Savanna yaylovlarining birida sher bolasi dunyoga keldi. Hayratlanarlisi shundaki, u hech qanday egizaksiz, yolg‘iz tug‘ildi. Bu sherlar kabi mushuksimonlarda kamdan-kam holatda uchraydigan g‘ayri tabiiy voqea edi.
Sher bolasi ilk kunlaridanoq ota-onasining taftini his qilib ulg‘aya boshladi. Otasi shu yalangliklarning qiroli bo‘lib, kunora hududga bostirib kelgan begona sherlarni haydab solish bilan band bo‘lar. Qattiq-qattiq o‘kirib hududning egasi ekanligini isbotlardi. Bazan hech kim bostirib kelmasa ham o‘kirishda davom etardi. Otasining bu ovozi sherchani qo‘rqitib yuborar, baland ovozni eshitishi bilan tezda panaroq joy qidirib yashirnishga urinardi.
- Sen sher bo‘la turib, nega berkinishga joy qidirasan? – so‘radi otasi sherchaning bu odatidan hayron qolib.
- Ovozingiz juda baland.
Shercha bundanda aniq javob bera olmadi. Otasi ham bu yoshlikda uchraydigan odatiy holatlardan biri bo‘lsa kerak deb o‘yladi va sherchani o‘z holiga tashlab qo‘ydi.
Shercha ulg‘ayib borar ekan, uning g‘ayritabiiy odati yomonlashsa-yomonlashdiki, aslo yaxshilanmadi. Balog‘atga yetgan sher bo‘lishiga qaramay, hali o‘z hududiga ega emas. Hatto o‘zining o‘kirigi uni biroz cho‘chitar, shu sababli ham ovoz chiqarmay yurishga harakat qilardi. Biroq istalgan baland tovush uni bir zumda sarosimaga solib qo‘yar, sher zudlik bilan atrofga alanglab, xavf qaysi tomondaligini bilishga va xavfsiz joyga qochishga intilardi.
Bepoyon dalada yurganida to‘satdan oldida bir sher o‘kirgancha chiqib keldi. Bizning sher uning hududiga kirib qolgan ekan. Ovozni eshitiboq yuragining qattiq urushini his qildi.
- Bu yerda nima qilyapsan. Meni hududimda ov qilmoqchimisan pandavaqi, - sherning vajohat to‘la ovozi bizning sherni battar sarosimaga tushura boshladi.
- Kechiring, men bilmasdan. Yo‘ldan adashib qoldim. Hoziroq izimga qaytib ketaman, - tez-tez gapira boshladi bizning sher.
- Qani tez qorangni o‘chir, - deya haligi sher yana o‘kirib qo‘ydi.
Bizning sher bo‘lsa ortiga qaramay qocha boshladi. Sher uchun bundanda isnotliroq holat bormikan. Sher bo‘la turib, yirtqichdan qochayotgan o‘ljaga o‘xshab qolgandek his qildi o‘zini. Bu ketishda hech qachon o‘z hududiga ega bo‘lolmasa kerak. Bizning sher quyosh butunlay botgach, g‘ira-shira qorong‘uda ko‘zdan yo‘qoldi. Atrofda sirtlonlarning ayyorona xiringlashi eshitila boshladi.
Tamom
04.09.2026
Ajoyib