Orzularimdagi hayotni yashash imkoni bor ekan, nega endi hech narsa qilmasligim kerak? Axir Alloh meni shunchaki yaratmagan-ku. Men bu hayotda shunchaki bir kuzatuvchi emas, balki o‘z taqdir kitobimning bosh qahramoniman!Shu paytgacha umrimni, oltindan qimmat vaqtimni zoya ketkazdim. Hozir ham harakat qilish uchun o‘zimda yetarlicha kuch topa olmayapman. Nahotki shunchalik ojiz bo‘lsam? Kunlar o‘tar, taqdir kitobimning sahifalari esa kun sayin kamayib borardi. Men bo‘lsa hamon bir burchakka tiqilib olib, ko‘zyosh to‘kyapman. O‘z qadrimga achinyapman.Nega men bunchalik ko‘p oʻylayman, nega doim xavotir olaman? Hatto kelishi nomaʼlum bo‘lgan kelajak nega meni bunchalik qo‘rqitadi? Yangiliklardan cho‘chiyman. Hayotim bir tekisda, hech qanday kutilmagan syurprizlarsiz o‘tishini istayman. Komfort zonamdan, oʻsha oʻrgangan qulay xonamdan chiqqim kelmaydi. Biroq hayot meni har ko‘yga solishda davom etyapti. Meni "hech qachon qilmayman" deganlarim bilan imtihon qilyapti. Hatto oʻylashdan ham qo‘rqa boshladim.
Oʻzimni bu dunyoga begonadek his qilaman. Nega tug‘ildim o‘zi? Bu hayotdagi vazifam nima? Bu savollarga hamon javob izlamoqdaman. Lekin shu zaylda davom etsam, o‘sha men qoʻrqqan kelajak meni oyoqlari ostida ezg‘ilab tashlashini ham yaxshi bilaman.Yo‘q, ortiq bunday davom etishi mumkin emas! Kimdir kelib meni qutqarishini kutish o‘rniga, endi o‘zim harakat qilaman. Va bu so‘zlar shunchaki sahifalar orasida chang bosib yotadigan quruq vaʼda boʻlib qolmaydi. Yangi hayotimni yangicha fikrlar bilan boshlayman. O‘zimda bor narsalar uchun shukr qilaman. Ortiq isyon qilmayman, g‘azablanmayman. Borini, barini shunchaki qabul qilaman. Zero yaxshi bilamanki, hayotda hech bir ish behikmat emas.
"Baxt — bu maqsad emas, baxt — bu yoʻl. Siz hozir baxtli boʻlishni tanlashingiz kerak, shunda kelajagingiz ham baxtli boʻladi."— Rhonda Byrne
Shu so‘zlar menga cheksiz umid bagʻishladi. Qorong‘u hayotimda mittigina yog‘du paydo bo‘ldi va men ham o‘z yo‘limni tanladim. O‘zim uchun o‘zimning eng yaxshi versiyamni yaratishga qaror qildim.Nega bu gaplarni sizga aytyapman, bilasizmi? Bunga bir voqea sabab bo‘ldi. Hozir hammasini bir boshidan so‘zlab beraman.Oʻshanda odatdagidek tong otdi. Men uchun yana bir yoqimsiz va zerikarli kun boshlangan edi. Erinibgina oʻrnimdan uygʻondim va o‘qishga otlandim. Dars vaqtida ham xayolim joyida emasdi. Doimgidek parishonxotir, tushkun va horgʻin holatda edim.
Uyga qaytgach, darhol oʻzimni toʻshakka tashladim va soatlab uxladim. Go‘yo uyqu men uchun bu dunyoning tashvishlarini unuttira oladigan yagona taskindek edi. Uxlab, borligʻimni ham unutishga urinardim. Keyin esa oʻsha tushni ko‘rdim...
Atrofni quyuq, yopishqoq va odamni boʻgʻuvchi mutloq zulmat qoplagan edi. Havoda oʻlim isi va qabriston sukunati hukmron edi. Nafas ololmayapman — goʻyo koʻrinmas devorlar meni har tomondan siqib, ezgʻilab tashlayotgandek edi. Oʻz tanamni, qoʻl va oyoqlarimni his qilishga urindim, biroq dahshatli falajlik meni butunlay zanjirlab qoʻygandi. Qimirlay olmayman, qay tomonga ketayotganimni bilmayman, xuddi cheksiz tubsizlikka qarab qulab tushayotgandek edim.Vahima qonimni muzlatib qoʻydi. Tomogʻim yirtilgudek boʻlib, bor ovozim bilan qichqirib yordam soʻramoqchi boʻldim, lekin ovozim chiqmadi. Faqat pichirlash va xirillash...Shu lahzada koʻksimga ogʻir, sovuq bir narsa oʻtirib olgandek boʻldi. Va gʻoyibdan, xuddi yer ostidan kelayotgandek vahimali va quloqlarni bitiruvchi haybatli bir ovoz jarangladi. Bu ovoz suyak-suyagimgacha titratib yubordi:— Axir o‘zing shuni xohlaganding-ku, ey odamzod! Nega endi isyon qilyapsan? Bu — sening hayoting. Hech qanday maqsad va harakatsiz oʻzing qurgan qop-qorongʻu, boʻshliq va sovuq qabring! Endi umringning oxirigacha shu yerning mahkumi va bandisisan!Ovoz bilan birga atrofimda koʻrinmas zanjirlarning shaqillagan vahimali tovushlari eshitildi, ular goʻyo meni butunlay yer ostiga tortib ketayotgandek edi...Qoʻrquv, sovuq ter va dahshat ichida sapchib uyg‘onib ketdim. Yuragim qinidan chiqib ketgudek, xuddi qafasdagi qushdek tipirchilab urardi.Nahotki shu zaylda davom etsam, hayotimning yakuni mana shunday bo‘lsa? Yoʻq, bunaqa tiriklayin koʻmilish qismatiga hech qachon dosh berolmayman!
Shu sababli o‘zgarishni aynan hozirdan, shu soniyalardan boshladim...
Siz-chi? Siz ham o‘z hayotingizni shunchaki chetdan kuzatib o‘tiribsizmi yoki taqdir kitobingizni o‘z qo‘llaringiz bilan yozishga tayyormisiz?