Birinchi uchrashuv
Lara soatiga yana bir marta qaradi.
Kechikayotgan edi.
Aslida u hech qachon kechikishni yoqtirmasdi. Ayniqsa, bugungidek muhim kunlarda. Qo'lida chet el universitetidan kelgan hujjatlar va boshqa kerakli qog'ozlar bor edi.. Ketishiga roppa-rosa o'ttiz kun qolgan edi.
O‘ttiz kun.
Bu raqam so‘nggi paytlarda uning xayolidan hech chiqmasdi.
Lara kafening eshigini ochib, ichkariga kirdi. Tashqaridagi salqin havo ortda qolib, iliq qahva hidi uni qarshi oldi. Kafe odatdagidan gavjum edi. Odamlarning suhbatlari, piyolalarning mayin jarangi va magnitafondan yangrayotgan musiqa bir-biriga qo‘shilib ketgandi.
U navbatga turdi.
— Bitta cappuccino, iltimos.
Odam ko'pligidan chetroqqa burilganida esa kimdir bilan to‘qnashib ketdi.
Hammasi bir soniyada sodir bo‘ldi.
Laraning qo‘lidagi sumkasi yelkasidan sirg‘alib tushdi.
— Voy...
— Kechirasiz!
Qarshisidagi yigit darhol bir qadam orqaga chekindi.
Uning qo‘lida ham kofe bor edi. Yaxshiyamki, hech narsa to‘kilmagandi.
— Hammasi joyidami? — dedi u.
Lara sumkasini ko‘tarib, bosh irg‘adi.
— Ha. Menimcha, kofeingiz mendan ko‘ra omadliroq ekan.
Yigit kulib yubordi.
— Rostdan ham. Lekin baribir ayb menda.
— Shunchalik ishonchingiz komilmi?
— Siz bilan urilish uchun aynan shu yo‘ldan kelganimni hisobga olsak, ha.
Lara beixtiyor kulimsiradi.
Yigit peshtaxtaga qaradi.
— Kofeingizni men olib beraman.
— Kerak emas.
— Unda hech bo‘lmasa vijdonimni tinchlantirish uchun.
Lara bir lahza unga qarab turdi.
— Mayli.
Yigit peshtaxtaga borib, unga yangi kofe buyurtma qildi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib, ular qo‘llarida kofe bilan bo‘sh joy izlashdi. Ammo kafe shu qadar gavjum ediki, deyarli hamma stol band edi.
Lara atrofga qarab, xo‘rsindi.
— Ajoyib. Endi kofem bor, lekin o‘tiradigan joyim yo‘q.
Yigit yonidagi stolga ishora qildi.
— Bu yerda joy bor.
Lara stolga qaradi. Keyin unga.
— Siz bilan birga o‘tirishim kerakmi?
— Agar xohlasangiz. Men xavfli ko‘rinamanmi?
Lara uning yuziga bir qarab oldi.
— Hali qaror qilganim yo‘q.
Yigit kuldi.
— Unda kofengiz tugaguncha qaror qilarsiz.
Lara o‘tirdi.
— Lara.
— Elias.
Shu tariqa ular tanishishdi.
Dastlab suhbat oddiy edi.
Universitet haqida gaplashishdi. Kofening qaysi turi yaxshiroq ekanini bahslashishdi. Keyin suhbat kitoblarga ko‘chdi.
Eliasning yonida turgan kitobni Lara payqab qoldi.
— Siz doim kafeda kitob o‘qiysizmi?
Elias kitobga qaradi.
— Deyarli.
— Shovqinda qanday o‘qiy olasiz?
— Sevib o'qisangiz hech narsa sizga xalaqit berolmaydi.
Lara qiziqib qoshini ko‘tardi.
— G‘alati javob.
— Siz esa juda ko‘p savol berarkansiz.
— Men qiziquvchanman.
— Buni sezdim.
Ular yana kulishdi.
Lara vaqtga qarash uchun telefonini qo‘liga oldi.
Soat ancha o‘tib ketgandi.
U hayron bo‘lib qoldi.
U bu yerga atigi bir piyola kofe ichib, hujjatlarini ko‘rib chiqish uchun kirgandi.
Ammo hozir ular bir soatdan beri gaplashayotgan edi.
— Men ketishim kerak, — dedi Lara nihoyat.
Elias bosh irg‘adi.
— Shoshayotgan edingizmi?
— Aslida, ha.
U sumkasini oldi.
Elias unga qarab, biroz ikkilanib turdi.
— Qayerga?
Lara bir lahza jim qoldi.
Keyin jilmaydi.
— Chet elga.
— Sayohatga?
— Yo‘q. O‘qishga.
Eliasning yuzidagi tabassum biroz o‘zgardi.
— Qachon?
— O‘ttiz kundan keyin.
U bu gapni oddiygina aytdi.
Ammo Elias bir necha soniya jim qoldi.
— Demak, bu shaharda sizga atigi o'ttiz kun qolibdi.
Lara yelkasini qisdi.
— Shunday.
U o‘rnidan turdi.
— Tanishganimdan xursandman, Elias.
— Men ham, Lara.
U eshik tomon yurdi.
Orqasiga qaraganida, Elias hali ham stolida o‘tirardi.
Kitobi ochiq edi.
Ammo u kitob o‘qimayotgandi.
Lara buni payqamadi.
Elias esa o‘sha kuni hali bilmasdi:
o‘ttiz kun ba’zan inson hayotini butunlay o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lishi mumkin.