima qilma! Senga onam aytgani uchun uylandim. Sevganim uchunmas. Meni o’zinga rom qilish qo’lingdan kelmaydi. Qulog’inga quyib ol shuni!
Shu vaqt barchasini tushundim… nima uchun meni bu xonadonga olib kelganini – xizmat uchun albatta. Jasur aka doim tongi soat beshda uyga kelardi. Menga e’tibor ham bermasdi. Doim ayol bo’lib mehr istaganimda turli bahonalar bilan meni o’zidan itarib kelgan. Endi o’zinga oro berishga hojat yo’q, onamga eshitmadim deyolmaysan deya sochlarimni tubi bilan kesib tashladi. O’shandan buyon ilgaridek o’smay qo’ygan.
Hozirgi kun
Qornim ochib ketdi. G’uldirayverib rosa azobladi! Sheriklarimdan uyalib ketdim. Ular maza qilib tushlik qilishyapti. Meni esa vaqtim kutish bilan o’tyapti. Hatto men bemaza yoqimsiz deb bilgan issiq gummaning hidi ham dimog’imga shunday urdiki, o’ntasini paqqos tushirishga tayyor edim. Qiziq… u qayerda qoldi… Aslida hayron qolmasam ham bo’ladi. Chunki u doim meni shunday kuttirardi.
— Asal?! – degan juda ham tanish va yoqimli ovozni eshitdim.
Nihoyat! Nihoyat uzoq kutilgan uchrashuv. Mana bugun diydor bo’ladi. Ich-ichimdan shu qadar hursandman-ki, borib uni mahkam quchoqlab olgim kelyapti. Meni uzoq kuttirgani uchun avval shapaloq tushirsammi yoki qulog’idan tortsammi? Eshik tomon borardim. Unga yaqinlaganim sari mehrim oshib ketaverardi. Do’pposlab urgim kelsa ham baribir quchoqlayman. Sog’ingandim-da…
— Rayhon! – yuzimni bujmaytirdim, biroq bag’rimga bosdim. — Doimgidek kech qolding.
— Kechir dugonajon, aeroportda biroz ushlanib qoldim, faqat arazlama!
— Menga Istanbul haqida aytib bersang mayli, ranjish yo’q.
— Albatta, jonim bilan. Istanbul nima bo’libdi, butun Turkiya haqida birma-bir so’zlab beraman. Xo’sh, tayyormisan?
— Xa, biroq avval yo’l yuzidagi kafega kirib olaylik. Bilasan-ku, ochofat dugonang bor! – bir-birimizni bag’rimizga bosgancha hazillashib gaplashishni davom etardik.
— Yo’q-yo’q! Aslo. Seni shunchaki ishtahang juda yaxshi! – Men doim salbiy ma’nodagi shu kabi so’zlar aytsam, dugonam Rayhon doim ijobiy tomonga o’zgartirardi. — Sen juda sog’indim. Aytadigan gaplarim ko’p.
— Menda ham…
Rayhon bilan maktab davridan buyon yaqin dugonalarmiz. Bir-birimizni har doim, har qanday vaziyatda tushunib qo’llab-quvvatlab keldik. Bolaligi juda og’ir o’tganiga qaramay hayotda xushchaqchaq qiz. Chiroyli, aqlli, intiluvchan. Turmushga chiqish niyati yo’q. Yaxshi bir joydan ish topdi, ishi yurishib ham ketdi. Yiqqan pullarini onasi va opasiga yordam berib, endi turli davlatlarni ko’rish istagida. Sayohatni sevadi. Aytishicha, sayohat ko’pgina dardga darmon bo’la olarkan. U men haqimdagi barcha sirni, hayotimni bilardi. Faqat… faqat unga Sardor bilan bog‘liq voqealarni aytishga ulgurmadim.
— Nima? Asal, gaplaring rostmi? – yangilikni eshitgach hayon-u lol. Ko’zlarini katta ochib ichayotgan qahvasi ham yodidan ko’tarildi. — Men bor yo’g’I uch hafta shaharda yo’q edim. Qisqa vaqt ichida shuncha yangilikmi? Nega aytmading?
— Chunki yonimda emasding. Telefonda aytgim kelmadi. Sayohatda eding-ku.
Seni arzimas narsalar bilan boshingni qotirgim kelmadi.
— Arzimas narsa?! Bu sening hayoting, tushunyapsanmi? Sen yana oila qurding. Hayotingdagi ikkinchi eng muhim qarorni qabul qilibsan!
— Bu haqiqiy tumushmas. Soxta. Bir necha oydan so’ng ajrashamiz. Hamm o’z yo’lidan ketadi.
— Ahmoqona reja, – uning rosa jaxli chiqdi.
— Bilaman.
— Senga bo’lgan munosabati qanday? – uzoq vaqtlik sukutdan so’ng, nihoyat savol bera boshladi.
— Hech qanday. Bir kun uyga kelsa uch kun kelmaydi. Bir-birimizni deyarli ko’rmaymiz, gaplashmaymiz.
— Hech qisi yo’q. Endigina ikki hafta bo’libdi. Yana biroz vaqt o’tsin.
— Rayhon? Nimaga shama qilyapsan? Biroz vaqtdan so’ng – ajrim!
— Nega asabiylashasan? Hali hech nima demadim-ku… – ayyorona jilmaydi. Uning bunday jilmayishi menga juda tanish. Boshini egib menga yaqinroq keldi: — Asal, bir gap aytaman. Xalqimiz bejiz mehr ko’zda demaydi. Ozmi ko’pmi bir-biringizni ko’ryapsiz. Orangizda mehr uyg’onsa ajab emas!
— Rayhon, nimalar deyapsan?
— Soxta turmush haqiqatga aylansa-chi?
— Yo’q! Bunday bo’lmaydi. Bu haqda o’ylashni istamayman! Uning sevgan ayoli bor!
— U bilan ajrashgan.
— Nima ahamiyati bor?
— Axir Sardorni qachonlardir yoqtirgansan. Buni bilaman.
— Uzoq o’tmishdagi gap-ku! U vaqt yosh edim. O’n yetti yoshda edim, axir.
— Hozir ham qari emassan. Endigina yigirma uchga kirding. Jasur bilan ajrashganinga ikki yil bo’ldi. Bas, endi o’z hayotingni qur. Baxtli bo’l, – jiddiy ohangda men uchun qayg’urib, jon kuydirib gapirardi. Lekin… qanday qilib baxtli bo’laman? Sardor akaga meni hech qanday hissim yo’q. Unda ham.
— Bu mavzuni butunlay yopishingni istayman!
Tushlik qilib bo’lgach salonga qaytdim. Ichkariga kirishim bilan hamma menga qarab tirjayardi. Tushunmay qoldim. Nega hamma menga qarayapti?! Rayhon ham yonimda, u ham hammaning ko’zi mendaligini sezdi. Kutilmaganda bir sherigim qo’lida katta guldasta bilan yonimha kelib:
— Asal, buni sizga tashlab ketishdi, – dedi. Kimdanligini so’rasam: — Kuryer tashlab ketdi. Balki kuyov jonatib yuborgandir, – deya hingirladi.
Hayratdaman. Bunday bo’lishi mumkinmas. Nahotki Sardor aka menga guldasta jo’natgan bo’lsa… nega?
— Bu bir anglashimovchilik. Aniq.
— Gap so’zingdan xulosa qilsak, men ham shu fikrdaman, – dedi dugonam. U ham buni kutmagandi. — Qara, ichida xat borga o’xshaydi, och, o’qi!
Kichik qog’ozchani olib, ichini o’qidim:
“Hayotimga kirding-u, maftun bo’ldim ko’zinga,
Beg’uborsan boladek, oshiq etding o’zinga!”
— Asal, nahotki bu… Sardordan bo’lsa…
***
Pov: Sardor
Bolalikdan birga ulg’aygan do’stlarim Sherzod va Shoxruh bilan bugun birga tushlik qilishga kelishgandik. Kelishilgan vaqtdan yarim soat o’tdi. Ulardan esa darak yo’q. Qiziq, nega kech qolishyapti? Hozir kelishgach, boplab adabini beraman hali!
— Sardor?!
Ana, kelishdi. Ikkisi ham tirjayib men tomon kelishyapti. Aslini olganda kulgimni bazo’r tiyib turibman. Biroq, ularga buning aksini ko’rsatyapman.
— Sen ikkoving qayerlarda qolib ketding? – dedim jaxl bilan.
— Do’stim, qizishma! Senga yaxshi xabar bilan keldik. Kech qolganimizga arziydi, – dedi Sherzod.
— Qani unga aytsangchi tezroq, – deb ishshaydi Shoxruh.
— Nima ekan, xo’sh?
— Xullas, do’stim. Sening bu vaziyatingni, ahvolingni hisobga olgan holda biz Shoxruh bilan bir reja tuzgandik. Shuni hal qilib kelyapmiz. Bir haftaga toqqa “Layner” ga jo’naymiz!
— Tasavvur qilgina, oltovimiz yani biz uchalamiz va sevimli xotinlarimiz. Sening Samirangni ham nazarda tutyapman. Oilaviy jinnicha o’yinlaringdan, ota-onang turli bosimlaridan yiroqda! Bilamiz, senda hozir qiyin vaiyat. Shuning uchun biroz ko’ngil yozib kelasan, nima deding?
— Rostanmi? Jiddiy aytyapsizmi? – ko’z oldimda darrov tog’da dam olayotganimiz gavdalandi. Hatto yengil torta boshladim. — Yigitlar? Juda yaxshi o’ylabsiz, menga o’zi biroz dam kerak edi. Bu haqda eshitiboq ko’nglim ko’tarildi.
— Arzimaydi, arzimaydi, hech qisi yo’q. Minnatdor bo’lma! – dedi Shoxruh hazillashib. So’ng birdan ovoz to’ni jiddaylashdi: — Sardor? Nima u shunchalik yomonmi? Yani, uydagi xotiningni nazarda tutyapman. U bilan to’yingiz bo’lganiga ham bir oycha bo’lib qoldi. Lekin shu o’ttiz kunda uch kun uyda bo’lsang qolgan kunlari bazan biznikida, bazan esa Samira bilan bo’lasan.
— Nima desam ekan…– rostdan ham nega bunchalik undan nafratlanaman o’zi? U menga biror yomonlik qilgandek. — Do’stim, aslida u yomonmas, nima desam ekan… xullas bir gap bilan aytganda uni sevmayman, tamom. Men doim Samirani sevganman. Ko’ngling yo’q inson bilan bir daqiqa ham yashay olmaysan, ishonaver.
Shu payt telefonim jiringladi. Farhod qo’ng’iroq qilayotgan ekan. Jin ursin, yodimdan ko’tarilibdi. Unga uy uchun bozorlik qilishini iltimos qilgandim-ku.
— Kuzen?! Salom, senga qayta qo’ng’iroq qilish yodimdan ko’tarilibdi.
— Hech qisi yo’q, kuzen. Ikki soat bo’sh vaqtim bor edi. Aytgan narsalaringni hammasini oldim. Bularni nima qilay, senga olib borib beraymi?
— Yo’q-yo’q, men bugun juda kech uyga qaytaman. Ungacha masalliqlar yomon holatga kelib qoladi. Savob qilibsan, oxirigacha qil. Uyga olib bor iltimos.
— Mayli-kuya, nega bunchalik og’zing qulo’ingda? Ovozingdan hursand ko'rinasan?
— Ha… nimasini aytasan?! Shox bilan Sherzod menga kutilmagan syuzpriz qilishdi!
— Yo’g’e? Nima ekan?
— Bir haftaga toqqa kelinoyingni olib ketaman. U ham men ham dam olib, biroz kayfiyatimizni ko’tarib kelamiz. Do’stlarim ham xotinlari bilan borishadi, – dedim quvongancha.
— Ajoyib syurpriz. Yaxshi o’ylashibdi. Mayli men go’shakni qo’yaman.
Qiziq, nega buncha go’shakni qo’yishga shoshdi? Hayronman. So’qqabosh amakivachcham hamon bo’ydoq. Sevgi borasida omadi hech chopmagan. Tengqurlari oilali, bola-chaqali. U esa yo’q. Menimcha, oilaviy dam olish haqida gapirganim uchun kayfiyati tushgandir.
— Sardor? Farhodmi? Uyinga narsa olib borishi haqida gaplashdingmi?
— Ha-a… uyda ro’zg’orlik qolmagandi. Olti kun avval uyga tush payti borgandim. Muzlatkichda hech nima qolmagandi. Mana oradan olti kun o’tdi, shu paytgacha biror marta qo’ng’iroq qilib uyga bozorlik qilish haqida aytmadi u. Yani, Asal.
— Olti kun deganda endi yodinga tushdimi?
— Ishlarim ko’p, vaqtim bo’lmadi. Ustiga ustak, Samira doim yonimda edi.
— Menga qara do’stim, – dedi Sherzod. — Samira bilan qonuniy ajrashtingiz-ku, buyog’I nima bo’ladi endi?
— Ha, biz jaxl otiga minib, qonuniy ajrashtik, biroq biz bir-birimizni baribir sevamiz…
Asal
Bugun ob-havo sababli boshim qattiq og’ridi. Mart oyida tez-tez havo aynib turadi. Bir qarasang quyosh charaqlab ketsa, ertasiga yomg’ir yog’adi. Uyga vaqtliroq qaytdim. Sardor akaning oyisi kun ora qo’ng’iroq qilib, ahvolimizdan, o’g’lidan xabar oladi. Men esa unga yolg’on gapirishdan charchadim. Sardor aka uyga kelmaganiga olti kun bo’ldi. Biroq men uni har kuni kelyapti, hammasi joyida deb tinchlantirib qo’yaman. Onam ham har kuni qo’ng’iroq qiladi. Lekin go’shakni olmayman… ololmayman… onam bilan ham otam bilan ham ko’rishmaganimda bir oy bo’ldi. Hotirjam gaplashmadim hattoki. To’g’ri, ular ota-onam… biroq ich-ichimdan ularni kechirolmayapman. Meni eshitishmadi, qalbimga quloq solishmadi hech… oyim men uchun kurasholmadi. Ota-onaning farzandida haqqi bo’lgandek, farzandning ham ota-onasida haqqi bor-ku, axir! Yarador qushdek parvoz qila olmayotganimni ko’ra bila turib, meni yana oltin qavasga tiqishardi. Sababi oddiy: Odamlar nima deydi?! Odamlarning og’zi ochilmasligi uchun men har ko’yga tushdim. Endigina ozodlikka erishdim, qanot yozib parvoz qilaman deganimda esa… Sardor bilan yana yuzlashtirishdi.
Og’riq qoldiruvchi dori ichib biroz mizg’ib olaman deganimda, kutilmaganda eshik taqilladi. Qiziq... nahotki Sardor kelgan bo’lsa? Eshikni ochdim. Qarshimda bo’yi uzun, gavdali, qorachadan kelgan bir yigit turardi. Istarasi issiq, tanish chehra. Qayerdadir ko’rganman, ammo qayerda?! Menga tikilib qarab turaverdi. Nima deyishni ham bilmay shoshib qoldim.
— Kimsiz, tanimayroq turibman, – dedim hijolat bo’lib.
— Salom, men Farhodman! Sardorning amakivachchasi, – dedi tabassum bilan.
— Vay, yaxshimisiz?! Ming bor uzr, sizni tanimabman!
— Qayerdan ham tanirdingiz, faqat to’y kuni ko’rishdik-ku, – dedi.
— Ishqilib, ko’zimga juda tanish ko’rindingiz, – Farhodning gap-so’zidan juda xushchaqchaq, hazilkashligi sezilardi. U bilan suhbatlashgan inson zerikmasligi aniq. — Farhod, uzr so’rayman, uyda Sardor aka yo’q edi… Agar uni izlab kelgan bo’lsangiz.
— Uning o’zi meni bu yerga jo’natdi.
— A-a? Shunaqami?
— Ha, uyga bozorlik qilib kelgandim. Bugun kech qaytarkan, shunga men olib kelaverdim. – Qo’llarida tutgan bozorlikni endi ko’ribman. — Sizga og’irlik qilsa kerak, olib kirib beraman.
Ichkariga masalliqlarni olib kirib berdi. Biror narsa ichishni taklif qildim, rad etdi. Negadir o’zini g’alati tutdi. Uyni ko’zdan kechirib, har bir burchakka tikildi. Nimadir izlayotgandek… hayronman!
— Rahmat, sizga. Ovora bo’libsiz.
— Ovorasi bor ekanmi?
— Boshqa biror kuni albatta keling, mehmon bo’lib ketasiz!
— Albatta kelaman, kelinoyi. – endigina eshikdan chiqmoqchi bo’lib turganda ortiga qaytdi. — Ha… aytgandek, eshitdim, dam olishga ketarkansizlar. Yoqimli hordiq tilayman!
— Ketamiz? Bizmi? – Bundan hech xabarim yo’q. Farhod nimani nazarda tutdi? Axir, hech qayerga ketmayapmiz-ku. Yoki… Sardor unga nimadir dedimi?
— Bir haftaga toqqa dam olgani ketarmushsiz. Sizlar uchun hursand bo’ldim.
Farhod chiqib ketdi. Men esa savollarga ko’milgancha qoldim. Bugun Sardor kelsa bafurja gaplashib olamiz, bir gap bo’lar…
Soat tungi o’n bir. Ko’zimga uyqi kelmayapti, uxlolmayapman. Sardor akani kutib o’tiribman. Savollarga javob olmagunimcha ko’nglim xotirjam bo’lmaydi. Bir haftag toqqa dam olish?! Bu fikr kimdan chiqdi ekan? Balki, Sardor akaning onasi uyushtirgandir. Bizni… munosabatlarimizni yaqinlashtirish maqsadida. Agar shunday bo’lganda kunduzi bu haqda aytgan bo’lardi-ku. Jin ursin, ko’zim yumilib ketyapti. Agar xozir uxlab qolsam, bu imkonni qo’ldan chiqaraman. Keyin Sardor bilan gaplasha olmasligim mumkin. Nega buncha o’zimni qiynadim?! Shuchaki qo’ng’iroq qilsam bo’ladi-ku…! Shart qo’limda telefonimni olib raqamini teray deganimda qo’limni qaltiroq bosdi. Yo’q-yo’q-yo’-o’q… bu qo’limdan kelmaydi. Unga qo’ng’iroq qilolmayman. Jur’atim yetmaydi. Lekin, nega?!
Qo’rong’i xonada buklanib yig’lab yotibman. Qalbim og’rig’ini his qilyapman. Dod solib yig’layapman. Biroq shu payt birdan kimdir ortimdan meni qattiq bag’riga bosdi. O’zimda xotirjamlik his qildim. Yengil tortdim. O’zimni shunchalar havfsiz his etdimki… bu kim bo’lishi mumkin? Oyimmi… yo’q, bu oyimga o’xshamayapti. Shu payt birdan uyqidan uyg’onib ketdim… bu tushmidi? Alahsiragancha atrofga qaradim, zalda televizor qarshisida Sardor akani kutgancha uxlab qolibman-ku! Peshonamdan muzdek ter oqyapkanni his qildim. Eshik yonida kimdir meni kuzatib turganni sezgach darrov eshik tomon qarasam, Sardor aka menga tikilgancha turardi. Hijolat tortdim. Nima deyishni bilmay turganimda o’zi gap boshladi.
— Dir-dir titrab yotgan ekansan… shunga ustinga ko’rpa tashlab qo’ygandim. Uyg’otib yubordim shekilli.
— Men… haligi, – og’zimga gap kelmay qoldi. — Rahmat. Soat …
— Tungi ikki.
— Baribir uxlab qolibman-ku.
— Nima, uxlash niyating yo’qmidi? – deb mazax qilgandek jilmaydi.
— Demoqchimanki, – o’zimni jiddiy tutib maqsadga o’tdim. — Gaplashib olishimiz kerak.
— Tinchlikmi, nima haqda? – huddiki hech nimadan xabari yo’qdek tutishinichi o’zini… tavba qildim!
— Tog’masalasi bo’yicha… bu fikr qayerdan keldi, eshitib hayron bo’ldim. Menga siz ham oyingiz ham hech nima demadingiz. Qachon, qayerga, kimar bilan… hech nimadan xabarim yo’q. Shunga o’zingizdan so’ray dedim.
— Nima?! Buni senga kim aytdi?! – aft-angori tubdan o’zgarib ketdi.
— Amakivachchangiz, Farhod kelib ketgandi
— Tushunarli…
— Qiziq, u nega bunchalik hayratga tushdi? Uning ko’zlarida bezovtalik aks etardi. Lablari qimirlab bir nima demoqchi bo’ldi-yu, fikridan qaytdi. Go’yo o’zi ham bu haqda birinchi marta eshitib turgandek?! Bu yerda men bilmagan bir gap bor.