Tun yarmi bo’lgan, shahar allaqachon uxlab qolgan edi. Faqat bitta derazada — eski, chang bosgan kutubxonaning tepa qavatida — hali ham xira sariq nur yonardi. U yerda, chang bosgan kitoblar orasida, o’n sakkiz yoshli Katya qo’lida titrayotgan qadimiy xatni ushlab turardi. Xat muhrlangan, ammo muhr allaqachon yorilgan edi — demak, kimdir undan oldin uni ochgan.
U xatni qandaydir tushunarsiz tilda yozilgan kitob ichidan topgan edi. Xat ham aynan shu tilda yozilgandi. Katya uni tushunmasa ham, o’qiy olmasa ham, xat unda qo’rquv uyg’otdi. Bu xatda nimadir bor edi. Nima bo’lsa ham, uni o’qishlarini istamasligini ich-ichidan his qilib turardi.
Harflar tanish emasdi — na lotin, na kirill, na arab yozuvi. Ular ko’proq chizmalarga, tugunlarga o’xshardi, xuddi kimdir mastda emas, balki ataylab, sir saqlash uchun ixtiro qilgan alifbodek. U qo’lini xatga tekkizganida, barmoqlari uchida g’alati sovuqlik his qildi — xuddi qog’oz emas, muz ushlagandek.
Birdan orqasida, javonlar orasida, kimdir sekin nafas oldi. Katya qotib qoldi. Kutubxonada undan boshqa hech kim yo’q edi — buni u aniq bilardi. Yoki… bilmasdi?
Nafas shunchalar yaqindan kelardiki, hatto yonida yoki orqasida turgandek tuyildi. U juda qo’rqqan, orqaga qarashga ham madori qolmagandi. Sekin-asta burilayotganida eshik shaqilladi va dugonasi Aliyaning ovozi eshitildi.
— Katya, shu yerdamisan? — deb baqirdi ovoz.
Katya javob berishidan oldin tezda nafas kelgan tarafga qaradi. U yerda qora kiyimli sharpa ko’rindi, lekin shu zahoti yo’qoldi.
— Bu yana nimasi, Katya? — Aliyaning ovozida g’alati ohang chiqdi.
— Bilasanku, kutubxona ancha eski, javonlarni ta’mirlash kerak, — tezda javob berdi Katya, bo’lgan hodisani bildirmaslik uchun.
— Maylikuya. Bu sandiq nima?
— Bilmayman, boshliq g’aroyib narsalarga qiziqadi, bilasan.
— Bunday joyda qanday ishlaysan-a, yarim tungacha, Katya?
— Bundan boshqa ishim yo’q, o’zimga yoqadi, ish ham qiyin emas.
— Mayli-da, o’zing bilasan, kettikmi?
— Yopishimga hali yarim soat bor, — xavotirlanib gapirdi Katya.
— Qo’ysang-chi, baribir hech kim o’nda kelmaydi, kutubxonada yuraqol.
— Ha, mayli, bir kunga hech nima qilmas, — hozir sumkamni olay.
— Bo’laqol, bu qo’rqinchli joydan ketaylik, — baland ovozda gapirardi Aliya.
Katya sandiqchaga oxirgi marta ko’z tashladi — va o’sha lahzada uning ustidagi chizmalar xuddi jonlangandek, xira ko’k rangda porlab ketdi. U qo’rqib ketib, tezda sumkasini oldi-da, Aliyaning yonidan chiqib ketishga shoshildi.
— Ertaga bu haqda o’ylayman, — dedi o’ziga o’zi pichirlab.
Ular ikkovlon zinadan tushib, kutubxona eshigini qulflab chiqishdi. Tashqarida sovuq shamol esardi. Aliya gapga tutib ketayotganda, Katya bir marta orqaga — o’sha xira yonib turgan derazaga — qarab qo’ydi. Va o’sha yerda, deraza ortida, kimdir — yoki nimadir — ularni kuzatib turganini his qildi.
Ertasi kuni ertalab Katya uyg’onganda, cho’ntagidagi xat… yo’q edi.
U xatni butun uy bo’ylab qidirdi, lekin u hech qayerda yo’q edi. Balki uni yo’lda tushirib qoldirgandir, deb o’ylab, izlashni to’xtatdi. Keyin oqishga tayyorlandi.
Katya hozirda tibbiyot universitetining psixiatriya bo’limida birinchi kurs talaba bo’lib o’qirdi.
O’qishdan keyin esa kutubxonada ishlardi. Aslida u juda ham shifoxonada ishlashni xohlasa-da, birinchi kursligi sababli hali hech qayer uni ishga olmasdi.
Yaqin dugonasi Aliya esa pediatriya fakultetida ikkinchi kursda o’qir hamda shifoxonada amaliyot o’tardi.
Katya unga juda havasi kelardi. Aliya esa Katyani nuqul urushardi: “kelib-kelib psixiatriya bo’limini ham tanlaysanmi” deb. Katyaga esa o’zi tanlagan kasb yoqardi.
Katya kiyinib bo’lgach, oynaga qaradi — ko’zlari ostida qorong’i halqalar bor edi, tunda deyarli uxlamagandi. Lekin miyasida faqat bitta savol aylanardi: xat qayoqqa g’oyib bo’ldi? U tushirib qoldirmaganini yaxshi bilardi — chunki uni cho’ntagiga o’zi solganini, hatto zamokni ham tortganini aniq esladi.
Universitetga ketayotib, avtobus derazasidan tashqariga qarab o’tirar ekan, birdan o’sha kechagi tush — yo’q, tush emas, voqea — yana ko’z oldiga keldi: chizmalar, sovuq qog’oz, sharpa… Va o’sha nafas. Xuddi kimdir hozir ham uning yelkasi ortida nafas olayotgandek tuyuldi.
— Katya! — deb chaqirdi kimdir orqadan. U seskanib tushdi.
Orqasiga qarasa, bu Amir ekanligini ko’rdi. Amir ham Aliya bilan bitta fakultetda ikkinchi kursda o’qirdi va u Katyani sevib qolgandi.
— Ahvoling qalay? — so’radi Amir.
— Yaxshi, rahmat, — quruqqina javob berdi Katya.
— Lekin rangging oqarib ketibdi. Kecha esa to’qqizda kutubxonaga borsam ketib bo’libsan, odatan o’ndan keyin yopardingku.
Nimaaaaa? Birdan eti junjikib ketdi qizni.
— To’qqizda kutubxonaga bordingmi?
— Ha, yangi kitob olishga bormoqchidim deb aytikuya, — dedi Amir, lekin aslida Katyani ko’rgani borgandi.
— Ketganimni kim aytdi senga?
— Tashqaridagi gulchi xola seni eshikni qulflab ketayotganingni aytdi.
— Nima, u meni ko’ribdimi?
— Ha, u hatto senga gapiribdi, sen esa javob ham qaytarmapsan, — hayron bo’lib gapirdi Amir. — O’zingdamisan, nima bo’ldi?
— Men yaxshiman, shunchaki kecha tobim yo’q edi.
Qiz eshitgan gaplaridan dahshatga tushdi: qanday qilib to’qqizda chiqadi, kecha Aliya kelib olib ketgan-ku, nimalar bo’lyapti o’zi? O’ziga o’zi tinmay savollar yog’dirib, hayolga cho’mganidan universitetga kelganini, Amir chaqirganini ham bilmay qoldi, to Amir uni turtib uyg’otmaguncha.
— Katya, tur, ketdik, kelding.
— A? Nima? Qayerga? — nima bo’lganini tushunmay qoldi Katya.
— Katya, rosdan yaxshimisan, istasang doktorga olib boraman.
— Yo’q, men yaxshiman, ketdik.
— Lekin unaqaga o’xshamayapsan.
Katya o’zini qo’lga oldi va zo’rma-zo’raki jilmayib qo’ydi.
— Ishonaver, hammasi joyida, — dedi u, ovozidagi titroqni yashirishga urinib.
Amir unga ishonqiramay qaradi, lekin ortiq gap qotmadi. Ular birga darsxonaga yo’l olishdi.
Dars davomida Katya hech narsaga tushuna olmadi — professorning gaplari uning qulog’iga kirib, boshqa tarafdan chiqib ketaverdi. Miyasida faqat bitta manzara aylanardi: soat to’qqizda, o’zi bilmagan holda, kutubxonani qulflab chiqib ketayotgani. Xo’sh, agar bu u bo’lmagan bo’lsa — u kim edi?
Tushlik payti Aliya uning yoniga o’tirib, ovqatini uning oldiga surdi. — Ye, — dedi qat’iy ohangda. — Rangingda tomchi ham qon yo’q.
Katya vilkasini qo’liga oldi-yu, birdan qotib qoldi. Vilkaning metall yuzasida, bir soniyaga, o’sha kechagi xatdagi chizmalardan biri aks etgandek bo’ldi.
Bu safar u qattiq titrab ketdi, xatto bundan Aliya ham qo’rqib tushdi.
— Katya, menga qara, nimalar bo’lyapti senga? Kecha senga o’n marta telefon qildim, ko’tarmading. Ertalab esa Amir seni g’alati holatda ko’rib — nimalar bo’lyapti o’zi senga?
— Nima? Sen menga qo’ng’iroq qilding? Qachon? — hayratlanib so’radi qiz.
— Ko’rmading? Hatto soat 9:30 dan 10 gacha tinmasdan o’n marta qo’ng’iroq qildim, hatto pochtangga ham ovoz qoldirdim, ko’rmading? — jahli chiqib so’radi Aliya.
Katya shoshib yonidagi cho’ntagidan telefonni oldi — qarasa, rostan ham Aliya o’n marta qo’ng’iroq qilgan, uch ta ovozli xabar qoldirgandi. Qiz nima bo’lganini tushunishga harakat qilsa ham bo’lmadi.
“Nahotki barchasi tush bo’lsa” — o’yladi ichida — “hatto nima bo’lganini ham eslay olmayapman, qachon chiqib uyga keldim…” Hayollar og’ushida qoldi yana.
— Katya, katya! — baqirib berdi Aliya. — Hey, menga qara, ataylab qilyapsanmi? Senga gapirib yotibman, o’zingni doktorga ko’rsat, g’alati bo’lib qolibsan, psixiatriya bo’limidagi bemorlarga o’xshab qolma yana.
— Hammasi yaxshi, shunchaki juda charchabman shekilli.
— Menga qara, sen yaxshisi o’qishdan ham, ishdan ham ruxsat olib, biror hafta uyingga borib damingni ol, — bunday tomining ketib qolgan, deb gapirayotganida, Aliya Katyani hayoli yana ketib, uning oxirgi so’zlarini eshitmay qoldi.
— Katya! — Aliya bu safar qizning yelkasidan ushlab silkitdi. — Sen meni umuman eshitmayapsanmi?!
Katya birdan o’ziga keldi, xuddi uzoq suvdan boshini chiqargandek. — Kechir… nima deding? — deb so’radi, ovozi zaif chiqdi.
Aliya unga uzoq tikilib turdi-da, keyin ovozini pasaytirib dedi: — Katya, men jiddiy aytyapman. Sen so’nggi ikki kunda o’zingda emassan. Vaqt yo’qolib qolyapti senda — bir lahza gapirib turasan, keyin ko’zlaring boshqa yoqqa qarab qotib qoladi, xuddi… xuddi seni kimdir olib ketayotgandek.
Katya bu gapdan yuragi shig’ etib ketdi. U buni his qilgan edi — lekin ovoz chiqarib aytish boshqa narsa ekan. Birdan xayoliga bir fikr keldi: agar u xatni o’qimagan bo’lsa ham, xat allaqachon uni “o’qib” ulgurgan bo’lsachi?
— Aliya, — dedi u sekin, — menga bir narsani ayt… Kecha kutubxonada, men ketishimdan oldin, sen menda biror g’alati narsa ko’rmadingmi? Ko’zlarimda, yoki… ovozimda?
— Men kecha kutubxonaga bormadimku, kun bo’yi ham bormadim, ishlarim ko’payib ketgandi.
— Ha, unutibman, kechir.
— Seni o’zim doktorga ko’rsataymi, Katya, meni qo’rqitma.
— Yo’q, rahmat, men shunchaki charchaganman, yaxshisi qishloqqa qaytib 3-4 kun dam olaman.
— Biror hafta dam olsang ham mayli-da, senga achinib ketyapman.
Katya bu gapni boshqa birovdan eshitsa jahli chiqardi, lekin dugonasidan emas
— sababi, dugonasi ahvolini yaxshi bilardi. Oilasi ancha oddiy, ba’zida qiynalib ham qolishardi, shuning uchun Katya ishlab o’zi o’qishi harajatlarini qoplardi, ba’zida uyiga ham pul jo’natardi. Ota-onasining bor umidi Katyadan edi.
Katya Aliyaga jilmayib qo’ydi, lekin ichida og’ir bir tosh bordek edi.
— Rahmat senga, — dedi sekin.
— Lekin men chindan ham yaxshiman, faqat bir necha kun dam olib kelsam bo’ldi.
Aslida esa uning boshida boshqa hisob-kitob aylanardi: agar u ishlamasa, oyligi kamayadi; agar oyligi kamaysa, uyga jo’natadigan puli ham kamayadi. Otasi yil boshida kasal bo’lib qolgandi, dorilarga ketadigan xarajat ham kam emasdi. Shunday bo’lsa-da, u qishloqqa ketishga qaror qildi
— chunki hozir o’zi uchun ham, oilasi uchun ham eng katta xavf aynan shu tushunarsiz holat ekanini ich-ichidan his qilardi.
Kechqurun, jomadonini yig’ishtirayotganda, u yana bir bor cho’ntaklarini, sumkasini, hatto kitob javonlarini titkiladi — xat topilmadi. Lekin jomadonining tagiga qo’l suqqanida, barmoqlari kutilmaganda sovuq, tanish bir narsaga tegib ketdi.
U qo’lini asta tortib oldi. Kaftida — o’sha sandiqcha ustidagi chizmalardan biri, xuddi kimdir teriga chizib qo’ygandek, uning kaftida aks etib turardi.
U shu darajada qo’rqib ketdiki, baqirib yuborishiga oz qoldi. Shunda eshik taqilladi va u battar chochib tushdi. Eshikdan tashqariga qarasa, qo’shnisi Samiya xola edi.
— Yaxshimisan, qizim?
— Rahmat, xolajon, keling, kiring.
— Yo’q, rahmat, men senga ovqat olib kelgandim. Kecha juda kech uyga qayting, ahvoling ham g’alati edi. O’yladim-ku, kechasi bilan ishlab charchab ketsang deb bezovta qilmadim, shunga xabar olay deb chiqandim.
Bu xabar Katyaga yana bir zarba bo’ldi. Juda kech qaytimmi, qanaqa qilib axir?
— Yo’q, shunaqa kech qaytimmi?
— Ha, chamasi birlarda. Bilasan, biz qarilar kechasi turib ketamiz, men ham turib nafas olay deb derazadan qarasam, kirib ketayotgan ekansan.
— Ha, charchaganimda vaqtga ham qaramabman, rahmat katta, Samiya xola.
— Mayli, qizim, damingni ol, sen juda yaxshi qizsan, kosasini keyin chiqarib berarsan.
Xolani kuzatib, eshikni qulflarkan, butunlay shok holatiga tushib qoldi: nimalar bo’lyapti o’zi? To’qqizda kutubxonadan chiqqan bo’lsa, birda uyga qaytgan
— nima qildim shuncha vaqt, nega eslay olmayapman? Nimalar bo’lyapti — butunlay shok holatiga tushgan Katya ostonada qotib qoldi, to qo’lidagi issiq ovqat qozonini kuydirmaguncha.
Ovqatni oshxonaga qo’yish uchun oshxona tarafga yo’l olganida, qoqilib yiqilib tushib, ko’za ustiga tushib hamma yerini kuydirdi. Keyin chochib uyg’onib ketdi — qarasa, o’zini oshxonada ko’rdi, oshxonada stul ustida o’tirib ovqatlanyotgandi. Qanday, qachon bu yerga kelganini tushunmay qoldi — aftidan yana hayol surishni boshladi deb yana dahshatga tushdi. Oxirgi paytlarda hayolot bilan haqiqatni farqlay olmayotgandi. Keyin hushini yig’ib qarasa, nonushta qilayotgan ekan, soatiga qarasa 7:40 bo’lib qolibdi.
Nimaaaaa? “E, Xudoyim, menga nimalar bo’lyapti o’zi, tushunmayapman” — qichqirdi u. Shu payt eshik jiringladi, u battar qo’rqa boshladi. Bu hayolotmi yo’qmi bilish uchun avval o’zini chimchiladi, keyin yuziga urdi — bu haqiqat edi. Shu payt yana eshik jiringladi. Borib eshikni ochsa, dugonasi Aliya edi.
— Haliyam tayyorlanmadingmi, axir kecha kelishgandik-ku, ertalab tug’ilgan kun uchun ko’ylak tanlashga borchidik.
— Hozir tayyorlanaman, — dedi-yu, lekin qachon kelishganini eslay olmadi. Xonasiga tezda kirib ketdi, divan ustiga qarasa hech nima yo’q, axir haligina u jomadonini yig’ayotgandi.
Katya o’zini aniq jinni bo’lib qoldim deb o’yladi, nima bo’layotganini tushunmayotgandi axir.
— Chiqyapsanmi? — baqirdi Aliya.
— Ha, hozir, — dedi-da, doimgidek ko’ylagini kiyib chiqdi.
— Yana shuni kiydingmi?
— Nima qipti, o’zimga yoqadi-da, — deb u yoq-bu yog’ini to’g’irlarkan, cho’ntagida nimadir shitirladi. Ochib qarasa, kutubxonadagi xat edi. Ha, bu safar Katya haqiqatdan ham jinnixonaga borishga tayyor edi.
— Mayli, qara, bugun senga ham biror nima olamiz, — deb gapirib ketayotgandi Aliya. Katya esa nima bo’lganini eslashga harakat qilayotgandi.
— Katya, menga qara, kecha kutubxonada g’alati ko’rinding, ahvoling yaxshimidi?
— Ha, yaxshiman, shunchaki charchadim, — deb javob berdi. Haligina o’zi kecha kutubxonaga bormaganini aytgan Aliyaga yaxshilab tikildi.
“Men aniq o’zimni ko’rsatishim kerak” — gapirdi ichida Katya.
— Ha, bunaqa joyda ishlash odamni charchatadi. Javonlarni tuzatib olsang bo’larkan, o’zidan-o’zi ochilishi odamni qo’rqitadi.
Aliyaning bu gapidan keyin nima bo’lganini sal-pal tushundi Katya: demak, kecha haqiqatdan ham Katya xat topgan va u cho’ntagida turibdi, Aliya esa kecha kelib meni olib ketgan, demak men ko’rsatgan universitet, Amir, Aliya uyga ketishi, qo’shni xola — hammasi tushi bo’lgan.
“Eh, Xudoyim, o’zing sabr ber, bunaqa hayolot bilan hayotni umuman farqlamay qolamanku.”
Katya kiyimini tuzatib, xatni yana chuqurroq cho’ntagiga tiqib qo’ydi — bu safar uni yo’qotmaslikka qasam ichgandek mahkam ushlab oldi. Aliya bilan pastga tushishar ekan, u har bir qadamda o’ziga savol berardi: qaysi lahza haqiqiy, qaysi lahza xayol edi?
Ko’chaga chiqishganda, kunduzgi yorug’lik ko’zlarini qamashtirdi. Oddiy, tinch shahar manzarasi — lekin Katya uchun endi hech narsa “oddiy” tuyulmasdi. Har bir soya, har bir aks sado unga shubha uyg’otardi.
— Aliya, — dedi u birdan, qadamini to’xtatib. — Menga rostini ayt. Kecha kechqurun, soat o’ninchi-o’n birlarda, sen meni ko’rganmisan? Yoki men bilan gaplashganmisan — istalgan tarzda, telefon orqali ham bo’lsa?
Aliyaning qoshlari chimirildi.
— Katya, sen meni qo’rqityapsan. Kecha kechqurun uxlab qolgandim, hech kim bilan gaplashmadim. Nega bunday so’rayapsan?
Katyaning tomog’iga yana bir sovuq to’lqin urildi.
Demak — bu safar ham hammasi yolg’on emasmidi? Yoki… yana bir qatlam boshlanyaptimi?
U ko’zlarini yumib, chuqur nafas oldi.
Ochganida — atrofda hech kim yo’q edi. Ko’cha bo’m-bo’sh, osmon g’alati, quyuq to’q sariq rangga bo’yalgandi. Va uzoqdan, xuddi kimdir uni chaqirayotgandek, tanish bir ovoz eshitildi: “Katya… xatni oching…”
— Katya… katyaaa….
Chaqiriqdan qo’rqib tushdi Katya, qarasa Aliya ikkalasi do’konda turishgan, Aliya esa ko’ylak kiyib ko’rayotgandi.
— Katya, ko’ylagim yarashibdimi? Yana uxlab qolibsan, nima bo’ldi o’zi, kechasi uxladingmi?
— Yaxshi uxlay olmadim, — deb gapirdi-da Katya, lekin unda qo’rquv boshlandi: qachon do’konga kelishga ulgurdi? Haligina gapirgan gaplari tush ekaniga amin bo’ldi. Keyin sekin cho’ntagiga tegib qo’ydi — yana shitirlash eshitildi.
— Ko’ylagim yarashibdimi?
— Ha, albatta, juda chiroyli turibdi.
— Ha, o’zimga ham juda yoqdi, sen ham biror nima ol.
— Yo’q, kerak emas.
— Jinni bo’lganmisan, Amirning tug’ilgan kuniga shunday bormassan?
— Bora veraman.
— Sen aniq ahmoqsan, odam yigitining tug’ilgan kuniga ham shunday boradimi, bo’lmaydi, tur, senga chiroyli ko’ylak tanlaymiz, axir yigiting boy bo’lsa, aytamiz, o’zi beradi.
“Yigit qachondan?” — bu xabardan hayron qoldi, aslida unchalik ham hayron qolmadi, chunki voqealarga ancha o’rganib qolgandi. Keyin o’zini qo’lga oldi va eslashga urindi — haqiqatan ham Amir bilan uch oydan beri birga edilar.
— Yur, yur, turaqol, — deb Katyani qo’lidan sudradi Aliya.
— Buni qara, juda chiroyli, senga juda yarashadi.
— Haddan tashqari ochiq-ku bu.
— Bunisichi?
— Bo’lmaydi, rangi yoqmadi.
— Bunisi aniq yoqadi.
— Yo’q, meni shunda tasavvur qilib ko’r, qopga o’xshab qolaman.
Aliya nima ko’rsatsa ham yoqmayotgandi Katyaga.
Aliya charchab, qo’lidagi bir nechta ko’ylakni javonga osib qo’ydi. — Katya, sen bugun aniq g’alatisan. Odatda o’zing tanlashda ham, baholashda ham tez bo’lasan, bugun esa hech nimaga rozi bo’lmayapsan.
Katya javob bermadi. Uning ko’zlari do’kon oynasiga tushdi — va oynadagi aks unga bir lahza kechikib harakatlanganday tuyuldi. U qotib qoldi, tikilib qaradi. Oyna — oddiy oyna. Lekin…
— Mana bu! — dedi Aliya birdan, qo’liga to’q ko’k rangli, yengil ko’ylakni ilib.
— Bu senga juda mos, hozir kiyib ko’r.
Katya uni qo’liga olarkan, barmoqlari matoga tegishi bilan
— birdan hamma narsa jimib qoldi. Do’kondagi shovqin, musiqasi, odamlarning ovozi bari bir zumda o’chdi, xuddi kimdir tovushni o’chirib qo’ygandek. Faqat bitta narsa eshitilardi: chuqur, sekin nafas — xuddi kimdir uning qulog’i tagida turgandek.
U asta boshini burdi. Kiyinish xonasi eshigi orasidan, ichkarida
— soyadan boshqa hech narsa yo’q bo’lishi kerak bo’lgan joyda
— bir juft ko’z unga tikilib turardi.
— Yani, bu sizning ko’rgan oxirgi narsangiz, keyin nima bo’lganini eslay olmaysizmi? — so’radi undan psixolog Lidiya Petrovna.
— Ha, bu meni oxirgi eslagan narsam. Shundan keyin ko’zimni kasalxonada ochdim. Ular menga ikki oy koma holatida bo’lganimni aytishdi, men hatto qachon hushimdan ketganimni bilmayman ham.
— Bu qachon bo’ldi degandingiz?
— Bahorda, adashmasam, aprel oylari edi.
— Hozir avgust. Komadan turganingizda iyun bo’lgan bo’lsa, nega shuncha vaqt oldimga kelmadingiz?
— To’g’risi, meni jinniga chiqarishlaridan qo’rqdim, o’zimda dissotsiativ amneziya deb o’yladim.
— Va keyin o’zingni tekshirtirdingmi?
— Ha.
— Bilasanmi, sening natijalaringga qaraganda, senda umuman bu kasallik kuzatilmagan, hatto 1% ham.
— Ha, buni ko’rdim.
— Katya, sen haqiqatdan ham charchagan va ko’p stressga tushgansan, o’zingga dam berishing kerak. Men senga bundan ortiq gap aytolmayman, axir o’zing psixiatr bo’lsang, sendan ko’p narsani bilmayman ham.
— Men aslini olganda hali to’liq psixiatr bo’lganim yo’q, shunday bo’lsa-da, mening ota-onam xavotirlanib jo’natishdi, shunga kelgandim.
— Ha, bu aniq. Boshidagi 3-4 ta seansda gapirishni xohlamagansan, hozir ancha yaxshisan, yana bir-ikki marta kel, mayli, keyin senga amin qomanda yozib beraman, keyin yana o’qishga chiqishing mumkin.
— Rahmat katta sizga.
— Arzimaydi, asosiysi kamroq o’zingni qiyna.
— Albatta, aytganingizni qilaman, keyingi seans qachon?
— O’zim qo’ng’iroq qilaman.
— Xo’p, yaxshi qoling.
Katya kabinetdan chiqib, koridorda bir muddat to’xtab qoldi. Qo’lidagi qog’ozga — Lidiya Petrovnaning imzosi va shifoxona muhri bosilgan spravkaga — tikilib qaradi. Hammasi tugagandek tuyulardi. Lekin nimadir uni tinch qo’ymasdi.
U kurtkasining cho’ntagiga qo’lini tiqdi — va barmoqlari tanish, sovuq bir narsaga tegdi. Yuragi shig’ etib ketdi. “Nahotki bu o’sha…” — o’yladi va asta tortib chiqarib qarasa, bu oddiy chek qog’oz edi.
Chuqur nafas oldi qiz. Ha, u endi-endi hayotga qaytayotgandi. O’sha bir necha kun uni deyarli o’n yilga qaritganga o’xshardi. Hayriyatki, endi hammasi joyida, endi o’ziga e’tibor beradi, ko’p qiynamaydi, yaxshi dam oladi, axir endi u tuni bilan g’alati kitob xonada o’tirmaydi, u endi ikkinchi kurs va amaliyotga shifoxonalarga chiqadi. U bu kunni juda uzoq kutdi.
Katya chekni qo’liga siqib, birinchi marta necha haftalardan beri chin dildan jilmayib qo’ydi. U kutubxona tomon emas, universitet tomon yo’l oldi — endi u yerda uni amaliyot, yangi bemorlar, yangi bilimlar kutardi.
Yo’l-yo’lakay telefoni jiringladi — Aliya edi. — Katya! Bugun amaliyotga chiqasanmi? — deb so’radi quvnoq ovozda.
— Ha, albatta, — dedi Katya, ovozida uzoq vaqtdan beri yo’q bo’lgan ishonch bilan. — Kechikmayman.
U telefonni cho’ntagiga solarkan, quyoshga yuzlanib chuqur nafas oldi. Osmon tiniq, havo esa — birinchi marta shuncha vaqtdan beri — oddiygina, xavfsiz tuyulardi. Orqada qolgan hafta, oy, hatto o’sha g’alati tush-yu xayollar — endi faqat uzoq, xira bir xotira edi, xolos.
Va Katya, nihoyat, oldinga qadam tashladi — yangi, tinch bir kunga.