Men odamlarning xotirasidan o‘zimni o‘chira olaman.Bu gapni hech kim bilmaydi.
Va men buni hech qachon hech kimga aytmoqchi ham emasman.
Chunki odamlar g‘ayritabiiy narsalardan qo‘rqishadi. Ular tushunmagan narsasini yomon ko‘rishadi. Yomon ko‘rgan narsasini esa yo‘q qilishga urinadi.
Men esa yo‘q qilinadigan odam bo‘lishni xohlamayman.
Shuning uchun unutaman.
Boshqalarni emas.
O‘zimni.
— Kechirasiz, qizim.
Orqamdan kelgan ovoz meni to‘xtatdi.
Burilib qarasam, yoshi elliklardan oshgan bir ayol menga hayron qarab turardi.
— Ha?
Ayol qo‘lidagi telefonini ko‘rsatdi.
— Sizni avval ham ko‘rgandekman.
Men jilmayishga urindim.
— Balki adashgandirsiz.
— Yo‘q, yo‘q. Aniq eslayman. Siz kecha ham shu yerda edingiz.
Yuragim bir urib, keyin tezroq ura boshladi.
Men unga tikildim.
Bir soniya.
Ikki soniya.
So‘ng sekin:
— Meni eslamang.
Ayolning ko‘zlari bir zumga xiralashdi.
U qoshlarini chimirdi.
— Kechirasiz… siz menga nimadir dedingizmi?
Men jilmaydim.
— Yo‘q.
Ayol boshini chayqab, yo‘lida davom etdi.
Men esa uning ortidan qarab qoldim.
Yana bir odam.
Yana bir o‘chirilgan xotira.
Men bu ishga allaqachon ko‘nikib ketganman.
Ammo hech qachon bunga odatlanmaganman.
Chunki har safar birovning xotirasidan o‘zimni o‘chirganimda, ichimdagi nimadir ham yo‘qolardi.
Ba’zida biror yuz.
Ba’zida biror ovoz.
Ba’zida esa men uchun qadrli bo‘lgan kichkina bir lahza.
Go‘yo xotiralarimdan mayda bo‘laklarni kimdir sekin-sekin sug‘urib olayotgandek.
Shuning uchun daftarimning birinchi sahifasiga bitta qoida yozib qo‘yganman:
“Keraksiz odamlarni unutdir. Qadrli odamlarni esa hech qachon.”
Men bu qoidani juda yaxshi bilardim.
Faqat hali uni buzishimni bilmasdim.
Ertalab universitetga kechikib borayotgan edim.
Qo‘limda kofe, yelkamda sumka, xayolim esa butunlay boshqa joyda.
Burilishda kim bilandir to‘qnashib ketdim.
Kofe qo‘limdan chiqib ketib, uning oq ko‘ylagiga to‘kildi.
Bir necha soniya ikkovimiz ham jim qoldik.
Men uning ko‘ylagiga qaradim.
Keyin yuziga.
U ham menga qaradi.
Qora sochlari biroz tartibsiz, ko‘zlari esa g‘alati darajada sokin edi.
Sokin…
Lekin nigohida nimadir bor edi.
Go‘yo meni biror joydan tanigandek.
U pastga qarab, ko‘ylagidagi kofe dog‘ini ko‘rdi.
Keyin yana menga.
— Jiddiy aytyapman, — dedi u sovuqqina. — Odamlarga qarab yurish degan narsa bor.
Men uning gapidan jahlim chiqdi.
— Siz ham qarab yurishingiz mumkin edi.
— Men qarab yurayotgan edim.
— Unda ko‘rmayapsiz.
U qoshini ko‘tardi.
— Siz har doim shunaqa qo‘polmisiz?
— Siz har doim shunaqa zerikarli gapirasizmi?
U kulib yubordi.
Kulganida yanada asabim buzildi.
— Qiziq ekansiz.
— Siz ham.
— Bu maqtov emas.
— Men ham maqtov sifatida aytmadim.
U yonimdan o‘tib ketdi.
Men esa orqasidan qarab qoldim.
Keyin o‘zimdan jahlim chiqdi.
Nega qarab qoldim?
O‘sha kunning o‘zida uni yana uchratdim.
Kutubxonada.
Keyin koridorda.
Keyin kafeda.
Bu qandaydir yomon hazilga o‘xshardi.
U qayerga borsam, o‘sha yerda paydo bo‘lardi.
U ham meni ko‘rganida yuzidagi ifodadan buni yoqtirmasligi bilinardi.
— Yana sizmi? — dedi u.
— Afsuski.
— Meni kuzatyapsizmi?
— Tushimga ham kirmang.
— Yaxshi. Men ham buni istamasdim.
Men unga qarab kulimsiradim.
— Unda bir-birimizdan uzoq yuramiz.
— Kelishdik.
Ammo hayot bizning kelishuvimizni juda tez buzdi.
Kechga yaqin kutubxonada yolg‘iz qolgan edim.
Kitob varaqlarini titkilab o‘tirarkanman, kimdir orqamdan:
— Kecha nima qilganingni tushuntira olasanmi?
dedi.
Qo‘limdagi ruchka tushib ketdi.
Men sekin burildim.
U.
— Nima?
U menga yaqinlashdi.
— Bugun ertalabdan beri nimadir noto‘g‘ri tuyulyapti.
— Bu mening muammom emas.
— Balki.
U stolimga qo‘lini qo‘ydi.
— Lekin kecha seni ko‘rganimni eslayman.
Yuragim muzlab ketdi.
— Nimani?
— Kecha.
Men unga tikildim.
— Biz kecha uchrashganmiz.
U boshini qimirlatdi.
— Yo‘q. Men boshqa narsani aytyapman.
Uning nigohi jiddiylashdi.
— Men seni… nimadir qilayotganingni ko‘rgandim.
Jimlik.
Men hech narsa demadim.
U davom etdi:
— Keyin sen menga qarading.
Men bilardim.
U nimani nazarda tutayotganini.
— Va?
— Va keyin…
U peshonasini ishqaladi.
— Keyin nima bo‘lganini eslay olmayapman.
Ichimda qo‘rquv uyg‘ondi.
Demak, u eslagan.
Bu mumkin emas.
Men unga qaradim.
Uning ko‘zlari ko‘zlarim bilan to‘qnashdi.
Endi qochishning iloji yo‘q edi.
Men asta o‘rnimdan turdim.
— Sen buni unutishing kerak.
— Nima?
Men unga bir qadam yaqinlashdim.
— Meni.
U kulimsiramadi.
— Yana o‘sha g‘alati gaplaringiz boshlandi.
Men uning ko‘zlariga tik qaradim.
Qobiliyatim ishlashi uchun faqat bitta narsa kerak.
Ko‘zlar.
— Meni eslama.
Jimlik.
Bir soniya.
Ikki.
U qimirlamadi.
Men kutdim.
Hech narsa.
U hamon menga qarab turardi.
— Bo‘ldimi? — dedi u.
Nafasim ichimda tiqilib qoldi.
— Sen…
— Ha?
Men bir qadam ortga chekdim.
Ishlamadi.
Hayotimda birinchi marta.
Mening qobiliyatim…
ishlamadi.
U esa hech narsani tushunmagandek menga qarab turardi.
— Nima bo‘ldi?
Men javob bermadim.
Shunchaki sumkamni oldim-da, kutubxonadan chiqib ketdim.
Orqamdan uning ovozi eshitildi:
— Hoy! To‘xta!
Men to‘xtamadim.
Uyga yetib kelganimda qo‘llarim titrardi.
Xonamga kirib, eshikni qulfladim.
Keyin stol tortmasidan eski qora daftarimni oldim.
Bu daftar mening yagona sirim edi.
Unda yillar davomida qobiliyatim haqida yozganlarim bor edi.
Qanday ishlaydi.
Qachon ishlamaydi.
Nima uchun ba’zida og’riq beradi.
Men sahifalarni tez-tez varaqladim.
Oxirgi sahifaga kelib to‘xtadim.
Bu sahifani men ilgari ko‘rmagan edim.
Qog‘oz eski edi.
Ammo yozuv…
yangi.
Qora siyohda bitta jumla yozilgan:
“Agar bir inson sening xotirangdan o‘chmasa, demak, u sening taqdiringdan ham o‘chirilmagan.”
Men uzoq vaqt o‘sha jumlaga tikilib qoldim.
Bu kimning yozuvi?
Bu daftarni men hech kimga bermaganman.
Xonada mendan boshqa hech kim yo‘q edi.
Ammo eng qo‘rqinchlisi bu ham emasdi.
Men yozuv ostidagi kichkina sanaga qaradim.
Bugungi sana.
Yuragim yana tez ura boshladi.
Ertasi kuni universitetga borganimda uni ko‘rdim.
U menga qaradi.
Bir lahza ko‘zlarimiz to‘qnashdi.
Men yuragimni ushlab qoldim.
U esa yonimdan o’tib ketdi.
Meni tanimadi.
Men ichimdan yengil nafas oldim.
Demak, kechagi voqea shunchaki…
Shu payt u to‘satdan to‘xtadi.
Orqasiga qaradi.
Men ham to‘xtadim.
— Kechirasiz.
— Ha?
U menga bir necha soniya qarab turdi.
— Biz oldin uchrashganmizmi?
Men lablarimni zo‘rg‘a qimirlattim.
— Yo‘q.
U boshini qiyshaytirdi.
— G‘alati.
— Nima?
U ko‘zlarini mendan uzmadi.
— Bilmayman.
Bir necha soniya sukutdan keyin u sekin dedi:
— Men seni kecha tushimda ko‘rdim.
Men qotib qoldim.
— Nima?
U jilmaymadi.
Aksincha, yuzidagi hayrat tobora kuchaydi.
— Tushimda ham sen mendan qocharding.
Yuragim muzlab ketdi.
U yonimdan o‘tib ketdi.
Men esa joyimda qotib qoldim.
Chunki uning so‘nggi gapi qulog‘imda qayta-qayta yangrardi:
“Tushimda ham sen mendan qocharding.”
Men esa bir narsani aniq bilardim.
Men hech qachon uning tushiga kirganimni eslamasdim.
Demak…
u meni xotirasidan emas, tushlaridan eslayotgan edi.