O‘sha kuniyoq Javoxirga ish topildi. Bir qo‘shnilari ustachilik qiladi. Juda hazilkash odam. Hamma bilan birdek chiqishib keta oladi. Javoxirlarning ko‘chasiga ko‘chib kelganiga besh yilcha bo‘lib qoldi, deyarli hamma qo‘shnilar bilan axil. Ustaning uyida ish tugamaydi deganlaridek, hovlisini sekin sekin o‘z kuchi bilan tiklayapti. Javoxirni shogirtlikga olishga ikkilanmay rozi bo‘ldi. Kunlik haq berishni kelishishdi.
Ertasi kuni ertalabdan turib olgan Javoxirning ko‘zlari yonib turardi. Nonushtani qilib bo‘lib, birinchi ish kuniga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi.
- Unda mana shuni olib ket, - deb Javoxirning onasi unga qora futbolkani ko‘rsatdi.
- Oyi, buni o‘zi yaqinda oldimku. Eskiroq kiyimlardan beravering.
Shu vaqtda darvoza tomondan “Javoxir” degan hayqiriq eshitildi.
- Ana, Sherzod aka keldilar, bo‘ldi beravering endi, - Javoxir qora futbolkani olib xaltasiga soldi. – Mayli men ketdim.
Sherzod akani oldiga shoshayotgan Javoxir ishga ketish shunaqa bo‘lishi haqida o‘ylab qoldi.
Sherzod aka yoshlikdan beri ustachilik qiladi. Bo‘yi o‘rtacha bo‘lsada, mushaklari bo‘rtib turardi. U Javoxir bilan quyuq so‘rashdi. So‘ng ikkiovlon yo‘lga tushishdi. Ko‘cha boshidagi asfalt yo‘lga yetib borishgach Sherzod aka uyoq-buyoqga alanglab, soya joy axtardi. So‘ng daraxt soyasiga borib o‘tirdi. Javoxir ham undan ajralmadi.
- Kimni kutayapmiz? – tahminan o‘n daqiqadan keyin Javoxir so‘rashga majbur bo‘ldi.
- Akamni, bizni mashinalarida olib ketadilar. Bugun tilla bozor orqasida ish bor. O‘sha yerga boramiz, - javob berdi Sherzod aka telefonga termulib.
Yana kutishda davom etishdi. Birozdan keyin yo‘lning narigi betiga kulrang matiz kelib to‘xtadi. Sherzod aka darrov o‘rnidan turib mashina tomon yura boshladi. Javoxir ham uning ortidan ergashdi. Rulda to‘lachadan kelgan, yuzi oftobda qoraygan bir kishi o‘tirardi. Sochidagi oqlar uning yoshini katta ko‘rsatardi. Javoxir u kishini tahminan ellik yoshlarda bo‘lsa kerak deb tahmin qildi.
- Qandaysiz Nurmat akasi? – ruldagi kishi bilan so‘rashdi Sherzod aka.
- Bo‘ladi, - deb qisqa javob qildi Nurmat aka. Keyin Javoxir bilan ham qo‘l berib so‘rashdi. – Bu kim?
- Qo‘shnim, ismi Javoxir. Onasi ta’tilda bekor yurmasin deb ish izlab yurgan ekanlar. Keyin men shogirtlikga oldim. Dastyorchada, - jilmayib javob qildi Sherzod aka. – Ravshan aka chiqmadimi?
- Yo‘q. Toshkentdan yarim kechasi kelgan ekan. Bir kun dam ol deb o‘zim aytdim.
- Unda maqul.
Shu bilan oradagi suhbat yakunlandi. Javoxir yo‘l bo‘yi tashqarini tomosha qilib ketdi. Shaharga kirgunlaricha faqat bepoyon dalalar ko‘zga tashlanadi. Dala markazlarida bir-ikkita cho‘pga kiydirilgan kurtkalardan tashraqi e’tiborni tortadigan jigat yo‘q. Ammo shaharga kirishlari bilan manzaralar biroz qizg‘zi tus oladi. Ertalabdan ishga shoshayotgan odamlar, tandiriga o‘t yoqib, quruqsutgancha qora tutunni havoga yoyayotgan somsapazdan tortib, bir mijozni jo‘natib ikkinchisini qabul qilayotgan sartaroshgacha e’tiboringizni jalb qilmasdan qolmaydi. Yarim soat yo‘l bosishgach manzilga ham yetib kelishdi. Tilla bozor kichik do‘konchalardan iborat, lekin hali hammasi yopiq edi. Bu yerda ish ancha kech boshlanadi. Kim ham tilla uzuk olish uchun ertalabdan kelardi. Bozorning orqa qismida hiyla keng joyda tunuka qoqish uchun temirdan struktura tayyorlangandi. Aftidan bu joyni mashinlar uchun turarjoy qilishsa kerak. Harxolda Javoxir shunday degan hayolga bordi. Nurmat aka mashinani amallab joylashtirgach, atrofga alangladi.
- Bu yerda kiyimlarni almashtirgani joy yo‘q shekilli, - dedi Sherzod aka.
- Mashinani ichida almashtiraveramiz iloj yo‘q, - yechimni aytdi Nurmat aka.
Javoxirning ilk ish kuni shunday boshlandi. Hamma kiyimini almashtirib mashinadan tushdi. Nurmat aka bilan Sherzod aka mashina yukxonasidan katta apparatni tushurishdi. Ko‘rinishidan bo‘chkachani eslatardi. Lekin negadir yotqizib qo‘yilgan, bir tomonida ikkita g‘ildiragi ham bor edi. Ustida esa mator joylashtirilgan. Sherzod aka mashinadan oq qutini olib yerga qo‘ydi. Javoxir qutida bo‘yoq bankalari va shotkalar borligi ko‘rdi.
Sherzod aka bankalardan birini ochib, bo‘yoqga qndaydir suyuqlik qo‘shib, aralashtira boshladi. Nurmat aka qayerdandir to‘k tortib keldi va haligi bo‘chkachani uladi. U tarrillagancha quloqni qoqmatga keltirib ishlab ketdi. So‘ng Nurmat aka temir ustunlarni o‘sha bo‘chkachaga ulangan, to‘pponchaga o‘xshash qurilma bilan bo‘yoq sepa boshladi. Qo‘ng‘ir rangdagi ko‘rimsiz temir ustunlar, kulrangga burkanib ko‘zga chiroyli ko‘rina boshladi.
Sherzod aka bilan Javoxir maxsus kichkina valikda yuqoridagi temirlarga bo‘yoq surtishni boshlashlari kerak. Bu uchun esa ular oyoq ostilariga maxsus temirlardan bir buyumni yasashdi. Sherzod aka uni “lesa” deb atardi. Ikkita norvonga o‘xshaydigan, ammo undan ancha kengroq, uch pog‘onali temirni, yon tomindan “X” shaklidagi temirlar bilan maxkamlashishdi. Ular shakliga monand holdi “Kresnik” deya atalardi. Hammasi tayyor bo‘lgach, uchinchi pog‘onaga ikkita taxta bo‘lagini tashlab, uning ustiga chiqishdi.
Sherzod aka qanday qilib bo‘yashni tushuntirgach, ishni boshlab yuborishdi. Javoxirga qilayotgan ishi yoqa boshladi. Zanglab qolgan temirlarni chiroyli ko‘rinishga keltirish maroqli edi albatta.
Bir-ikki marta ish joyini almashtirishdi. Temir struktura qiyshaytirib qurilgani sabab, ikkinchi lesani ustma-ust o‘rnatishga to‘g‘ri keldi.
- Sherzod aka, men chiqolmayman, - dedi Javoxir qaltiroq ohangda.
- Nega chiqolmaysan?
- Balandlikdan qo‘rqaman aka, - tan oldi Javoxir.
Lesalarning bittasini balandligi ikki metrdan oshiq. Ikkitasi esa sal kam besh metrga teng. Bu esa deyarli ikki qavatli bino balandligiga teng bo‘ladi. Shunday balandlikda hech qanday tutqichsiz, himoya vositalarisiz bitta taxtaning ustida turishni tasavvur qilib ko‘ring. Tasodifan extiyotsizlik sabab yiqilib ketsangiz, o‘lmasligingiz aniq. Lekin oyoq yoki qo‘lni sindirib olish hech gap emas.
- Nimadan qo‘rqasan, men oldingda bo‘lamanku, - dalda berdi Sherzod aka. – Bir vaqtda chiqamiz, muvozanatni saqlash kerak.
Javoxir qattiq qo‘rqsa ham skripka sabab o‘z qo‘rquviga qarshi turishga harakat qildi va yuqoriga intildi. Chiqib olganida, oyoqlari qaltiray boshladi. Sal esgan shabboda ham lesani yiqitib yuboradi degan hayollarni miyyasidan chiqarib tashlolmadi. Pastdan balanddek tuyilmasada, yuqoridan ancha balandligini his qilish mumkin edi.
- Qaltirama! Lesani ham qimirlatayapsan. Ohista turda, temirni ushlab ishingni davom ettir, - tergab qo‘ydi Sherzod aka.
Javoxir aytilgandek qildi. Qo‘rquv to‘liq yo‘qolmadi. Ammo ishlash mumkin edi. Temirlarni bo‘yar ekan hayolida bir fikr aylanardi. Hozir lesa qulab tushsayu, u temirdan ushlab osilib qolsa, qancha vaqt chidab tura olarkin? Kinolarda bunday holatda uzoq vaqt turib qolishadi. Lekin Javoxir turnikda o‘n soniya tura olardi xolos. Hozir ham osilib qolsa, qo‘llari tolib qolguncha unga yordam berishga ulgurisharmikan.
Yerga qaytib tushishganida Javoxirning ko‘ziga lesa biroz pastlashib qolgandek tuyildi. Lekin yuqoridan ancha balanddek edi. Bu haqida Sherzod akadan so‘raganida, u kishi kulib yubordi.
- Shu ham baland bo‘libdimi? Men Rossiyada ustma-ust to‘rtta lesaning ustida ishlaganman. U yerdagilarining bittasini balandligi to‘rt metr bo‘ladi. Katta-katta edi ular.
Javoxir to‘rtta lesaning tahminiy balandligini hisoblab, hayratda qoldi. U bunaqa balandga o‘lsa ham chiqa olmasdi. Shu tariqa ishni davom ettirishdi.
Nurmat aka kompressorni yani o‘sha bo‘chkachani tarrillatgancha uyoqdan-buyoqga o‘tib ishlagani uchun Javoxir u kishi bilan aytarli suhbatlasha olmadi.
Asta-sekin quyosh o‘z kuchini ko‘rsatib, havoni qizdira boshladi. Javoxir doim ikki narsani yomon ko‘rgan. Birinchisi issiq havo bo‘lsa, ikkinchisi sovuq havo edi. Qishda doim ko‘chadan uyga kirsa, ko‘zoynagi parlanib qolar va ko‘rishga qiyinchilik tug‘dirardi. Yozdagi issiq sabab terlab ketar, shunda ko‘zoynak sirpanib tushib ketaverardi. Keyin uni har daqiqa yuqoriga ko‘tarib qo‘yish kerak. Hozir ham bu ish tez-tez takorlanib turibdi.
Qilingan mehnat o‘z ta’sirini ko‘rsatib, Javoxirning qorni sado bera boshladi. Tinimsiz harakat, lesaga tushib chiqish uning sillasini qurita boshladi. Boshqa tomondan erinmay qizdirayotgan quyosh ostida ishlash ham oson emasdi.
Ishlaydigan joylariga yaqin joyda mahalliy yemakxona bo‘lib, Nurmat akalar shu yerdan muzdek suv sotib olishardi. Sillani quritadigan oftob tig‘ida ularga faqat shu muzdek suvgina kuch bag‘ishlab turardi. Kunning yarmigacha uch kishi besh litr suvni ichib tugatishdi.
Kompressorning tarillashi ham tinib qoldi. Hammaning qorni tushlik vaqti bo‘lganidan darak berdi. Ustalar birgalashib yemakxonaga o‘tishdi. Biroz sabr va hidi dimog‘ni qitiqlaydigan taom yetib keli. Qovurilgan kartoshka va go‘sht, ikkita non hamda muzdek suv. Odatda Javoxir bunday ovqatni unchalik xushlamasa ham hozir ochlik sabab madorsizlanayotgani uchun ishtaxa bilan ovqatlandi.
- Shu desangiz kecha, rosa o‘chib qolipmizda – kulib gap boshladi Sherzod aka.
- Ha, Toshmatni do‘koni oldida ko‘rgandim. Sherzod desam ham eshitmading. Velosipedni minib uchib ketding, - jerkib berdi Nurmat aka.
- Yo‘g‘e, shunday bo‘ldimi? Beshinchi ryumkadan keyin kaseta yozmaganda. O‘zimga kelib qarasam uyda yotibman. Qanday kelganim esimda yo‘q, - Javoxirga qarab kuldi Sherzod aka.
- Senga doim aytaman, qo‘y Sherzod ichganda velosipedni haydama deb. O‘zi ichmaganingda ham tez haydaysan. Seni ketishingni ko‘rgan mashinalar senga yo‘l beradi, shu o‘tib ketsin muamoni kami yaxshi deb. Men yurak hovuchlab o‘tiraman senga bir nima bo‘lmasin deb. Barakallo ammamni jonlariga ekanda, - dedi Nurmat aka bir bo‘lak go‘shtni og‘ziga solib.
- Iye aka, xavotr olmang, hech nima bo‘lmaydi, - gap tashlab qo‘ydi Sherzod aka.
Javoxir suhbatga aralashmay, ularni jim turib tinglardi. Ovqatdan keyin Sherzod aka sigaret tutatdi. Nurmat aka esa spirt idishchasini qo‘liga oldi. Kaftiga ozgina nos to‘kib, og‘ziga tashladi. Javoxir ularning ikkalasini ham sinchiklab kuzatardi. Nega bunday qilishganiga qiziqar, ammo savol berishga botinolmasdi. U faqat kuzatardi.
Yarim soatlik hordiqdan keyin ishga qaytishdi. Endi lesaga Nurmat aka chiqib oldi. Kompressorning o‘sha yoqimsiz tarillashi yana olamni buza boshladi. Sherzod aka qo‘liga banka va shotka ushlagancha tilla bozor tomonga o‘tib ketdi. U yerda ham ustunlar bo‘lib, ularni kompressor bilan bo‘yash imkonsiz edi. Chunki odamlar o‘tib qaytar, ishga yaxshigina xalaqit berardi.
Javoxir Nurmat aka qilayotga ishni kuzatar, kompressorni o‘chirib-yoqish, bo‘yoqni to‘ldirib berish kabi ishlarni bajarardi. Har safar chaqirganlarida kutib qomasliklari uchun quyosh tushib tursa ham Javoxir lesadan uzoqlashmasdi. Buni ko‘rgan Nurmat aka lesadan tushganda gap boshladi:
- Javoxir, nega tepaga chiqganimda ham shu yerda o‘tiribsan?
- Shunday, o‘zim, - javob qildi Javoxir.
- Unday qilma. Ko‘rmayapsanmi quyosh qizdirayaptiku. Tag‘in oftob urmasin. Soyada borib kutib tur. Kerak bo‘lganingda o‘zim chaqiraman, - dedi Nurmat aka muloyimlik bilan. So‘ng o‘zi yana yuqoriga ko‘tarildi.
Javoxir soyada turib Nurmat akaning lesa ustida harakatlanishi kuzatib o‘tirgandi. U hech nimadan qo‘rqmay, xuddi yerda yurgandek harakatlanardi. Agar Javoxir uning harakatlarini takrorlashga urinsa yiqilishi tayin ekanligini sezdi. U Nurmat akada balandlikdan qo‘rquv bo‘lmasa kerak deb o‘yladi. Uning savoliga boshqacha javob ham yo‘q edi.
Ish ancha tezlashib ketdi. Javoxir bugun tugatamiz deb o‘yladi. Va negadir bundan yengil tortdi. Ammo kechki beshlar atrofida uning nazdida noxushroqdek tuyilgan voqea yuz berdi.
To‘lachadan kelgan, yumaloq yuzli bir kishi ular ishlab turgan joyga deyarli bostirib keldi. Ko‘rinishidan uning jaxli chiqgani aniq edi.
- Hey usta aka, to‘xtang, - dedi u Nurmat akaga.
Nurmat aka Javoxirga qarab kompressorga ishora qildi. U yugurib borib tarrillab turgan uskunani o‘chirdi. Nurmat aka esa sekin pastga tushib, haligi kishi bilan so‘rashdi. Keyin u kishi ustalarning odiga kelishdan maqsadni tushuntirdi:
- Anchadan beri shu bilan bo‘yoq sepayapsizlarmi? – haligi kishi kompressorga ishora qildi.
- Ha aka, kun bo‘yi, - sokin gapirdi Nurmat aka nimalar bo‘layotganini haliyam tushunolmay.
- Birovlarga zarar bermasdan ishlasangiz bo‘lmasmidi. Sal extiyot bo‘lish kerakda aka.
- Kimga zarar beribmiz? – hayron bo‘ldi Nurmat aka.
- Yuring ko‘rsataman.
Shunday deb haligi kishi sal naridagi mashinalar tomonga boshlab ketdi. Javoxir ham nima qilishini bilmay ularning ortidan ergashdi. Yumaloq yuzli kishi bir oppoq Lasetti oldiga kelib turib oldi. So‘ng kuzoviga ishora qilib shunday dedi:
- Buni ko‘rayapizmi? Sepgan bo‘yoqlaringiz mashinani rasvosini chiqargan. Buni qanday ketkazaman. Butunboshli mashinani qaytadan bo‘yaymanmi?
U kishining ovozi zarda bilan chiqa boshladi. O‘tgan-qaytgan tomosha talab odamlar ham yig‘ila boshladi. Hammasi bir-biridan nimalar bo‘layotgani haqida so‘rardi.
- Yo‘g‘-e aka, bo‘yatish shart emas. Yaxshilab yuvsa ketadi bu, - deya ishonchsiz gapirdi Nurmat aka.
- Bu sizga oddiy dog‘mi? – qizisha boshladi haligi kishi. Shu vaqtda Sherzod aka kelib qolib, Nurmat akadan nimalar bo‘layotganini so‘rab oldi.
- Bo‘ldi, qayta bo‘yataman. Xarajatlarni qoplab berasiz. Raqamingizni bering, - deya tinchlanib olgancha telefonni chiqardi yumaloq yuz.
- Akajon, pashshadan fil yasab yuboribsizda, buni ketkazsa bo‘ladiku, - o‘zining quvnoq ohangi bilan bahsga qo‘shildi Sherzod aka.
- Qanday ketkazaman?
- Hozir sizga yo‘lini ko‘rsataman. Javoxir oq qutidagi yashil baklajkani olib kel.
Javoxir aytilgan buyumni darrov olib keldi. Sherzod aka baklajkadagi suyuqlikda namlangan latta bilan mashinaning kuzovidagi dog‘larni ishqalay boshladi.
- Mana aka ketayapti, - dedi Sherzod aka quvnab. – Faqat ozgina mehr berish kerak xolos. Bu sizga. Shu bilan artsangiz hammasi ketadi, - deya yashil baklajkani haligi kishiga uzatdi.
- Ketyaptimi, unda yaxshi. Lekin kelasi safar sizlar shunga e’tibor qilinglar. Meni o‘rnimda boshqa odam bo‘lganda bo‘yatmaguncha qo‘ymasdi. Tushunaman sizlarga ham qiyin. Mayli ishingizga omad, - deya u kishi mashinasiga o‘tirib ketdi.
Odamlar ham sekin-asta tarqala boshladi. Oradan bir-ikki soat o‘tib, qorong‘i tushay deganda qahramonlarimiz ham uylariga qaytishdi. Kulrang matiz jussasiga mos abjirlik bilan yo‘lda mashinalarni quvib o‘tib, o‘z manzili tomon ildamlab borardi. Sherzod aka bilan Javoxirni ertalab olib ketgan joyiga keltirib qo‘ygan mashina yana o‘z yo‘lida davom etdi.
Javoxir horib uyiga kirib keldi.
- Mehnatkash o‘g‘limdan o‘rgilay, keldingmi? Sen yoqtirgan ovqatni pishirganman, tezda qo‘lingni yuvib kel, - deya onasi uni kutib oldi.
- Mantimi? – deb yubordi Javoxir.
Onasi bu savolga bosh irg‘ab javob berganida, tezda qo‘llarini yuvib dasturxon boshiga o‘tirdi. Shoshgancha ovqatga qo‘lcho‘zib, bitta mantini butunicha yutdi.
- Sekinroq tiqilib qolasa. Xo‘sh, ishlash qanday ekan, - so‘radi onasi.
- Zo‘r, tezroq skripkaga pul yig‘sam yaxshi bo‘lardida, - dedi Javoxir tirsagiga oqib tushayotgan yog‘ni artayotib.
- Sabr qilsang albatta olasan, - dalda berdi onasi.
Javoxir ovqatlanib bo‘lgach xonasiga kirib o‘zini yotog‘iga tashadi. Shu zahoti o‘zgacha bir yengillikni his qildi. Ko‘p o‘tmay xurrak otgancha uyqiga ketdi.