Xudoga shukur maktab tugadi. Javoxir endi ertalab vaqtli turib maktabga borishi shart emas. Endi buyog‘iga yoz o‘tmoqda soz bo‘ladi. Anhorda cho‘milish, muzqaymoqlar yeyish, miriqib dam olish kimga ham yoqmaydi deysiz. Javoxir oilada yolg‘iz farzand bo‘lgani uchun ham erkatoy edi. Shu sababli yozda undan baxti bolani topolmasangiz kerak.
Sakkizinchi sinfni ham bitirib oldi. Boshqalar nazdida ancha katta bo‘lib qolgan bo‘lsa ham hali hayotiy tajribasi yetarli emas. Qisqasi gap shundaki Jaxovir biroz tortinchoq bolalardan. Do‘stlari ko‘p emas. Balki shuning uchun haligacha oilasining qaramog‘ida qolgandir. Aksariyat sinfdoshlari bir necha yillardan beri ishlab, uydagilaridan umuman pul olmay qo‘ygan, Javoxir ularga havas ko‘zi bilan qarardi. Lekin hali o‘zi bunday qiyinchiliklarga duch kelmadi. Hozircha.
Ta’til boshlanganiga ham mana bir hafta bo‘lib qoldi. Shirin uyquda yotgan Jaxovirni ertalabdan onasi uyg‘atdi.
- Javoxir, tur bolam. Bozor boramiz. Menga sumkalarni ko‘tarishib yuborasan, - dedi onasi.
Javoxir istar-istamas o‘rnidan erinibgina turib, yuz-qo‘llarini yuvdi.
Bozor ertalabdan odamga to‘la. Savdogarlarning qo‘li qo‘liga tegmay savdo qilishadiya. Bozor darvozasi oldida haydovchilar, “Falon joyga bir kishi. Ketayapsizmi? Bering sumkangizni”, deb o‘tgan-qaytgan odamga chang solishadi. Darvozadan ichkariga yursangiz supurgiyu-tog‘oralar rastasiga duch kelasiz. Savdogarlar o‘z mollarini yo‘lga qalashtirib tashlashganidan oyoqni qayerga qo‘yishni bilmaysan kishi. Javoxir onasining ketidan ergashdi. Mana o‘sha butun bozorga o‘zining yoqimsiz iforini tartib turgan yashil qum tepalar oldidan o‘tishdi. Javoxir doim nosning hidini yoqtirmagan. Har safar shu yerdan o‘tishganida u nafas olmasdan chidab turardi. Har qanday narsaning ziddi uzoqda bo‘lmaydi albatta. Nos rastlar tugashi bilan tozalik vositalari sotadigan rastalar boshlanadi. Bu yerdan har xil gullik sovunlar hidi ufurib turadi. Oldidan o‘tgan odam havoning xushbo‘yligi bilan dimog‘ini to‘ldiradi. Bozorning Javoxir yoqtirmaydigan bir jihati bor. U ham bo‘lsa har qanday vaziyatda orqadan kelib, “Po‘sht, po‘sht arava” deb yuradigan arava tortuvchilar edi. Doim odam zich joyda kelib qolib, yo‘l so‘rashadi. Keyin atay qilgandek doim Javoxirni oyog‘ini bosib o‘tishadi. Balki bu ularning o‘zoga xos rahmat aytish uslubidir.
Ona-o‘g‘il ikki soatcha bozorda tentirib uyoqdan-buyoqga yurgancha ikki paket narsani ko‘tarib chiqishdi.
- Yur! Shu yerga ham bir kiraylik, tikuv mashinalari bormikan, - deya Javoxirning onasi yangi ochilgan katta magazinga ishora qildi.
Ochilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, magazin ichkarisi odamlarga liq to‘la. Har xil turdagi texnikalarni bu yerdan topish osonligi uchun ham odamlar oqib kelardi.
Onasi tikuv mashinasini topib, sotuvchi bola bilan suhbatlashib turganida, Javoxirning e’tiborini boshqa bir buyum tortdi. Yog‘ochdan ishlangan kichik tanasi, maxsus lok bilan ishlov berilgani uchun jigarrangga kirgandi. Rastaning yuqorisidan tushayotgan chiroqning nuri, buyumni tanasini yaltiratib yanada chiroyliroq qilardi. Qornidan to bo‘ynigacha tarrang tortilib, quloqlariga bog‘langan simlari chiqaradigan xonish ko‘pchilikga yoqishi aniq. Yonginasida ilib qo‘yilgan kamonchasi, bu buyum sikripka emasligiga ortiq shubxa qoldirmagandi.
Javoxir bu musiqiy asbobni ilgari faqat filmlarda ko‘rgandi. Odamlarning mahorat bilan chalishi unda skripkaga bo‘lgan qiziqishini uyg‘atgandi. Zumda katta sahnada yolg‘iz o‘zi kelgan tomoshabinlarga skripka chalib berayotganini tasavvur qildi. Mana u o‘z ijrosini tugatdi va zaldagi hamma uni turib olqishlamoqda. Bir nechta odamlar kelib unga gul uzatishdi. Javoxir esa hammaga tazim qilib sahnadan chiqib ketishga chog‘langanida onasining “Javoxir?” deb uni chaqirganini eshitdi. U tezda hayolot olamidan chiqib, ovoz kegan tomonga oshiqdi.
Uyga qaytib, ko‘cha boshiga kelgunlaricha Javoxir skripka haqida o‘ylab keldi. Axiyri dardini onasiga aytishga qaror qildi.
- Oyi, haligi magzinda skripka bor ekan.
- Xo‘sh, - dedi onasi Javoxirning maqsadini anglolmay.
- Menga rosa yoqdi. Chalishni o‘rganmoqchiman. Menga o‘sha skripkani olib beringlar, - yalinchoq ovozda gapirdi Javoxir.
- Keyin uni ham velosipedni buzganingdek buzasanmi?
- Yo‘q oyi. Skripkani qo‘z qorachig‘imdek asrashga vada beraman, - o‘zini oqladi Javoxir.
- Musiqaga bo‘lgan qiziqishing borligidan juda xursandman. Lekin tushun Javoxir. Hozircha skripka uchun pul ajrata olmaymiz, - onasining bu gapidan keyin Javoxirning ko‘ngli cho‘kib qoldi. Buni ko‘rgan ona darrov o‘g‘liga yechim taklif qildi. – Yaxshisi bunday qilamiz. Skripka uchun pulni o‘zing ishlab topasan. Ta’til tugaguncha albatta yetarli mablag‘ni yig‘ishga ulgurasan.
- Mayli, men roziman, - darrov kayfiyati ko‘tarildi Javoxirni. – Lekin qayerda ishlayman.
- Men o‘zim senga ish topib beraman, - jilmaydi onasi.