I BOB
Fevral kuni
2023-yil tugab, 2024-yil kirib kelganiga hali ko‘p bo‘lmagan. Fevral oyi edi. Qishning sovug‘i hali sezilib turar, maktab hovlisidagi daraxtlar yaproqsiz holda sokin turardi.
U paytda u o‘ninchi sinfda o‘qirdi.
Maktabda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbirga tayyorgarlik ketayotgan edi. Sinfdoshi Lilya bilan raqs tayyorlashlari kerak edi. Buning uchun musiqa qo‘yish zarur, ammo ikkalasining ham telefoni yo‘q edi.
O‘sha paytda sinfdosh o‘g‘il bolalar jismoniy tarbiya darsiga chiqib ketishgan. Shuning uchun u Lilya bilan birga ular bilan bir qavatda o‘qiydigan to‘qqizinchi sinf o‘quvchilarining oldiga borishdi.
Ularning orasida o‘zlariga tengdosh uch nafar bola bor edi. Ulardan birining telefonini keyingi darsgacha ishlatib turishga ruxsat so‘rashdi. Bola rozi bo‘lib, telefonini berib turdi.
Telefonni olib, sinfxonaga qaytishdi. Kerakli musiqani qo‘yib, raqsni mashq qilishdi.
Kelishilgan vaqt o‘tgach, telefon egasi uni olib ketish uchun sinfxonaga keldi. Telefonini qaytarib berishdi. Keyin Instagramda bir-birlarini kuzata boshlashdi. Shu paytda qiz uning ismi Yusuf ekanini bilib oldi.
Shu bilan har kim o‘z hayoti bilan yashashda davom etdi.
Ammo qiz uchun fevral va mart oylari boshqalarnikidek oddiy o‘tmayotgan edi.
Tashqaridan qaraganda u hamon maktabga boradigan, darslarda o‘tiradigan, dugonasi bilan gaplashadigan oddiy o‘quvchi. Ammo ichida hammasi boshqacha edi. Oiladagi kelishmovchiliklar, yig‘ilib qolgan tashvishlar va doimiy bosim uni kundan-kunga holdan toydirardi.
Buning ustiga, maktabdan keyingi kunlari ham ancha band o‘tardi. U kimyo va biologiya fanlaridan repetitorga qatnardi. Bir tomonda maktabdagi darslar, ikkinchi tomonda repetitorlik mashg‘ulotlari, uyda esa tinmaydigan o‘ylar...
Kunlar bir-biriga o‘xshab borardi.
Ba’zan u darsda o‘tirgan bo‘lsa ham, xayoli butunlay boshqa joyda bo‘lardi. Kitob yoki daftar ochiq, qo‘lida ruchka, ko‘zlari esa satrlarda. Ammo o‘qiganlari xotirasida qolmasdi. O‘qishga harakat qilardi, chunki oldinda maqsadlari bor edi. Shunchaki o‘sha paytda ichidagi og‘irlik bilan birga harakat qilish tobora qiyinlashib borardi.
Uyga qaytgach esa kunning charchog‘i ustiga yana oilaviy muammolar qo‘shilardi. Ba’zan odamga hech qanday katta voqea kerak emas — ichida yig‘ilib qolgan mayda tashvishlarning o‘zi ham yetarlicha og‘irlik qiladi.
Qiz ham shunday kunlarni boshidan kechirardi.
U kulishi mumkin edi. Odamlar bilan odatdagidek gaplashishi ham mumkin. Lekin ichidagi holatni hech kim to‘liq bilmasdi.
Shu sababli u asta-sekin o‘z qobig‘iga kirib bordi. Instagramdan uzoqlashdi, ko‘pchilik bilan muloqotni kamaytirdi. O‘ziga berilib yashay boshladi.
Bir kuni, aniq qaysi kun ekanini hozir eslay olmaydi, Instagramdagi holatini Yusuf ko‘rib qoldi. U qizdan nima bo‘lganini so‘rab yozdi.
— Nima bo‘ldi?
Qiz xabarni ko‘rdi. Ekranga bir muddat tikilib turdi. Javob berishga ham hafsalasi yo‘q edi. O‘sha paytda oddiy bir savolga javob berishning o‘zi ham ortiqcha kuch talab qilayotgandek tuyulardi.
Oxiri qisqagina yozdi:
— Vaqti kelsa, bilib olarsan.
Shu bilan telefonini chetga qo‘ydi.
U bu xabar ortida qancha gap, qancha og‘irlik borligini tushuntirishga urinmadi. Balki o‘zi ham bularning hammasini so‘z bilan ifodalashga qiynalardi.
Vaqt o‘tishi bilan og‘ir kunlar asta-sekin ortda qola boshladi. Qiz ham sekin-asta o‘ziga kelib, yana Instagramga qaytdi. O‘sha paytlarda turli statuslar va videolar joylab yurardi.
Bir kuni o‘zi joylagan videoni Yusufning hikoyasiga ham qo‘yib berishini so‘rab yozdi:
— Shu videoni storyingga qo‘yib berasanmi?
Yusuf unga javoban:
— Sizni nima deb qo‘yay?
Qiz ko‘p o‘ylamay:
— Nima deb qo‘ysang ham mayli, — deb yozdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Yusuf videoni o‘z hikoyasiga joyladi. Videoning ustiga esa:
“O‘zga sayyoralik qizdan yangi post”
— deb yozib qo‘ygandi.
Qiz bu yozuvni ko‘rib, beixtiyor kulib yubordi. Ularning ilk suhbatlari jiddiy mavzudan emas, aynan shunday oddiy va biroz kulgili yozishmadan boshlangan edi.