— Iltimos, Miss Braun, menga o'zingiz haqingizda ko'proq gapirib bering.
— Allaqachon hamma narsani bilib bo'ldingiz-ku.
— O'zingiz qanday odam ekaningizni sizning og'zingizdan eshitmoqchiman.
“— Nimani aytay? Girt telbaligimnimi — hech kimni, hech qachon sevmaganimni aytaymi? Umr bo'yi faqat insonlardan foydalanganimni, birorta ham sof his-tuyg'uni tuymaganimni aytaymi? Faqat o'zim uchun yashaganimni, manfaatlarim yo'lida hech narsadan qaytmasligimni aytaymi? Yoki hayotim faqat tubsiz zulmatdan iboratligini — bu ajoyib zulmat, atrofingdagi hamma narsa shunchaki qorong'i, hech narsani ko'rmaysan, his qilmaysan, faqat bo'shliq va haqiqiy erkinlik... ha, ana shu menga kuch beradi.
Nimani yoqtiraman, deysizmi? Men faqat qonni yoqtiraman. Ha — inson tanasida tinimsiz, asta-sekin oqib yuradigan qonni. Uning hidi shunchalik ajoyibki, men uni har doim sezib turaman. Uning rangi o'zi ham odamni shunchalik tortadiki, hech bir narkotik unga teng kelolmaydi. Qonning tafti, issiqligi meni o'ziga shunchalar tortadiki, ba'zida o'zimni qon-so'rar bir maxluqdek tasavvur qilaman.
Tami-ku... tami aytmaysizmi? Dunyodagi hech bir sharob, hech bir sharbat unga teng emas. Ichgan sari ichgim kelaveradi. Ba'zida bu hissiyot shunchalar kuchli bo'ladiki — nafaqat o'zimni, balki atrofimdagi odamlarning tomirlarida, tanalarida oqayotgan qonni ham his qilib, eshitib turaman. Yurak filtridan o'tayotgan qonning ovozini, jigardan chiqayotgan yangi qonning taftini his qilaman — o'sha qonni chiqarib olgim keladi. Haqiqiy zavqni men aynan shundan olaman.
Shunday paytlar bo'ladiki, shu tamni his qilish uchun hamma narsaga tayyor bo'lib qolaman — o'z tomirimni kesib, uni ichishga ham. Jinnilik, bilaman. Lekin men og'riqdan kuch olaman — u meni yanada kuchaytiradi. Inson zoti men uchun shunchaki o'yinchoq. Aslida menga hech kim yaqin bo'lmagan, bo'lmaydi ham — men hech qachon buni his qila olmayman. Axir, o'zingiz aytganingizdek, men psixopatman. "Men hech narsadan qo'rqmayman" — deyishim kerak edi... lekin...”
— Javob berasizmi, Miss Braun?
— Nima deyishni ham bilmayapman, xonim.
— Shunchaki borini ayting.
— Men hayotda oddiy narsalardan ham zavq oladigan, lekin mukammallikka intiladigan, adashgan bir qizman. Bu xatoyim hayotimni o'zgartirdi — endi hayotga pushti ko'zoynak bilan qarashni bas qildim. Ayni damda esa men shunchaki hayotimni yangidan boshlamoqchi bo'lgan bir qizman.
— “Lekin siz haqiqatni aytmadingiz-ku. Axir bir oz oldin o'zingiz "men psixopatman" dedingiz.”
— Kechirasiz, nima?
— Haqiqatni aytganingiz uchun rahmat demoqchi edim.
— Ha, rahmat.
— Sizni yana yaxshi holatda ko'rganimdan xursandman, va bu bizning oxirgi darsimiz edi.
— Minnatdorman, xonim.
— Omad tilayman.
*
Men nihoyat ozodlikdaman. Ha — insonlarning yurak urishini eshitish ajoyib. Pushti ko'zoynakli maxluq esa yana bir tajriba yig'ib qaytdi.