Bilasizmi, nega hamma "Kitob oʻqishimiz kerak", deyaveradi? Eh, ular nimani ham bilishardi? Ular balki kitob oʻqib koʻrishmagandir, hatto biron-bir satrni ham...
Axir biz — kitobxonlar, asarni shunchaki oʻqimaymiz, undagi hayotni yashab oʻtamiz! Qahramonlar oʻlsa — oʻlamiz, kulsa — kulamiz, kasal boʻlishsa — biz ham kasal boʻlamiz. "Kitobni nega oʻqiyapmiz?" deb oʻzimizga savol berishimiz kerak. Axir, kitobdan nimadir olish, oʻrganish uchun oʻqiymiz-ku, toʻgʻrimi?
Ba’zi kitobni tushunmaydiganlar: "Kitob zerikarli, oʻqisam uxlab qolaman", deyishadi. Nega shunday, bilasizmi? Chunki ular kitobni faqat koʻzi bilan oʻqiydilar. Hozir siz ham aytishingiz mumkin: "Axir, hamma ham koʻzi bilan oʻqiydi-ku", deb. Bu ham oʻrinli savol, aslida. Lekin haqiqiy kitobxonlar kitobni koʻzi bilan emas, miyasi va qalbi bilan oʻqiydi!
Nega kitobni tushunib oʻqiydiganlarni "kitobxon" deymiz? Chunki ulardan oʻqigan kitobining mazmunini soʻrasangiz, har bir satrini xuddi suv ichgandek oson va chiroyli qilib aytib berishadi. Shunday insonlargina kitobdan oʻzi izlagan bilimni, aqlni topa oladilar.
Kitobxonlar kitobsiz yashay olishmaydi. Ularning miyasi kitob oʻqishga shunchalik oʻrganib qolganki, bir kun kitob oʻqishmasa, xuddi bir kun ovqat yemagandek och qolishadi. Bu — haqiqiy kitobxonlarning odati.
Albatta, kitobxonlarda boshqacha, juda qiziqarli odatlar ham bor. Ularning eng noyob odatlaridan biri — uyida oʻqishga shunchalik koʻp kitobi boʻlsa ham, baribir yana yangi kitob sotib olaverishadi. Agar kitob doʻkoniga kirib qolishsa, ey, oʻsha yerda uy qurib, oʻsha yerning oʻzida yashab qolishga harakat qilishadi!
Yana koʻplar: "Koʻp kitob oʻqisang, koʻzingning nuri (zreniyang) pasayadi", deyishadi. Lekin kitobxonlarda aksincha! Ularning dunyoqarashi, qalbi charxlanadi. Chunki ularning tomirida qon emas, kitob oqadi!
Barcha kitobxonlarning bitta umumiy va buyuk orzusi bor: oʻzlari eng yaxshi koʻrgan kitobni xuddi birinchi marta oʻqiyotgandek yorqin tuygʻularni his qilish uchun... oʻsha kitob haqidagi xotiralarini butunlay oʻchirib tashlash! Bu — shaxsan mening ham eng katta orzum. Chunki u kitoblar shunchalik ma’noli va sehrli boʻladiki, biz oʻsha kitobning ichiga kirib, oʻsha dunyoda yashashga ham rozi boʻlamiz.1
Men ba’zan shunday narsalarga guvoh boʻlamanki, hayratdan yoqa ushlayman: atigi bitta kitob oʻqib, oʻzini "haqiqiy kitobxon" deb e’lon qiladiganlar bor! Men esa oʻntadan koʻp kitob oʻqib ham: "Men hali kitobxon emasman, haqiqiy kitobxon boʻlish uchun yuzdan ortiq asar oʻqish kerak, shundagina kitobxon deb tan olinadi", deb oʻylab yurardim.
Hozirgi kunda bitta kitobni zoʻrgʻa oʻqib ham kitobxon boʻlishning iloji bor ekan-da? Demak, shunchaki zerikishdan bitta kitob oʻqigan inson ham kitobxon deb atalaveradimi? Eh-he, unda yigirmata, yuzta kitob oʻqiganlarni nima deymiz? "Kitoblardan oʻziga uy qurib olgan kitobxon" deymizmi?
Ey insoniyat, axir ozgina miya bilan ham oʻylab koʻrish kerak-ku! Hali bitta kitob oʻqib, uni ham mazmunini tushunmay turib, oʻzimizni kitobxon deyilishimiz sal notoʻgʻri emasmi? Balki kimlar uchundir bu oddiy holdir, ammo kitobning asl shinavandalariga, ayniqsa, koʻp yillik tajribali kitobxonlarga bu juda gʻalati va antiqa tuyuladi.
Albatta, bu har kimning oʻz fikri. Kimdir uchun yuzlab kitob oʻqigan odam ham hali toʻliq kitobxon boʻlmasligi mumkin, kimdir uchun esa bitta kitob oʻqigan odam ham kitobxondir. Lekin ochigʻini aytganda, kundan-kunga aynan shunday "sohta kitobxonlar" koʻpayib bormoqda. Ayni paytda, ular oʻqigan atigi bitta kitoblari bilan hammaga maqtanib, hatto qandaydir mashhur nashriyotlar yoki kitobxonlar jamoalariga qoʻshilishni istashadi. Lekin kimdir ulardan oʻsha oʻqigan kitobining mazmunini gapirib berishni soʻrasa... hmm, ular bir sahifasini ham eplab gapirib bera olishmaydi! Shunda ham: "Men asl, zoʻr, ajoyib kitobxonman!" deyishdan uyalishmaydi.
U ham mayli, eng qizigʻi — kitobni barcha sahifasini oʻqiganman deyishadi-yu, aslida birinchi sahifasining yarmini oʻqib, "boʻldi, men hammasini oʻqib boʻldim" deb aldaydiganlari ham yoʻq emas. Hozirgi XXI asrda bundaylar tiqilib yotibdi. Biz ularni shunchaki "Sohta kitobxonlar" deb ataymiz.
Ha, aytgancha, aziz dugonajonim, bu gaplarni aslo oʻzingizga olmang. Haqiqiy kitobxonning yuragi kitoblar bilan qoplangan boʻladi. Shuning uchun sizning yuragingizda har doim qandaydir yigitlar emas, kitoblar boʻlsin!
Mavzuga qaytsak: kitobni nima uchun oʻqiymiz? Bilsangiz, har bir inson kitobni har xil maqsad muddaoda oʻqiydi. Kimdir soʻz boyligini koʻpaytirish uchun, yana kimdir esa kitobdagi hayotni yashab oʻtish uchun... Xullas, kitob oʻqishdan asosiy maqsad — muallif nima demoqchi boʻlganini tushunishdir.
Sizlarga rostini aytsam, ba’zi asl kitobxonlar ham har doim muallifning fikrini toʻliq anglay olmaydi. Ya’ni, ularda ham ba’zan shunday holatlar roʻy berib turadi. Chunki barcha insonlar, hatto haqiqiy kitobxonlar ham xato qiladi va ular ham ideal emas. Ideal inson vafot etganiga juda koʻp asrlar boʻldi.
Shuning uchun kitobda yozilgan har bir satrni mulohaza qilish, tahlil qilish kerak. Kitobni bir kunda tezda oʻqib tugatish emas, balki uning mazmunini chaqish muhimroqdir. Toʻgʻri, hamma kitobxon ham bir xil emas. Ba’zilar bir kunda oʻqisa ham, shunday mazmunli oʻqiydiki, ularning miyasi har bir satrni bir soniyada tahlil qilib, voqeani darrov tushunadi. Siz bu satrlarni oʻqib, tez oʻqiy olmayotganingizdan aslo nolimang, axir hamma inson har xil-ku! Masalan, siz oʻqiydigan kitoblar boshqa, uniki esa butunlay boshqa. Balki u turk adabiyotini oʻqir, siz esa oʻzbek adabiyotini.
Men shuni aytmoqchimanki, kitobni shunchaki oʻqigandan koʻra, unda nima deyilganini, qahramon qanday siqilayotganini chin qalbdan sezish kerak. Va yana bir gap: har doim oʻz qadrigizga yeting, oʻzingizni seving. Chunki oldin aytganimdek, ideal inson milliard yil oldin vafot etgan.
Ey kitobxon, agar siz bu kitobni oʻqiyotgan boʻlsangiz, bilingki, siz men, ya’ni muallifni chin qalbdingizdan tushunyapsiz. Uning qanchalik kuyunib, bu gaplarni qalbingiz qulogʻiga yetkazayotganini his qilyapsiz. Bu kitobni oʻqiyapsizmi, demak, siz — asl kitobxonsiz, bunga ishonavering! Chunki har qanday haqiqiy kitobxon 10 yoshli qizchaning kitobini oʻqishga intiladi, hattoki oʻzi kitob yozadigan mashhur yozuvchilar ham!
Yana ba’zilar, bilasizmi, kitobning faqat muqovasiga qarashadi. Ya’ni ular muqovaning chiroyliligiga qarab kitob tanlashadi. Men bundan juda hayron boʻlaman, nega faqat tashqi koʻrinishga qarashadi? Oʻylab koʻrsak, hamma zoʻr kitoblarning ham muqovasi chiroyli boʻlavermaydi-ku.
Sizlarga mendan kichik bir maslahat: siz sotib olmoqchi boʻlgan kitobingizning ichini, hech boʻlmasa birgina sahifasini elektron shaklda oʻqib koʻring. Axir bu faqat muqovasiga qarab tavakkal olingan kitobdan yaxshiroq boʻladi-ku. Masalan, bir kuni men ham kitob sotib oldim. Uni faqat muqovasiga qarab tanlagandim: unda yomgʻir va ayol kishi tasvirlangan boʻlib, sarlavhasi "Yoz yomgʻiri" edi. Men u kitobni goʻzal, ma’noli soʻzlardan iborat va unda hech qanday jinoyat yoʻq deb oʻylagandim. Ammo oʻqib chiqib bildimki, u yerda mudhish qotillik sodir boʻlgani haqida hikoya qilinar ekan. Buni bilib hayratda qoldim. Shuning uchun, aziz kitobxon, siz kitobni muqovasiga emas, balki sahifalariga yoki mundarijasiga qarab tanlang.
Va shuni aytamanki, agar siz mutolaaga endigina kirib kelgan yangi kitobxon boʻlsangiz, ishni jahon adabiyotining durdonasi boʻlmish "Kichkina shahzoda" asaridan boshlang. Bu asar oʻzbek adabiyotiniki emas, balki boshqa davlat yozuvchisiniki boʻlsa ham, unda shunday chuqur gaplar borki, oʻqib mutolaa gashtidan mast boʻlasiz. Lekin agar siz aynan mening asarimni oʻqishni tanlagan boʻlsangiz yoki yangi kitobxon boʻlib turib menikini oʻqimoqchi boʻlsangiz, undan oldin oʻzbek va turk adabiyotidan kamida oʻnta kitob oʻqib chiqing. Chunki mening bu yozgan har bir satrimni toʻliq tushunish uchun siz "eski", tajribali kitobxon boʻlishingiz kerak.
Ha, aytgancha, men sizga omad va sabr tilayman. Chunki oʻzbek va turk asarlarini oʻqiyotganingizda judayam koʻp yigʻlaysiz. Balki dastlab ularning aytgan gaplarini tushunishingiz biroz qiyin kechar, ammo vaqti kelib qayta oʻqisangiz, hammasini juda ajoyib tarzda anglab yetasiz.
Sizningcha, men nima uchun aynan shu asarni yozdim? Ba’zi mualliflar kabi oʻz hayotimni yoki koʻrgan-kechirganlarimni yozsam ham boʻlar edi-ku. Lekin men oʻz hayotimni aytib, sizlarni yigʻlatgim kelmadi. Chunki har bir insonning oʻz hayoti bor va aynan hammada oʻziga yarasha qiyinchiliklar boʻladi. Men esa oʻz qiyinchiliklarimni sizlarga aytib, koʻzingizdan yosh oqizishni istamayman. Ey kitobxon, siz shu paytgacha qancha-qancha asarlar oʻqib, balki koʻzingizda yigʻlashga yosh ham qolmagandir, deb oʻylayman. Kitobxonlar, bu satrlarni oʻqib kulishingiz mumkin, lekin bu men uchun achchiq haqiqatdir.
Men juda koʻp oʻylanib, sizlarga yana bitta gapni aytishga qaror qildim: aziz kitobxonlar, sizlar kitob oʻqiysiz, bu ishni juda yaxshi koʻrasiz. Kitob desa joningizni berishga tayyorsiz va kerak boʻlsa, kuni boʻyi mutolaa qilasiz. Ammo, shu bilan birga, real hayotdan qochasiz... Toʻgʻri, bu aytganlarim orasida oʻzim ham borman, men ham gohida real hayotdan qochaman. Ammo biz, kitobxonlar, bu real hayotga tik boqib, unga qarab kulib qoʻyishimiz kerak. Axir siz oʻz dardingizga ham yechim topishingiz kerak-ku!
Bu gapim bilan "kitob oʻqimang" demoqchi emasman, balki kuni boʻyi faqat kitobga koʻmilib olmasdan, unga kuniga uch-toʻrt soat vaqt ajrating demoqchiman. Balki bu gapim sizga yoqar, balki yoqmas, lekin men hayot va kitobni barobar olib borishingizni tushuntirmoqchiman. Shunda real hayotga ham, kitobga ham ulgirasiz.
Aynan bir misol keltiray: mening "Mayram" kitobimdagi oʻsha Mayram faqat real hayotga boqardi, unda kitob yoʻq edi, balki hech kimi ham yoʻq edi. Ammo u baribir oʻz hayotini oʻzi tortishga, yengishga urindi. Men sizni ham shunday kuchli boʻlishga chaqirmoqchiman.
Axir koʻzingizni, oʻzingizni oʻylang. Bu qiyinchiliklar ham, kitoblar ham — deyarli hammasi oʻtadi-ketadi, lekin bizga hayot bir marta beriladi. Shuni oʻylashimiz kerak emasmi? Oila a’zolarimizga ham vaqt ajrataylik. Axir ular ham abadiy emas, bir kun vafot etishadi, shunday ekan, tirikliklarida diydorlariga toʻyib qolaylik. Hmm... kim biladi, ular oʻn yil yoki yigirma yildan keyin oʻtib ketishar? Buni yagona Alloh biladi.
Shuning uchun ham siz bu dunyoda kechirimli boʻlishingiz kerak. Toʻgʻri, sizni xafa qilishgandir, lekin baribir ularni kechiring. Chunki shu kechirmay yurganingiz taqdiringizning tekis yoʻlini gʻadir-budir koʻchalarga boshlab borishi mumkin. Masalan, siz onangizdan xafasiz, lekin oʻylab koʻrsak, onangiz boʻlmaganida hozir siz ham yoʻq boʻlar edingiz, balki bu yerda xafa boʻlib ham oʻtirmasdingiz. Shuning uchun oʻz ota-onangizning, balki boshqalarning ham qadriga yeting. Axir bu — qaytar dunyo, bugun qilganingiz ertaga oʻz farzandingizdan oʻzingizga qaytmasin deyman-da.
Aziz kitobxonlarim, siz kitob oʻqishdan aslo toʻxtamang. Balki mening bu aytganlarimga ba’zan e’tibor ham bermassiz chunki notoʻğri aytgan boʻlishim mumkin chunki men juda kichikman va sal meyorida oʻqish kerak deb oʻylayman , lekin men baribir sizlarga ishonaman.
Oʻylab koʻrsak, siz Feryaning ahvoliga hech qachon tushmagansiz. Shuning uchun ham xursand boʻling, shukr qiling. Uning matonatiga tan berish kerak — qaysi qiz saraton balosini yengib oʻtib, "endi baxtli yashayman" deganida ota-onasi qazo qiladi? Demak, oʻsha paytda uning hayotda yashashidan ma’no ham qolmagandi. Axir u oʻzi uchun emas, balki ota-onasi uchun yashamayotganmidi? Shuning uchun oʻz hayotimizning qadriga yetaylik va aslo noshukur boʻlmaylik. Axir biz Mayram yoki Feryaning ahvolida emasmiz-ku, toʻgʻrimi?
Men bularni yozayotganimdan maqsad shuki, zero bu satrlarni oʻqib ba’zi insonlarning aqli kirib qolar, deb oʻyladim. Ammo dunyoda shunday insonlar borki, ularga necha marta gapirsang ham zarracha ta’sir qilmaydi. Hech bir ota-onaga bunday farzand nasib qilmasin. Shuningdek, yana shunday toifa insonlar borki, ular muzyurakdir — ularning qalbi yozda ham, jazirama quyoshda ham erimaydi. Lekin ba’zi birlarni koʻrganman — tashqaridan xuddi mendagidek kibrli koʻrinadi, ammo ularga bitta kitob hadya qilsangiz bormi, sizni butun umrga, hatto bu dunyoni tark etganidan keyin ham aslo yodidan chiqarmaydi.
Menga soʻz bering: "Men real hayotga ham, kitobga ham, oila a’zolarimga ham birdek vaqt ajrataman", deb. Chunki mening fikrlashimcha, aynan shunday muvozanatni ushlay olgan insonlargina haqiqiy daho boʻlishadi. Yana bir savol: siz daho boʻlish entertainment nimalar qilgan boʻlardingiz? Agar: "Koʻp oʻqiyman, butun hayotimni faqat ilm-fanga bagʻishlayman", desangiz, adashasiz. Aslida, haqiqiy daholar hamma narsani me’yorida qilishadi. Axir oʻylab koʻring, faqat ilm-fan deyaversangiz, ellik yoshga kirganingizda yuz yoshli qariyaga oʻxshab qolasiz-ku! Agar har narsani oʻz oʻrnida, me’yorida qilsangiz, ellik yoshda ham yigirma yoshli yoshlardek tetik koʻrinasiz. Ha, agar faqat ilm-fan, faqat kitob deyaversangiz, oilangiz buzilishi ham aniq. Daho deganda faqat kitob va bilim ortidan quvadigan emas, balki oilam, oʻzim deydigan insonlar nazarda tutiladi. Haqiqiy daholar hamma narsani oʻlchab, me’yorida bajarishadi, menga ishonavering.
Shuning uchun siz ham dono inson sifatida me’yorni biling, mening dono kitobxonim!
Ha, aytgancha, balki mening bu maslahatlarim kimlargadir yomon yoki keraksiz tuyular, buni bilaman. Ammo qaysidir kitobxon bu fikrlarni ajoyib deb hisoblashiga ishonaman. Bobokalonlarimiz aytganidek, "Gap egasini albatta topadi".
Keling, asosiy maqsadimni aytaman: men hammaga yaxshi boʻlishini, insonlar bu kitobni oʻqib, oʻzlari uchun nimadir olishini xohlayman. Ammo bilasizmi, ba’zida qoʻlimdan kelishiga ikkilanib qolaman. "Men yozgan kitob yoki hikoyalarni kimdir yomonlasa-chi? Men chin dildan harakat qilsam ham, kimgadir foyda bera olamanmi?" degan oʻy-xayollar miyamdan chiqmayapti. Uddalay olamanmi-yoʻqmi, mmm, buni bilishga juda qiziqyapman. Lekin meni taniydigan barcha kitobxonlar qoʻlimdan kelishini aytishmoqda.
Ha, kitob oʻqish — juda yaxshi odat. Chunki muntazam kitob oʻqisangiz, 2-3 yildan soʻng albatta oʻz olamingizni yozasiz. Men sizga ishonaman! Aslida, biror ishni qilayotganingizda senga ishonadigan bitta inson boʻlishining oʻzi — katta baxt.
Sizni qoʻllab-quvvatlaydigan inson bormi? Agar bor boʻlsa, qarab turmay hoziroq boshlang! Sizning qoʻlingizdan kelishiga hech boʻlmasa bitta inson ishonadi. Agar sizga ishonadigan inson boʻlmasa ham, aslo xafa boʻlmang. Chunki men borman! Men sizga chin qalbimdan ishonaman. Siz uddalaysiz, siz oʻz olamingizni, oʻz yurtingizni qura olasiz. Ichingizdagi oʻsha "Qil, qil, boshla!" degan ovozni kuy-sado qilib chiqar olasiz.
Agar sizga kimdir toʻsqinlik qilsa, shuni eslang: Mayramni, ya’ni men Mayram kitobdagi oʻsha Mayramning harakatini eslang! Uni hatto oʻldirmoqchi boʻlsalar ham oʻqishga, bilim olishga intilganini yodga oling va siz ham harakat qiling. Axir, "Odam qilgan ishni odam qiladi", deganlar-ku!
Qachongacha faqat havas qilib oʻtirasiz? Qachongacha "Men ham shunday narsa olsam edi, falon institutga kirsam edi, umuman olganda IELTS olsam edi" deb oʻtirasiz? Bularning bari faqat harakat va mehnat bilan boʻladi. Har bir muvaffaqiyatga erishgan insonning orqasida tinimsiz harakat, mehnat, koʻz yosh va kurashish boʻladi. Agar siz faqat orzu qilib oʻtiraversangiz, bular ming yilda ham boʻlmaydi, hatto tushingizda ham.
Mmm, siz aytishingiz mumkin: "Bu oʻn yoshli qizcha menga aql beryapti", deb. Ammo shu oʻn yoshli qizcha oʻz orzularini va boshqa insonlarni ruhlantirish uchun harakat qilgandi!
Nima, siz shu oʻn yoshli qiz qiladigan ishlarni qila olmaysizmi?
Siz qila olasiz, hatto bundan ortigʻini ham uddalaysiz! Ammo haligacha "Boshlasam mikin?" deb ikkilanib turibsiz. Bilasizmi, birinchi qadam har doim qiyin boʻladi. Chunki birinchi qadam — eng katta mas’uliyatdir. Ba’zi odamlar oʻziga mas’uliyat orttirishni yomon koʻrishadi va: "Oʻzidan kelib tushsa yeyman, yoʻqsa uxlab yotaveraman", deyishadi. Balki shuning uchun ham ular haligacha muvaffaqiyatga erisha olishmayotgandir. Siz ham shu insonlar kabi boʻlishni xohlaysizmi? Yoki shularga oʻxshab qolmoqchimisiz?
Hammaning tanlovi oʻz qoʻlida, ammo hamma ham har doim toʻgʻri tanlov qila olmaydi. Shuning uchun insonlar: "Toʻgʻrimi yoki notoʻgʻrimi?" deb ikkilanishadi va oqibatda oʻzlariga boʻlgan ishonchni yoʻqotib qoʻyishadi. Oʻylab koʻrsak, siz oʻzingizga ishonmasangiz, boshqalar sizga qanday ishonsin? Avvalambor, sizga oʻz ishonchingiz yetishmaydi, shuning uchun boshqalardan nolimang. Aslida, oʻziga ishongan inson boshqalardan ishonch kutib oʻtirmaydi, chunki unga ortiqcha narsaning keragi yoʻq — oʻzi eplay olishini biladi. Lekin oʻziga umuman ishonmaydigan, "Men qila olmayman" deydiganlar esa faqat boshqalardan iltifot va ishonch kutib yashaydilar. "Menga u ishonarmikin, menga bu ishonarmikin?" deb siqilishadi.
Men shuni bildimki, dunyoda ikki toifa inson boʻladi. Birinchi toifa — bu oʻziga ishonadigan, kuchli, mas’uliyatni oʻz boʻyniga oladigan, bildirilgan ishonchni oqlaydigan va va’dasining ustidan chiqadiganlar. Ikkinchi toifa esa oʻziga ishonmaydi, faqat boshqalardan ishonch kutadi, kuchsiz, biror ishni eplay olmaydi, mas’uliyatdan qochadi va va’dasini bajarmaydi. Shunday toifa insonlar ham bor... Va biz oʻsha ikkinchi toifadagi insonlardan qochishimiz emas, balki ular bilan doʻst boʻlib, yoʻqolgan ishonchini oʻzlariga qaytarishimiz kerak. Birinchi toifadagilardan esa koʻp narsalarni oʻrganishimiz lozim. Ammo bu gaplarim odamlarni bir-biridan ajratamiz degani emas. Ya’ni, men shunchaki odamlarning xarakteridagi toifalarni aytyapman.
Lekin ba’zilar odamlarning faqat kiyimi va boyligiga qarab baho berishadi. Toʻgʻri, boylik kerak, yaxshi kiyinish kerak, ammo ba’zi insonlarda bu imkoniyatlar cheklangan boʻladi — shuni hech oʻylab koʻrganmisizlar? Axir hamma ham bir xil imkoniyat bilan tugʻilmaydi-ku. Va insonning faqat kiyinishiga qarab, uning yuragi pokmi yoki qorami — buni bila olmaymiz. Shunga qaramay, faqat boylik va latta-puttaga qarab odamlarga yopishaveramiz. Shu insofdanmi? Odam ajratish, uni mensimaslik va ustidan kulish insofdanmi? Ular oʻzlari xohlab bunday yashashmayapti-ku. Axir hech kim boshiga tushgan qiyinchilik va dardni Allohdan yalinib soʻrab olmaydi-ku. Keling, buni chuqurroq oʻylab koʻraylik.
Vaholanki, sizning ham kimnidir kamsitishga aslo haqqingiz yoʻq. Chunki sizni ham, oʻsha qiz yoki yigitlarni ham yagona Alloh yaratgan. Agar siz "Nima boʻlibdi?" deb ularning ustidan kulaversangiz, aynan rasmning emas, oʻsha rassomning, ya’ni yaratgan Allohning ustidan kulayotgan boʻlasiz. Va bu gaplarni aslo esingizdan chiqarmang: qaytar dunyo hozir qirq kunda emas, qirq daqiqada qaytadi! Shuning uchun haddingizni bilgan holda ish koʻring.
Ha, aytgancha, yana koʻplar: "Kitob oʻqiganing bilan olim boʻlarmiding?" deyishadi. Lekin bilsangiz, bizning Muhtaram Prezidentimiz shunday degan edilar: *"Bugun kitob oʻqigan bir bola, ertaga televizor yoki telefon koʻrib oʻtirgan oʻnta bolani boshqaradi"*. Demak, kitob oʻqigan bola haqiqatdan ham kelajakda buyuk inson boʻladi. Afsuski, ba’zi ota-onalar buni hatto oʻylab ham koʻrishmaydi. Mening maslahatim, aziz kitobxon, bu kitobni oʻqib boʻlganingizdan soʻng, albatta uni ota-onangizga ham bering, ular ham oʻqishsin.
Lekin kimdir: "Men kitob oʻqimayman, biznes boshlayman", deydi. Yaxshilab oʻylab koʻrsak, biznes uchun ham oʻqish kerak-ku! Axir hisob-kitobni, foyda va zararni ajrata olmagan inson qanday qidelik muvaffaqiyatli biznesmen boʻla oladi? Shuning uchun sizlarga oʻn yoshli qiz aytmoqda: har bir kasb uchun oʻqish va izlanish kerak, chunki har bir narsaning, har bir kasbning oʻz mas’uliyati boʻladi.
Yana bir gap: hozir sizda oʻqish uchun alohida bir xona, daftar, ruchka va kitob bormi? Agar bularning bari boʻlsa, siz dunyodagi eng baxtli insonsiz! Chunki sizga oʻqish va bilim olish uchun hamma sharoit yaratilgan. Lekin ba’zi bir bolalar bularning qadriga yetmaydi va foydalanish oʻrniga uni qadriga yetmay shukur ham qilmaydi