Qora qaqnus soyasi.
Tun o`z hukmronligini yer yuziga allaqachon yoyib ulgurgandi. Qorong`ulik go`yo olamni bag`riga bosib, har bir ko`cha, har bir daraxt va har bir uyni sokin sukunat bilan o`rab olgan edi. Osmonda son-sanoqsiz yulduzlar miltirar, ularning xira yog`dusi oynadan sizib kirib, kichkina xonaning burchaklarigacha yoyilardi.
Soat tungi 03:16
Xonaning bir chetida joylashgan yumshoq karavotda Emilya toliqqan ko`zlarini shiftga tikkancha allanimalarni o`ylab yotardi. Qancha urinmasin uyqu unga yaqinlashishni ham istamas, uning miyasida kezib yurgan savollarni quvib chiqarolmasdi. Uning butun hayollari kecha sodir bo`lgan voqealarda tinimsiz aylanib yurardi. Har safar o`sha lahzalarni eslaganida yuragi g`ash tortar, ko`ksini tushunarsiz hissiyot ayamay kuydirardi.
Emiliya tabiatan shunday qiz… uning fe`l atvori vazmin, ichida qanday bo`ronlar kechmasin, buni boshqalarga sezdirmaydi. Ko`ngli og`risa ham ko`zlariga yosh qalqsa ham bu haqda kim bilandir gaplashishni istamaydi. Chunki u dardini birov bilan bo`lishishni emas, yolg`iz ko`tarishni odat qilgan. Faqatgina uning kichkina xonasidagi oppoq yostig`i bu sirlardan xabardor. Yaqinda Emilya o`n yetti yoshni qarshiladi. U ota onasi va yetti yoshli ukasi Leo bilan bir uyda yashaydi. Oilasi uni yaxshi ko`radi biroq, insonning qalbidagi og`riqni ba`zan yaqin insonlar ham sezishga ojizlik qiladi.
Leo esa opasidan butunlay farq qiladi. Yetti yosh bo`lganiga qaramay, nihoyatda quvnoq, qiziquvchan va sho`x. Har kuni yangi narsalar o`rganishga oshiqadi, atrofdagi shovqin-suron, odamlarning tortishuvi yoki kunlik mayda janjallar uni mutlaqo qiziqtirmaydi. Uning qalbi boshqa olamga shaydo edi. Shu sabab ham ko`pchilik hazillashib uni “O`rmon bolasi” deb atardi. Bu nom aslida bekorga berilmagan. Leo har tong quyosh ufqdan bosh ko`tarishi bilan uy yaqinidagi kichkina o`rmon sari yuguradi. Soatlab daraxtlar orasida kezib yurish, qushlarning sayrashini kuzatish, mayin shamolning shivirlashiga quloq tutish uning eng sevimli mashg`uloti edi. Go`yo u o`rmon bilan tilsiz suhbat qilar, tabiat esa uning eng yaqin do`stiga aylangan edi. Yaxshiyamki bu o`rmon xavfli emas. Bir paytlar bu yerlarda yirtqich hayvonlar yashagan bo`lsa-da, shahar tobora kengayib borgani sari daraxtlarning katta qismi kesib tashlangan, o`rmon esa avvalgi holatini yo`qotib ancha kichrayib qolgan edi. Shu bois mahalliy aholi bolalarini o`rmon sari bemalol qo`yib yuborar, xavotirga o`rin yo`q deb bilishardi. Leoning kunlari esa deyarli har kuni shu yerda o`tadi.
I BOB
Bundan o`n sakkiz yil avval, 12-may…
Bu sana Emiliya va Leoning ota-onasi Helen va Robert turmush qurgan kun. Bu ular uchun o`sha vaqtda juda quvonarli kun bo`lgan bo`lsa kerak. Bir-biriga va`da bergan, katta hayotga ilk bor birga qadam qo`yishgan kun. Lekin Emiliya mutlaqo boshqa hayollar og`ushida… ba`zan u achchiq o`yga tolib: “Qaniydi o`sha kuni biror hodisa sodir bo`lib, ular umuman turmush qurmaganlarida…” - deb o`ylab qoladi. Bu fikrni o`ylagani uchun o`zidan ham ba`zida nafratlanib ketadi. Ammo yuragini yillar davomida ezib kelayotgan alam uni shunday xulosaga kelishga majbur qilardi.
Sababi esa oddiy. Ularning uyi tashqaridan qaraganda oddiy va baxtli oilalarnikiga o`xshaydi. Lekin yopiq eshiklar ortida mutlaqo boshqa manzara yashiringan edi.
Helen va Robert deyarli har kuni janjallashar edi. Ba`zan arzimas bir sabab katta muammoga sabab bo`lardi. Bir og`iz noto`g`ri aytilgan so`z, unutib qoldirilgan mayda ish yoki oddiy tushunmovchilik bir zumda baland ovozli tortishuvga aylanardi. Bir-birlariga og`ir so`zlar aytib haqorat qilishar, gohida esa butun uy ularning baqiriqlaridan larzaga kelardi.
Eng achinarlisi esa ular o`sha paytda farzandlari Emiliya va Leoni umuman hayoliga ham keltirmas edi. Go`yo bu jangda faqat bitta maqsad bor- kim haq kim nohaqligini isbotlash va taslim bo`lmaslik. Bu orada Emiliya xonasiga qamalib soatlab yig`lab o`tiradi. Leo esa o`rmonga qochib ketadi. Ular uchun uylari osoyishtalik maskani emas, balki, har lahzada portlashi mumkin bo`lgan mina kabi edi. Robert va Helen bir vaqtlar chin dildan sevishganiga ishonish qiyin. Axir sevgi shunchalik o`zgarishi mumkinmi? Bir paytlar baxt va`da qilgan ikki inson qanday qilib bir – birining eng katta dardiga aylanib farzandlarini baxtsizlik ummoniga uloqtirishi mumkin. Emiliya bu savollarga javob topolmasdi. Faqat bitta narsani bilardi. Bu oiladagi mehr uchqunlari allaqachon so`nib bo`lgan va o`rniga sukunat alam va tugamaydigan janjallarni qoldirgan edi.
Ota- onasining bugungi hayotiga qarab, go`yo bu uyda sevgi hech qachon yashamagandek tuyuladi. Aslida esa ular hanuz bir-birisiz yashay olmaydi. Shuning uchun hech qachon ajrim haqida jiddiy gap-so`z bo`lmasdi. Balki ularni bir-biriga bog`lab turgan narsa sevgi emasdir. Balki, bu g`urur, odat yoki inson qalbining o`zi ham anglay olmaydigan sirli rishtalardir… kim biladi…balki, vaqt o`tishi bilan muhabbat alangasiga suv sepgan boshqa tuyg`ular ham vujudga kelar.
Emiliya bularning barchasini hali to`liq tushunadigan yoshda emas. U endigina o`smirlik davridan o`tayotgan bir qiz edi. Ammo aynan shu yoshda inson yuragi har qanday og`riqni o`z aybidek qabul qiladi. Shuning uchun Emiliyaning hayolidagi “Agar men…’’ deb boshlanadigan qayg`uli fikrlar ham noyob emasdi aslida. Bu fikr uning qalbida ildiz yoyar ekan, yuzi kundan kunga mayuslashib tabassum ham qilgisi kelmasdi. Go`yo oiladagi katta baxtsizlik uning aybidek boshini quyi solib yuradigan bo`lib qolgandi. Ba`zi tunlar yuragini shunday og`ir tushkunlik bosardiki, yashashning o`zi ortiqcha tuyulardi. Hayotdan charchagan onlarda xayoliga dahshatli fikrlarni ham tugib qo`yardi. Ammo bu fikrlar uning yashashni emas, azobni tugashini istayotganidan dalolat berardi. Emiliyaning kunlari shunday mahzunlik ichida o`tib borardi. Avvallari do`stlari bilan kulib yuradigan qiz endi asta-sekin ulardan uzoqlashib boshladi. Tanaffuslarda yolg`iz o`tirishni afzal ko`rar, dars tugashi bilan hech kimga qaramay uyiga qaytardi. Bir paytlar charaqlab turgan moviy ko`zlari endi doim mung bilan to`lgan, sariq sochlari esa to`zg`igan holatida yelkalaridan tushib turardi. U so`ngi vaqtlarda quloqlariga quloqchin taqib yurishni odat qildi. Musiqa uning dardini davolay olmasdi, ammo hech bo`lmaganida ota-onasining baqiriqlarini eslatadigan xotiralardan bir muddat bo`lsa ham uzoqlashtirardi. Bu kun ham u uyga qaytayotib kichik o`rmon yonidan o`tar ekan, tanish bir qomatni uzoqdan tanidi. Bu kun bo`yi vaqtini kapalak quvlab o`tkazadigan ukasi Leo edi. Leo odatdagidek jonivorlarni kuzatish bilan ovvora. Tabiat bag`rida o`tkazgan har bir daqiqasi uning yuziga beg`ubor tabassum hadya etardi. Emiliya beixtiyor to`xtab qoldi. Og`ir va tashvishga to`la dunyosiga malham- shu bitta ukasi Leo edi. U quloqlaridagi quloqchinni olib o`rmon ichkarisiga yangi tuflisini avaylab, bir necha qadam tashladi. Daraxtlar orasidan esayotgan mayin shamol uning sochlarini yoqimli silkitdi. Sal narida esa Leo o`tlar ustida cho`kkalab o`tirgancha kaftiga nimanidir avaylab yashirgan edi.
Leo, bu yerda nima qilyapsan? - dedi Emiliya ukasiga qadamma- qadam yaqinlashayotib.
Leo boshini ko`tarib opasini ko`rgach bolalarcha shodon, ko`zlari porlab ketdi.
Opa qarang… - u kaftidagi chumchuq bolasini sekin ko`rsatdi. Uning qo`llarida hali patlari to`liq o`smagan mittigina chumchuq bolasi titrab, ojizgina tumshug`ini ochib chiyillashga urinardi.
Uni yerdan topib oldim opa. Nazarimda ota-onasi yo`q.
Emiliya qushchaga termulib qoldi. – umid qilamanki endi u ota-onasining janjalini boshqa ko`rmaydi.- dedi lablari past ovozda shivirlagancha.
Leo birdan bosh chayqadi. – yo`q opa bu boshqa masalaku. Qushlar hech qachon urushishmaydi. Ularning oilasi juda inoq bo`ladi.
Emiliya ukasining gaplaridan beixtiyor kulimsiradi.
Unda aytchi, bu mittivoy qanday qilib yolg`iz qoldi?
Leo yelkalarini qisgancha javob berdi:
Bilmayman. Uni tasodifan yerdan topib oldim. Aslida bu yerga katta kapalaklarni tutgani kelgandim.
Kapalaklarni nima qilasan?
Leo opasining ko`zlariga qaradi va jiddiy ohangda- bog`imizga qo`yib yuboraman. Eshitganman kapalaklar bor joyda osoyishtalik bo`lar ekan.
Emiliya sodda ukasining qilmishini ko`rib jim qoldi.
Har safar shunday qilaman, - davom etdi Leo. – lekin ular uzoqqa uchib ketishadi.
Ahmoqvoy…- Emiliya ukasining jingalak sochlariga teginib qo`ydi. Leo hafa bo`lgandek qoshlarini chimirib oldi.
Nega bunday deysiz?
Emiliya kinoyali tabassum qildi.
Chunki kapalaklar tinchlik olib kelisholmaydi. Uni faqat insonlarning o`zi yaratishi mumkin. Agar qalblarda mehr qolmasa, dunyodagi barcha kapalaklarni bog`imizga qo`yib yuborsak ham, uyimiz baribir tinch bo`lib qolmaydi…
Leo javob berish o`rniga yana kaftidagi chumchuq bilan ovvora bo`lib qoldi. Uning bolalarcha qalbi opasining gaplarini tushunishni istamas edi. Shamol yana daraxt shoxlarini silkitib o`tdi. o`rmon avvalgidek sukunat ichida qolgan. Opa- ukaning ichidagi tuyg`ularga faqat tabiatning o`zi guvoh edi.
Sizningcha kapalaklar bizga tinchlik olib kelmaydimi? – leo ancha vaqtdan so`ng yana savolga tutdi.
Bu savol Emiliyaning yuragini ikkinchi bor tilib o`tdi. Leo hali ham mo`jizalarga ishonadi. U ukasining yoniga cho`kkalab o`tirdi.
Yo`q Leo. Buning kapalaklarga sira aloqasi yo`q. ular shunchaki chiroyli kapalaklar holos.
Emiliya tutqichdagi rang-barang kapalaklarga qaradi.
Ularni qo`yib yubor. O`z uyidan uzoqlarga olib ketma. Balki ularning ham oilasi bordir, ularni kutayotgandir. Erkinlik har bir jonzot uchun eng katta ne`mat.
Rostdan ham ularni uyimizga olib ketsam, mendan hafa bo`lishadimi?
Bilmayman… ammo hech kim o`z uyidan uzoqlashishni istamagan bo`lardi menimcha.
Leo tutqichni qopqog`ini sekin ochib tutgan kapalaklarini qo`yib yubordi. Bir zum sukut cho`kdi. Keyin birma-bir ichkaridagi kapalaklar qanot qoqib o`rmon bag`riga qaytishdi. Ba`zilari yon atrofdagi gullarni quchdi, ba`zilari esa osmonu-falakka ko`tarilib uzoqlarga uchib ketdi. Leo ularning ortidan qarab qoldi.
Xayr – dedi pichirlab mayus ohangda.
Emiliya esa kapalaklarning parvozini kuzatar ekan, ichida g`alati bir tuyg`u uyg`ondi. Ba`zan inson ham shu kapalakdek bo`ladi. Tanasi uyida qolsa ham, qalbi allaqachon juda-juda uzoqlarga uchib ketgan bo`ladi.
Opa endi chumchuq bolasini nima qilamiz?
Emiliya javob berishga ulgurmay, orqadan quruq novdalarning qarsillagan ovozi eshitildi. Ikkovlari o`rinlaridan turib ortlariga burilishdi. Daraxtlar orasidan Yoshi oltmishlardan oshgan bir kishi chiqib keldi. Oqartus soch-saqollari unga salobat bag`ishlagan, boshidagi eski shlyapa va loyga belangan rezina etiklari esa uni shu yerlarga ko`p kelib turishini anglatardi. Uning egnidagi eskirgan kiyimlar ham mehnat izlarini ko`rsatib turardi. Bu o`rmon qo`riqchisi Alan amaki edi.
U bolalarga yaqinlashib, leoning kaftidagi qushchani ko`rib beixtiyor jilmaydi.
Topib oldinglarmi? – dedi odatdagidan muloyim ohangda. Leo bosh irg`ab qo`ydi.
Haa
Alan amaki chuqur xo`rsindi. – bechoraning oilasi endi yo`q. ular in qurgan daraxtni kesib tashlashgan. Qushcha endi yolg`iz, ota-onasi uzoqlarga uchib ketgan ko`rinadi.
Leo qushchani yanada ehtiyotkorlik bilan bag`riga bosdi.
Alan amaki chumchuqlar nima yeydi?
Uni boqish qiyin emas, qushlar uchun maxsus don bersang bo`ladi. Yana mayda hasharotlar ha
m berib tur. Shunda u bir necha kunda kuchga kirib uchib ketadi.