Eski xotiralar, yangi siljish sari yo‘l
Shunchaki oddiy hayotda yashovchi oddiy qiz. Hayotimdagi barcha kunlar deyarli bir xil o'tadi.
Erta bo'lishidan avval ertangi kun qanday o'tishi xuddi yozib qo'yilgandek anniq.
Tan olaman, qandaydir muammolar tug'ilib yoki hayotim shovqinli o'tishi menga manzur kelmagan bo'lardi, lekin ichimdagi ishtiyoqmand inson...
U yashashni, har kuni turfa xilliklarga boy bo'lib o'tishini xohlaydi! Bu olam u uchun zerikarli, unga sarguzashtlar kerak. Bunday har kuni bir xil o'tuvchi kunlar uni zeriktirib qo'yadi. Bu olam u uchun hech qachon tugamaydigan qorong'i tunga o'xshaydi. Quyosh ko‘kka yetib, olamini nurlari bilan yoritishini kutayotgan inson u.
Maktab. Tengdoshlarim maktabga do‘stlari bilan o‘ynab-kulish uchun borishadi. Ularning “Maktabga hamma davomat uchun keladi”, “Hech kim maktabda o‘qishni xohlamaydi, bu yer juda zerikarli”,“Eh... qaniydi maktab bo‘lmaganda, maza bo‘lardi” degan gaplari yolg‘onligini o‘zlari hech qachon anglab yetmasalar kerak. Rostini aytganda, men ham shunday o‘ylardim...
Ha, men ham ulardek faqat do‘stlarim bilan ko‘rishib, miriqib vaqt o‘tkazish uchun maktabga borar edim.
Eng yaqin do‘stlarim bilan darsda bir partada o‘tirardik, tanaffusda sinfdoshlarim bilan o‘yinlar o‘ynardik yoki birga maktab bufetiga tushib mazali yeguliklar yeyardik, darsdan so‘ng yana birgalikda uyga qaytardik.
Ammo, bularning barchasi tugab, yolg‘izlikda, do‘stlarsiz, hatto o‘z sinfdoshlari bilan gaplashishni ham to‘xtatib qo‘ygan insonga qachon aylana qoldim?
O‘tmishga nazar tashlasam, hammasi mening aybim ekanligiga guvoh bo‘laman. 8-sinfda ingliz tilini o‘rganish uchun oyim bilan Chilonzordagi "Integro" binosiga bordik va u yerdagi o‘quv markaziga, boshlang'ich guruh darslariga yozildim.
Birinchi darsga bordim. Dars bo‘lishi kerak bo‘lgan xonada 3-4 ta odam o‘tirar, men ham orqa qatordan bitta oldingi qatordagi devor yonidagi joyni egalladim. Ustoz kelishini poylayapman va ustoz kelib dars o‘tishni boshladi.
G‘alati, men avval bunaqa o‘quv markazlariga kelib o‘qimaganim uchun dars o‘tish usuli menga biroz begonalik qilardi. Yangi joy, yangi ustoz va yangi o‘rganish uslubi menga uncha manzur kelmagandi.
Darsdan so‘ng uyga qaytib, oyimga dars menga yoqmagani va boshqa kursga borishni istayotganimni aytdim.
Oyim birinchi dars o‘zi shunaqa o‘tishi, keyinchalik o‘rganib ketib, u yerni yoqtirib qolishimni aytdi.
U haq edi. Meni u yerga mehrim tushib darslarga qatnay boshladim. U yerda ajoyib tanishlar orttirdim va ko‘p esda qolarli xotiralar hayotimda muhrlandi.
Aynan darslar va vazifalar tufayli biroz do‘stlarim davrasidan ajralib qoldim. O'sha paytda o‘sish davrimda bo‘lganim uchun fe'l-atvorim o'zgarayotgan va ingliz tilini o‘rganish dunyoqarashimni butkul o‘zgartirib yuborgan edi.
Natijada yonimdagi insonlar menga bachkana va fikrlash doirasi tor insondek ko‘rina boshladi. Ulardan ajralib qolayotganimni his qilardim va bir payt ular bilan gaplashish qiziq bo‘lgan mavzular ortiq qiziqarli emasdi.
Keyinchalik hatto salom-alik qilishni, bir-birimiz bilan muloqot qilishni ham to‘xtatdik va bir og‘iz so‘zsiz do‘stligimiz yakunlandi. Ular menga yoqmas edi, men ularga.
Shunday qilib, 8-sinf tugaguncha boshqa sinfdoshlarim bilan ham gaplashmay, butunlay bir o‘zim qoldim.
9-sinfda ham deyarli shunday, faqat men gapira oladigan va yordam so‘ray oladigan 2-3 ta sinfdoshlarim bor edi.
Xuddi shu yo‘sinda o'qish yili ham tugadi.
O’tgan yili ota-onam ajrashishdi va men maktab tufayli buvim va dadam bilan yashayotgandim.
Yozgi ta'til boshlandi, buvimnikiga oyimni yonlariga borishim kerak edi. Men avvallari har yozgi ta’tilni u yerda o‘tkazganim uchun u yer meni ikkinchi uyimdek edi.
O‘sha yoz meni maktabdan ko'nglim sovugan va litseyga topshirish yaxshi g'oyadek ko'ringandi . Yangi joy va yangi do‘stlardan umid qilib litseyga ham topshirdim va kirdim.
Eng qizig‘i, umuman tayyorlanmay turib litseyga kirganlar orasida eng katta bal olganlardan biri bo‘lib kirish menga juda ham yoqib tushgandi. Biroq, litsey o‘ylaganimday chiqmadi...
U yer og‘ir sharoitda va hatto kitoblarni ham o‘zimiz sotib olishimiz kerak edi.
Litsey bufeti esa shunchaki “och qolishni istamasang borini yeysan” degan gapdek ko‘rinardi ko‘zimga.
3 kun u yerda o‘qish va uzoq yo‘lga qatnash charchog‘i meni maktabga qaytishga majbur qildi. Albatta, oyim bundan juda norozi edi.
U meni u yerda o'qishim menga foydaliroq ekanini aytardi ammo men unday joylarda o'qiy olmasligimni juda yaxshi bilardim.
Dadamni chaqirib, narsalarimni olib uyga keldik va o'sha zahotiyoq maktabga hujjatlarimni olib borib, o'z sinfimga qaytdim.O'qituvchim ham bundan xursand va o'zim ham biroz yengil tortgandek edim. Qisqasi,litseyni tashlab maktabga qaytishim aslida hayotimdagi eng tog'ri qarorga aylanishini kim ham o'ylabdi deysiz...