Har bir yozuvchi va shoir o‘z yo‘lini ilk qadamdan boshlaydi. Ammo o‘sha ilk qadamni tashlashdan oldin ham, undan keyin ham juda ko‘p mehnat qiladi. Odamlar ko‘pincha sening erishgan yutuqlaringni ko‘radi, ammo ularga yetishish uchun to‘kilgan ter, sabr va mashaqqatni ko‘rmaydi.
Har bir shoirning ortida tinimsiz izlanish, o‘qish va mashq qilish yotadi. Mahorat o‘z-o‘zidan kelmaydi — u har kuni qilinadigan mehnat bilan shakllanadi. Shuning uchun orzular sari dadil qadam tashlash, qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik va doimo o‘z ustida ishlash eng muhim fazilatdir.Nega ayrim yozuvchilar kitobini yozish uchun o‘n yil mehnat qiladi, boshqalari esa ikki-uch yilda yoki undan ham tezroq muvaffaqiyatga erishadi? Chunki har bir insonning yo‘li har xil.
Ba'zilar maqsadiga tez yetadi, boshqalari esa ko‘proq vaqt, sabr va tajriba to‘playdi. Bu esa ularning qobiliyati kam degani emas. Har bir insonning o‘z vaqti, o‘z sinovi va o‘z muvaffaqiyati bo‘ladi.
Muhimi, qancha vaqt ketgani emas, balki maqsaddan voz kechmaslikdir. Kimdir uch oyda, kimdir uch yilda, yana kimdir o‘n yoki yigirma yilda kitobini nashr ettiradi. Ammo mehnatdan to‘xtamagan inson, albatta, o‘z orzusiga erishadi.Haqiqatan ham har kimning yo‘li o‘ziga xos. Chunki hamma ham shoir yoki yozuvchi bo‘lishni tanlamaydi. Bu yo‘l mehnat, sabr va matonat talab qiladi.
Ba'zan inson: "Menga hech kim yordam bermadi", deb o‘ylaydi. Ammo ko‘pincha eng katta kuch o‘zimizning ichimizda bo‘ladi. Agar chin dildan istasak, har kuni oz bo‘lsa ham oldinga qadam tashlasak, albatta o‘samiz.
Men ham shoir bo‘lish yo‘lida harakat qildim. She'rlarimni ustozlarga ko‘rsatdim, yosh shoirlar bilan suhbatlashdim, ularning fikrlarini tingladim. Har bir maslahat menga yangi narsa o‘rgatdi. Shunda angladimki, muvaffaqiyatning siri faqat iste'dodda emas, balki sabr, izlanish va tinimsiz mehnatda ekan.
Hech kim bir kunda mashhur shoir bo‘lib qolmaydi. Chin yurakdan mehnat qilgan, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamagan inson bir kun kelib albatta o‘z maqsadiga erishadi.Ba'zi odamlar: "Men bir kunda shoir bo‘lishim kerak", deb o‘ylaydi. Ammo bu mumkin emas. Shoirlik ham, yozuvchilik ham bir kunda shakllanmaydi. Buning uchun oylar, yillar, ba'zan esa umr davomida mehnat qilish kerak. Ammo qilgan mehnating hech qachon zoye ketmaydi. Sabr, mas'uliyat, tirishqoqlik va tinimsiz harakat albatta o‘z samarasini beradi.
Bu yo‘lda ota-onaning duosi ham, insonning o‘z orzusiga chin yurakdan ishonishi ham juda muhim. Orzuga erishish uchun faqat xohlashning o‘zi yetmaydi, har kuni oz bo‘lsa ham oldinga qadam tashlash kerak.
Men ham bir paytlar Instagram sahifamni ochgan edim. Ammo keyin uni to‘xtatdim. Chunki angladimki, hozir men uchun eng muhim narsa — kitob o‘qish, she'r yozish va yozuvchilik mahoratimni oshirish ekan. Bu qarorimdan afsuslanmayman. Har bir inson o‘z yo‘lini topadi. Men ham o‘zimga mos yo‘lni tanladim.
Kelajagim qanday bo‘lishini hech kim aniq bilmaydi. Lekin men bir narsaga ishonaman: agar mehnatdan to‘xtamasam, bir kun kelib yaxshi shoir va yozuvchi bo‘lishim mumkin. Balki mening kitoblarimni o‘qigan bolalar ham: "Men ham yozuvchi bo‘laman", deb orzu qilar. Agar shunday bo‘lsa, bu men uchun eng katta mukofot bo‘ladi.
Ko‘pchilik yozuvchi yoki shoirning eng katta quvonchi birinchi kitobi chop etilgan kun, deb o‘ylaydi. Men esa boshqacha fikrdaman.
Menimcha, yozuvchi va shoir uchun eng katta baxt — kitobini o‘qigan bir insonning: "Bu kitob menga foyda berdi", "Bu she'r menga kuch bag‘ishladi", yoki "Bu satrlar hayotimni o‘zgartirdi", degan so‘zlarini eshitishdir.
Ota-onamiz bizni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo mutlaqo notanish bir o‘quvchi sening kitobingni o‘qib, undan manfaat ko‘rganini aytsa, bu yozuvchi uchun unutilmas baxtdir. O‘sha paytda u shunday o‘ylaydi: "Demak, mening yozganlarim faqat oilam uchun emas, balki boshqa insonlar uchun ham foydali bo‘la boshlabdi."
Shu kabi samimiy fikrlar yozuvchiga yangi kuch beradi. U yana ko‘proq o‘qiydi, ko‘proq izlanadi va yanada yaxshi asarlar yozishga harakat qiladi.
Bugungi kunda ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lishni xohlaydi. Men esa odamlarning qalbiga kitoblarim, she'rlarim va ma'noli fikrlarim orqali yetib borishni istayman. Chunki haqiqiy ijodkor uchun eng muhim narsa mashhurlik emas, balki odamlarga foyda yetkazishdir.
Albatta, tanqid ham bo‘ladi, salbiy fikrlar ham uchraydi. Ammo ijodkor har bir tanqid bilan bahslashib o‘tirmaydi. Agar u har bir salbiy fikr ortidan quvsa, ijodi ortda qoladi. Shuning uchun u yo‘lida davom etadi.
Men yozuvchilarni va shoirlarni hurmat qilaman. Chunki ular har bir so‘zini mas'uliyat bilan tanlaydi. Ularning maqsadi shunchaki satr yozish emas, balki inson qalbiga nur olib kirishdir. Men ham ana shunday ijodkor bo‘lishni orzu qilaman.Orzuga erishish oson emas. Orzu ortida katta mas'uliyat yotadi. Men buni bugun his qilyapman. Kitob nashr ettirish uchun ham mehnat, ham mablag' kerak ekan. Hozircha o'zim pul topmayman, shuning uchun ota-onam menga yordam beryapti. Men esa ularning mehnatini juda qadrlayman. Chunki ular mening kelajagim uchun o'z kuchi va mablag'ini ayamaydilar.
Shu sababli men o'zimga shunday va'da beraman: ularning ishonchini oqlash uchun yanada ko'proq o'qiyman, izlanaman va yozaman.
Har bir insonning o'z iste'dodi bor. Kimdir rasm chizadi, kimdir musiqa yaratadi, kimdir she'r yozadi. Eng muhimi, o'z iste'dodingni topish va uni rivojlantirishdir. Hech kim hamma narsani mukammal bilmaydi. Ammo turli sohalardan oz bo'lsa ham xabardor bo'lgan insonning dunyoqarashi keng bo'ladi.
Ba'zan odamlar boshqalarni tanqid qiladi yoki masxara qiladi. Lekin men shuni angladimki, tanqid qilish oson, yaratish esa qiyin. Birgina mazmunli she'r yoki foydali kitob yozish uchun ko'p mehnat kerak bo'ladi.
Shuning uchun men boshqalarning salbiy fikrlariga emas, o'z maqsadimga qarayman. Men yozishni davom ettiraman. Chunki mening orzum — kitoblarim orqali insonlarga foyda yetkazish va ota-onamni mendan faxrlantirishdir.
Men bolaligimni judayam yaxshi ko'raman. Chunki o'sha davrlar juda maroqli bo'lgan. Hozir ham yoshman, to'g'ri, lekin o'sha olti-yetti yoshlik davrimni aytyapman. Ayniqsa, bolalar bo'lib ko'chada mazza qilib o'ynashlarimiz... Hattoki tut pishadigan paytlari hamma qo'shnining hovlisiga kirib, tutlarni yeb, o'g'rilikka tushgandek qochib chiqar edik.
Bilasizmi, bolaligimda hamma inson bir xil, hamma bir-biridan ko'chiradi, hamma bitta odam deb o'ylardim. Hatto o'zimni ham barcha bolalar bilan bir xilman deb hisoblardim. Lekin judayam xato qilgan ekanman. To'g'ri, hamma bir-biridan o'rganishi mumkin, ammo insonlar har xil. Bir xil odamlar judayam kam. Egizaklar ham tashqi ko'rinishidan o'xshash bo'lishi mumkin, lekin ularning xarakteri butunlay boshqacha bo'ladi.
Men shuni angladimki, orzuning katta-kichigi bo'lmas ekan. Har bir inson orzu qiladi, har bir inson nimadir istaydi, lekin unga erishish uchun harakat qiladiganlar juda kam. Ularni noyob insonlarga o'xshataman. Oyga juda kamdan-kam odam borganidek, orzularini ro'yobga chiqaradiganlar ham shunchalik kam. Ixtirochilar, shoirlar, yozuvchilar ham shuning uchun noyob sanaladi. Chunki millionlab insonlardan faqatgina sanoqlilarida shunday qobiliyat bo'ladi. Hammada har xil iqtidor, har xil orzu bor. Lekin men bularning hammasiga roziman va xursandman. Chunki yoshligim, hatto yiqilgan damlarim ham xotiramda saqlanib turadi. Xuddi bular kecha bo'lgandek...
Bilasizmi, odamlar judayam qiziq. Ularning aksariyati kitob o'qiydi, qolganlari esa yo'q. Agar 100% insonlarni olsak, ulardan atigi 10%i kitob o'qiydi, qolgan 90%i esa faqat telefonga "yopishib" qolgan. Men bunga juda hayron qolaman. Axir kitob — hayotning mazmuni, u sening azoblaringga yechim emasmi? O'ylab ko'ring, oxirgi marta qaysi kitobni varaqab chiqqaningiz esingizda ham yo'q. Telefon bo'lsa bo'ldi, Instagram bo'lsa bo'ldi...
Men ham Instagramga videolar qo'yaman, lekin har doim kitobdan yoki hayotdan qandaydir foydali, aqlli narsa chiqarishga harakat qilaman.
Yana insonlarda juda qiziqarli bir hissiyot boʻlarkan. Bilasizmi, Abdulla Oripovning sheʼrini oʻqib qoldim — "Shayton va odam" (aniq sarlavhasi esimda qolmadi, lekin shunday edi). Bunda shunday tasvirlangan edi: shaytonni yoʻq qilish uchun odamlar — Odam Ato va Momo Havo juda koʻp harakat qiladi. Oxirida esa uni koʻvirib, yeb yuborishadi va shayton odamlarning qoniga kirib ketadi. Oxirida shunday yozilgan edi: shuning uchun baʼzi bir insonlarning qonidan shaytonni hech qanday qilib chiqarib boʻlmaydi.
Juda goʻzal misralar edi. Men ularni oʻqib hayron qoldim, hatto yigʻlagim ham kelib ketdi. Chunki Abdulla Oripov bu narsani shunchalik zoʻr tariflagan ediki, odamlarga shunchalik taʼsirli qilib his ettira olganki, men unga havas qilmoqdaman. Havas qilmoqdaman, toʻgʻri, lekin hasad ham qildim.
Bilasizmi, bitta kitobda (diniy manbalarda) oʻqigandim: ikki narsaga hasad qilish mumkin deyilgan. Birinchisi — ilmga. Qaysidir inson sizdan aqlli boʻlsa, "qaniydi men ham aqlli boʻlsam, undan oʻzishim kerak" deb ilmga havas va hasad qilish. Ikkinchisi — sahiy boylarga. "Men ham shunday boy boʻlsam edi, odamlarga yordam berib yursam edi" deb havas qilish. Mana shu narsalarga hasad qilish mumkin ekan. Shuning uchun menda Abdulla Oripovga nisbatan qandaydir hasad ham kelib ketdi. Axir u ilmli, ziyoli boʻlgan va uning har bir sheʼrida qandaydir goʻzal maʼno ifodalangan. Ularning tub mohiyatini hamma ham tushunavermaydi. Ammo tushunadiganlarni men daho deb bilaman. Chunki ular qaysidir sheʼr mazmunini angladimi, demak, bu maʼnoni hayotida ham qoʻllay oladi.
Nima demoqchiman? Kitob oʻqiydiganlar juda kam — buni yana bir bor, har doim takrorlayman. Lekin bilasizmi, Instagramdan foydalaning, telefondan foydalaning, biroq ozroq foydalansangiz nima boʻladi? Hech nima boʻlmaydi! Aksincha, telefondan kamroq foydalansangiz, koʻzingiz tinchiydi, kitob oʻqisangiz miyangiz ishlaydi, soʻz boyligingiz koʻpayadi va hamma ishingizga vaqt yetadi. 24 soat qanday oʻtishini sezib qolasiz.
Keling, 24 soatni olib koʻraylik. Yarmini, yaʼni 12 soatini yoki 8–9 soatini uxlab oʻtkazsak, qolgan vaqtning yarmini — olti soatini nimaga sarflaymiz? Ha, toʻgʻri topdingiz, telefonga! Qolgan olti soatda nima qilamiz? Uy ishlari, bolalar, er-xotin, tirikchilik — hamma narsaga ulgurishga harakat qilamiz. Keyin esa: "Oʻzimga vaqt yetmayapti, menga vaqt yetmayapti", deymiz.
Lekin hech oʻylab koʻrganmisiz: shu telefonga sarflayotgan olti soatingizni uch soatga qisqartirib, qolgan vaqtni bola-chaqangizga, sayohatga, tabiatni koʻrishga bagʻishlasangiz boʻladi-ku! Faqat "telefon, telefon" demasdan, hayot qanchalik goʻzal ekanini oʻz koʻzlaringiz bilan koʻrib yashang.
Hozir aytishingiz mumkin: "Mablagʻim yetmaydi, moddiy tarafdan sharoitim yoʻq", deb. Ha, toʻgʻri, sharoit boʻlmasligi mumkin, menda ham boʻlmagan. Ammo sharoit yoʻq boʻlsa, uni oʻzingiz yarata olasiz. Harakat qilishingiz kerak. Bir niyatni, orzuni qildingizmi, oxirigacha borishingiz kerak. Sizni qorongʻi kechalarda turib ishlashga majbur qilayotgan narsa nima? Shu — orzuingiz! Bu degani siz orzularingizni qadrlaysiz va ularga erishishingiz shart.
Lekin baʼzi insonlar bor: hamma narsani orzu qilib qoʻyib, oxirida "bu narsani men bajara olmas ekanman, demak, bu menga emas", deyishadi. "Odam qilgan ishni odam qiladi", deyishgan-ku! Nega bunday deyishgan? Chunki shoirlar sheʼr yozadi, ularni koʻrib boshqalarning ham ilhomi keladi. Yozuvchilar kitob yozadi, buni koʻrgan kitobxonlar ham ijod qilgisi keladi. Demak, odam qilgan ishni boshqalar ham qila oladi. Faqat biz miyamizni, jonimizni qiynashni xohlamaymiz. "Nima foyda, nima olamiz?" deb oʻylaymiz. Agar shunday fikrlasangiz, juda qattiq adashasiz. Axir orzularingizga yetishganingizda yelkangizdan togʻ agʻdarilgandek yengillik va cheksiz quvonch olasiz-ku!
Ayrimlar buni tushunmaydi. Ular "hech nima olmayman, faqat pul boʻlsa boʻldi", deb oʻylashadi. Toʻgʻri, pul ham katta rol oʻynaydi, lekin bu dunyoda asosiysi — maʼnaviy boylik! Maʼnaviy boy, aqli raso boʻlgan insonlar hayotda hech qachon qoʻl ostida qolmaydi, ularda moddiy boylik ham boʻladi.
Chunki ular aql bilan pulni qaysi toʻgʻri yoʻlga sarflashni, qanday qilib koʻpaytirishni yaxshi bilishadi. Biznesni rivojlantirish yoʻllarini ham topa oladilar...
"Avvallari o'ylardimki, moddiy tomondan boy bo'lish shart emas, axir ma'naviy tomondan boy bo'lishning o'zi hamma narsaga yetadi. Lekin juda ham xato o'ylagan ekanman. Ayniqsa, ma'naviy tomondan boy bo'lish muhim, biroq moddiy tomondan boy bo'lmasangiz, jamiyatda sizni nazarga ilmaydiganlar ham topiladi. Afsuski, bu shunchaki gap emas, bu hayotning achchiq haqiqati.
Hozirgi kunda faqat boylikka qaraydigan, boy insonlarni hamma narsadan ustun qo'yadiganlar ko'payib ketgan. Lekin ular ma'naviy boylikning qadrini tushunishmaydi. To'g'ri, moddiy boylik ham kerak: kitoblar tekin emas, ilm olish uchun ustoz kerak, ustozlarning mehnati esa qadrlanishi lozim. Hozirgi zamonda tekin narsaning o'zi yo'q. Shuning uchun moddiy jihatdan boy bo'lish ko'p narsani hal qiladi. Ammo ma'naviy jihatdan boy, kitob o'qib dunyoqarashini kengaytirgan inson o'sha topgan pulini ham qayerga sarflashni, qanday qilib oqilona ko'paytirishni yaxshi biladi.
Mening bu gaplarim xato bo'lishi ham mumkin, axir men atigi 10 yoshdaman. Lekin meniki shunchaki mulohaza: aslida har qanday tarafdan — ham ma'naviy, ham moddiy jihatdan boy bo'lish kerak. Agar inson shu ikkalasini birdek eplasa, uchinchi bir mukammal insonga aylanadi. Oldinlari 'ideal insonlar zamonasi o'tib ketgan, ular allaqachon vafot etgan' derdim. Lekin yo'q, ideal inson tug'ilishi mumkin, balkim bu o'zingizdirsiz? Balkim, faqat moddiy yoki faqat ma'naviy tomonni emas, ikkalasini birdek o'ylay olgan insondir haqiqiy ideal? O'ylab ko'rganmisiz? Men bu haqda juda ko'p bosh qotiraman.
Nega ba'zi moddiy tomondan boy odamlar ma'naviy jihatdan kambag'al bo'lib qolishadi? Chunki ular: 'Mening pulim bor, demak, hamma narsaga qodirman', deb o'ylashadi. Vaholanki, pul hamma narsani ham sotib ololmaydi. Agar boshimizda bilimimiz, ilmimiz bo'lmasa, qancha kitob o'qimaylik, qancha boy bo'lmaylik, hech qachon haqiqiy olim yoki barkamol shaxs bo'lolmaymiz. Boylik — bu Alloh bergan ne'mat, lekin hamma gap uning o'rnida ishlatilishida.
Nega moddiy boylarni 'hamma narsasi bor' deb maqtashadi? Chunki ularning puli bor, puli borning esa atrofi soxta do'stlarga to'la bo'ladi. Ammo ma'naviy jihatdan boy insonda ehtimol birgina chin do'st bo'lar, lekin u sodiq bo'ladi..."
"Balkim, ana shunday chin do'stlarni topish uchun ham aynan kitob o'qish kerakdir, nima deysiz? Men shunday deb o'ylayman: agar siz chin do'st topmoqni istasangiz, buning eng zo'r joyi — bu kutubxona. U yerda kitob o'qiydiganlar, kitobni sevuvchilar, ilmga tashna qalblar jam bo'lishadi. Chunki ular vaqtini bo'sh narsalarga emas, kitobga bag'ishlashadi. Balkim, ular orasidan o'zingizga yaqin do'st yoki dildosh toparsiz.
Kutubxonadan do'st tanlasangiz, bilasizmi, u xuddi sizga o'xshagan bo'ladi. Sizlar hech qachon mayda-chuydalar ustida janjallashmaysiz. Agar tortishib qolsangiz ham, faqat kitoblar ustida talashasiz: 'Bu kitob zo'r!', 'Yo'q, bunisi yaxshiroq!' deb bahslashasiz. Lekin bunday talashishni hech qachon janjal deb bo'lmaydi, bu — ilm yo'lidagi shirin bahs. Shuning uchun kutubxonada kitob talashib o'tirgan yoshlarni ko'rsam, yuragim quvonadi. Afsuski, bugungi kunda hamma vaqtini telefonga tikib o'tiradigan zamonda bunday insonlar kundan-kunga kamayib boryapti. Agar telefonni yig'ishtirib, qo'lga kitob olsak, atrofimizda chin do'stlar qanchalik ko'payishini tasavvur ham qilolmaysiz.
Aytgancha, agar siz hozir mana shu satrlarni o'qiyotgan bo'lsangiz, bilingki, men bundan behad xursandman. Chunki siz buni shunchaki emas, chin kitobxon qalbi bilan o'qiyapsiz. Aslida, kitob o'qiyotganda muallif bilan aka-uka, opa-singil yoki eng yaqin dugonadek sirin tutinib o'qiysiz. Nega deganda, yozuvchi o'z asarini yozar ekan, uni o'quvchi biror narsa anglashi, hayotdan saboq chiqarishi va qalbiga yorug'lik topishi uchun yaratadi. Demak, yozuvchining o'zi ham biz uchun qadrdon do'stga aylanadi. Agar siz bu kitobni qo'lingizga olgan ekansiz, biz endi ma'naviy opa-singil yoki aka-uka hisoblanamiz. Bu kitobni kim o'qishi — qiz bolami yoki o'g'il, yoshmi yoki yoshi ulug' — buni oldindan bilmayman. Men uni faqatgina kitobxonlarga atab yozdim, chunki kitobni baribir chin kitobxonlar o'qiydi xolos.
Bu kitobni tasodifan yosh bolaga tutqazsangiz, u: 'Voy, bu nima? Menga nima berdingiz?' deya ajablanishi mumkin. Ammo uni kitobni tushunadigan, garchi yosh bo'lsa-da, qalb bilan o'qiydigan insonga bersangiz: 'Hayotimda bunday ma'noli va chiroyli so'zlarni uchratmagan edim', deya e'tirof etadi. Garchi undan ham zo'r ustoz yozuvchilarimiz borligini bilsa ham. Masalan, O'tkir Hoshimov... Uning kitoblari to'g'ri yurakka yetib boradi, qalblarni parcha-parcha qiladi, yig'latadi, ezadi, ammo insonga ulkan ma'naviy ozuqa beradi.
O'lmas Umarbekovning ham asarlari shunday. Uning ba'zi kitoblari insonni ilmga yo'llaydi, ich-ichidan larzaga soladi. Umuman olganda, barcha yozuvchilarni hurmat qilaman. Ayrimlar turk adabiyotiga qiziqishadi, lekin o'z ona adabiyotingizni o'qimay turib boshqa adabiyotga berilish — bu biroz xato. Masalan, O'tkir Hoshimov yoki boshqa o'zbek adiblari bilan bir qatorda, Alisher Qopaliqayaning 'Men Mayram' kitobini o'qidim. Bu asar ham yurakka yetib boradi, ilm nima ekanligini, unga erishish uchun qanchalik mashaqqat chekish kerakligini juda ta'sirli ko'rsatib beradi.
Albatta, hamma kitob ham ajoyib, har birining o'z o'rni bor, chunki ular bizning ko'zimizni ochadi, dunyoqarashimizni kengaytiradi. Va yana bir buyuk mavzu — bu bizning jadidlarimiz! Cho'lponning 'Kecha va Kunduz' romanini o'qib ko'ring. U shunchaki ajoyib! Asardagi: 'Seni sotdi o'z otang, men senga bo'lay sadaqang' degan satrlar yurakdan joy oladi. To'g'ri, ilk bor o'qiganingizda uning tub mohiyatini to'liq tushunmasligingiz mumkin, chunki birinchi va ikkinchi o'qishda asar ko'proq xotirada qoladi. Uni takror o'qiganingizda esa butunlay boshqacha olamni kashf etasiz. Cho'lpondek daholarga faqat va faqat tasanno aytish kerak..."