Tong hali to‘liq yorishmagandi. Shahar ko‘chalari sokin, osmon esa asta-sekin yorishib borardi. Uzoqdagi masjiddan bomdod azoni eshitila boshladi. Muazzinning mayin, ammo ta’sirli ovozi tonggi havoga taralib, butun shaharga sokinlik bag‘ishlardi.
Azon ovozi Maryamni chuqur uyqudan uyg‘otdi.
U tush ko‘rayotgan edi.
Tushida u dengiz bo‘yida turardi. Moviy suvning mayda to‘lqinlari qirg‘oqqa urilar, osmonda oq qushlar aylanib uchardi. Uning ro‘parasida esa Kız Kulesi qad rostlab turardi.
Shamol yuziga mayin tegardi.
Yonida bir yigit bor edi.
Maryam u tomonga qaradi, ammo yigitning yuzini aniq ko‘ra olmadi. U faqat yigit uni yonida turganini va qo‘lidan muloyimlik bilan ushlab turganini his qilardi.
— Maryam...
U kimning ovozi ekanini bilmasdi.
Maryam birdan ko‘zlarini ochdi.
Xona jimjit edi.
Bir necha soniya u qimirlamay yotdi. Tashqaridan esa azon ovozining so‘nggi sadolari eshitilardi.
U sekin o‘rnidan turib, deraza oldiga bordi. Tashqarida shaharning bahor tongi boshlanayotgan edi. Ko‘chalarda hali odamlar ko‘rinmas, faqat ayrim derazalarda chiroqlar yonardi.
Maryam chuqur nafas oldi.
— Yana Istanbulni tushimda ko‘rdim, — dedi u o‘ziga sekin.
U deraza oldida bir muddat turdi. Uning ko‘zlari osmonda uchayotgan qushlarga tushdi. Qushlar unga doimo bir narsani eslatardi: ozodlikni.
U ko‘zguga qaradi va mayin jilmaydi.
— Bir kun kelib, men ham uchib ketaman, — dedi u.
---
Maryam tahorat olish uchun hammomga yo‘l oldi. Suvning salqinligi uni yanada tetiklashtirdi.
Tahoratini olib bo‘lgach, u xonasiga qaytdi. Joynamozini yoyib, bomdod namozini o‘qidi.
Namozdan so‘ng u bir muddat joyidan turmadi.
Qo‘llarini duoga ochdi.
— Rabbim, agar bu orzuyim men uchun yaxshilik bo‘lsa, yo‘limni och. Agar Istanbulga borishim mening taqdirimda bo‘lsa, menga sabr va kuch ber. Men oilamni ham, orzularimni ham yo‘qotishni xohlamayman.
Ko‘zlarini yumgancha yana bir necha soniya jim qoldi.
— Men qo‘rqaman, Rabbim. Lekin qo‘rquvlarim orzularimdan katta bo‘lishini xohlamayman.
Duo tugagach, Maryam sekin o‘rnidan turdi.
U shkafidan och pushti hijobini oldi va uni ehtiyotkorlik bilan o‘radi. So‘ng ko‘zguga qaradi.
Bugun hammasi avvalgidek edi.
Õqish
Oila
Uy
Lekin Maryamning ichida nimadir o‘zgarayotgandi.
Go‘yo uning hayoti asta-sekin boshqa tomonga burilishga tayyorlanayotgandek.